Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muhitdinov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi Muhammadzokir Mamatxonov, “Saned” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Omar Eyza Muhammad Zamzam al-Ali, “AS Unique Human Resourses” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Abdul Samad va boshqalar ishtirok etgan uchrashuvda Oʻzbekiston hududida kasb-hunar oʻquv kurslari tashkil etish, fuqarolarni BAAga ishga jalb qilish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimizda xavfsiz, uyushgan va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish, fuqarolarni kasb-hunar va chet tiliga oʻqitish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
BAA tomoni yil oxiriga qadar “Saned” kompaniyasi 1500 ta xorijiy fuqaroni ishga yollashni rejalashtirayotganini taʼkidladi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad BAAda Oʻzbekiston fuqarolari orasidan “xavfsizlik qoʻriqchilari” vakansiyasi uchun quyidagi shartlar asosida tanlash va ishga yollash ekanligi maʼlum qilindi.
Unga koʻra, fuqarolar davlat muassasalarini qoʻriqlash ishlariga jalb etiladi, oylik ish haqi 1600 dirhamni (taxminan 435 AQSH dollari) tashkil etadi, ish beruvchi yashash joyi, tibbiy va baxtsiz hodisalardan sugʻurtalashni amalga oshiradi, aviachipta, hujjatlarni rasmiylashtirish, xavfsizlik va mehnat faoliyati uchun litsenziyalar bilan taʼminlaydi.
Talabgorlardan esa 21 yoshdan 38 yoshgacha boʻlgan erkaklar, asosan ingliz tilini bilish (smena davomida biror bir holat yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilida yozma ravishda xabardor qilish imkoniyatiga ega boʻlish), kasbiy (tasdiqlangan) mahorat yoki ish tajribasining mavjudligi talab qilinadi.
Muzokaralar yakunida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tanlovlar tashkil etish, nomzodlarni tanlash va barcha zarur choralarni koʻrish boʻyicha kelishuvga erishildi. Oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston hududida BAA kompaniyalari professional oʻquv markazlarini tashkil qilish, jumladan, ushbu markazni Namanganda ochish imkoniyatini koʻrib chiqishga kelishib olindi.









