Inson qalbi ham shunday: ba'zan u qish kabi sokin, hatto so'nganday tuyuladi. Ammo bahor kelishi bilan yurakdagi muzlar erib, orzular yana bosh ko'taradi. Bahor – bu faqat fasl emas, bu – yangilanish, poklanish, umid va muhabbat nashidasidir.
Bahor boshqacha – go'zal va suluv fasl. Shoirona tilda aytganda, fasllar malikasi, kelinchagi! Olamning barcha ranglarini faqat ko'klamda ko'ramiz. Bahorning ilk nafasi bilan atrofga gullar ifori, tuproqning nam hidi, quyoshning iliq tabassumi taraladi. Daraxt shoxlarida g'unchalar titrab ochiladi, qushlar yana qo'shiq ayta boshlaydi. Go'yo butun olam bir vaqtda uyg'onib, “Yasha!” deya qichqirayotgandek. Ana shunday ulug' faslning ilk oyi esa ayniqsa o'zgacha. Unda ma'naviyat, mehr, qadriyat va iymon mujassamdek.
Bahor O'zbekiston uchun qadriyatlar uyg'unlashgan bir qator bayramlarga serob oy. Har bir bayram davlat miqyosida, hukumat darajasida nishonlanadi. Xalqimizning bayramlarni keng, emin-erkin, ko'tarinki ruhda o'tkazishi uchun Prezidentimizning qarorlari qabul qilinadi, unga ko'ra dam olish kunlari belgilanadi. Ko'cha, maydon, hiyobonlarda sayllar, tamoshalar, ko'rik-tanlovlar, badiiy kechalar tashkil etiladi.
Bahorning ilk kuni – 1-mart. Bu kun nafaqat tabiat uyg'onishining, balki adabiyot va ma'naviyat bayramining ham boshlanishidir. Chunki bu sanada o'zbek she'riyatining nozik va samimiy qalam sohibi, O'zbekiston xalq shoiri – Zulfiya tavallud topgan.
Zulfiya Isroilova – u nafaqat shoira, balki ayol qalbining nozik tarjimoni, vafo va sadoqat timsoli, mehr va matonat kuychisidir. Uning she'rlarida bahor nafasi, ona mehri, muhabbat va vafo mujassam. Zulfiya ijodida ayol ruhiyatining eng nozik jihatlari, hayotning og'ir sinovlari va shu bilan birga so'nmas umid yorqin ifoda topgan.
Har yili 1-mart kuni yurtimizda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalari taqdirlanadi. Bu mukofot – faqatgina yutuq emas, balki yuksak ishonch, e'tirof va mas'uliyat ramzidir. U yosh qizlarni bilimli, jasur, vatanparvar bo'lishga chorlaydi. Zulfiya nomi – ma'naviyat maktabi, ibrat namunasi.
Zulfiya she'rlaridagi bahor – bu faqat tabiat bahori emas, bu – qalb bahori. Shu bois 1-mart kuni nafaqat shoirani eslash, balki qalbimizning go'zallikka chanqoq tomonlarini uyg'otish kunidir desak mubolag'a bo'lmaydi.
8 mart – mehr va ehtirom bayrami. Bu kunda ona, opa-singil, rafiqa, ustoz va qiz farzandlarga ehtirom izhor etiladi. Shu kuni yurtimizda “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan keng miqyosda bayramlar, konsert dasturlari tashkil etiladi. Zero, ayol – hayot manbai, muhabbat timsoli, fidoiylik namunasi, tarbiya va sabr maktabidir.
Ayol bor joyda fayz bor. Uning tabassumi har bir xonadonni yoritadi, nozik qo'llari esa dunyo beshigini tebratadi. Ona qalbi – osmondek keng, bahordek beg'ubor, quyosh taftidek qaynoq. Shuning uchun 8-mart kuni ayollarimizga bo'lgan ehtirom yana bir karra yuksak so'zlar bilan ifoda etiladi.
Bu bayram nafaqat tabriklar, gullar va sovg'alar kuni, balki ayollarning jamiyatdagi o'rnini anglash, ularning mehnatini qadrlash kunidir.
Asrlar davomida e'zozlab kelinayotgan, BMT tarafidan xalqaro bayram sifatida e'tirof etilgan Navro'z – Yilboshini mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan o'zgarish va yangilanishlar jarayoniga uyg'un va hamohang tarzda yuksak saviyada o'tkazishga har qachongidan ham o'zgacha shukuhda tayyorgarlik ko'riladi.
21-mart, Navro'z – borliq muvozanati va inson qalbining yangilanishi. 21-mart… Tabiat taqvimining oddiy bir kuni emas, balki koinot nafas oladigan, zamin yuragi urayotgan palladir. Shu kuni tun va kun tenglashadi. Go'yo borliq tarozisi muvozanatga kelib, nur va zulmat o'rtasida adolat qaror topadi. Bu tenglik – faqat astronomik hodisa emas, balki hayotning chuqur falsafasidir. Va Navro'z, avvalo tinchlik, sihat-salomatlikni qadrlab, asrab-avaylab yashashga da'vat etadi.
Inson umri ham shu kabi muvozanat izlaydi: qayg'u bilan quvonch, yo'qotish bilan topish, sukut bilan so'z o'rtasidagi nozik tenglikni. Navro'z ana shu ichki muvozanatni esga soladi. U insonga: “Qalbingni ham tenglashtir, nafsingni tarbiyala, ko'nglingni pokla”, deya murojaat qiladi.
Qish – sinov fasli. U tabiatni sabrga o'rgatadi. Daraxtlar bargsiz qoladi, yer muzlaydi, suvlar tinib qoladi. Ammo hayot yo'qolmaydi. U ichkarida, chuqurda, ko'rinmas holda yashaydi. Navro'z esa ana shu yashirin hayotning yuzaga chiqishidir. Bir g'uncha ochilishi – bu butun olamning “Men tirikman!” degan nidosidir.
21-mart tongida quyosh go'yo odatdagidan boshqacha nur taratadi. Uning nurida go'zallik, nafislik va umid shu'lalari jilvalanadi. Shamol doimgidan iliq esadi, yer esa sokin nafas oladi. Bu tong inson qalbiga ham o'zgacha sehri ila kirib boradi. Chunki Navro'z – faqat tabiatning emas, inson ruhining ham uyg'onishidir. U – birdamlik. U – bag'rikenglik. U – yasharish demakdir.
Navro'z bizga kechirimli bo'lishni o'rgatadi. Qishda yig'ilgan g'uborlarni yuvishni, ko'ngillarni tozalashni, arazlarni unutish lozimligini eslatadi. Har bir yangi barg – yangi imkoniyat, har bir gul – yangi orzu, har bir quyoshli kun – yangi sahifa sifatida o'z kitobini yoza boshlaydi.
Tun va kun tenglashgani kabi, inson ham o'z hayotida adolat va insofni ustuvor qilishi kerak. Chunki muvozanatsiz hayot – tartibsizlikdir. Navro'z esa tartib va uyg'unlik bayrami. U bizga tabiat bilan hamohang yashashni, zaminni asrashni, bir-birimizga mehr ko'rsatishni o'rgatadi.
Bu kun doshqozonlarda sumalaklar qaynaydi. Yurtimizda ushbu kun o'zgacha nishonlanadi. Bayram munosabati bilan ta'til beriladi. Bu kun sumalak atrofida yig'ilgan ayollar qo'shig'ida, bolalar kulgusida, keksalar duosida – Navro'zning haqiqiy mohiyati yashaydi. Qalbingda bahor boshlangan kun – sen uchun Navro'zdir. Agar yuragingda umid uyg'onsa, agar ko'nglingda nur paydo bo'lsa, demak sening ichiңda ham tun va kun tenglashdi.
Zero, Navro'z – zaminning tabassumi. Va inson shu tabassumga munosib yashamog'i kerak.
Bu yilgi bahorni yanada fayzli va barakali qilayotgan omil – Ramazon oyining shu faslga to'g'ri kelishi. Ramazon – sabr, shukr va tavba oyi. Bu oyda inson nafsini tarbiyalaydi, muhtojlarga yordam qiladi, qalbini gunohlardan poklaydi.
Ro'za – faqat och qolish emas, balki ko'zni yomonlikdan, tilni g'iybatdan, qalbni hasaddan asrashdir. Iftor paytidagi duolar, saharlikdagi sukunat – insonni Allohga yaqinlashtiradi.
Ramazon – bu sabr bilan sug'orilgan bog'dagi daraxtning gullashi, ibodat bilan charxlangan qalbning yorug' tantanasidir. Bir oy davomida nafsini tarbiyalagan, ruhini poklagan inson uchun hayit – bu shukrona, ma'naviy yuksalish demakdir.
Bu kunda yangi libos kiyish odat emas, balki yangilanish ramzidir. Go'yo inson faqat tashqi kiyimini emas, balki qalbiga ham poklik libosini kiyganday bo'ladi. ertalabki hayit namoziga oshiqqan odamlar qadamlarida shukr, chehralarida nur jilva qiladi. Masjidlardan taralgan duo va takbirlar olamni ezgulikka chorlayotgandek tuyuladi.
Hayit – kechirim va bag'rikenglikning yuksak maktabi. Bir oy davomida inson nafsi bilan kurashgan bo'lsa, bu kunda u qalbidagi g'uborlarni ham yuvib tashlaydi. Arazlar unutiladi, dillar yarashadi, qo'llar qo'lga tutashadi. Chunki haqiqiy hayit – bu nafs ustidan, g'azab ustidan, kibr ustidan qozonilgan g'alabadir.
Shuningdek, yoshi ulug'lar, yaqin qarindoshlar holidan xabar olinadi. Ularga meg'r-muruvvat ko'rsatiladi.
Bahorning ilk oyi – ma'naviyat va qadriyatlar oyidir. Unda she'riyat bor, ayolga ehtirom bor, tabiat tantanasi bor, iymon va shukr bor. Bahor – bu inson ruhiyatining qayta tirilishi demakdir.
Bu yilgi bahor ayniqsa muborak: u she'riyat bilan boshlanib, mehr bilan davom etib, yangilanish bilan gullab, iymon va shukrona bilan bezalmoqda.
Bahor keldi. Tabiat go'zallashdi. Eng muhimi – qalblar go'zallashsin. Chunki haqiqiy bahor inson yuragida boshlanadi.
Zulxumor Akbarova