Bahorning bir kuni yilni boqadi

    Toshkent viloyatida, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oʻgʻil-qizlarning 900 nafardan ortigʻiga 30 sotixdan 50 sotixgacha yer maydonlari ajratib berildi.

    Bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich tumandagi barcha mahallalarni qamrab olmoqda. Misol uchun, Oqqoʻrgʻon tumanida 220 nafar, Bekobod tumanida 213 nafar yoshga dehqonchilik uchun e-auksion platformasi orqali yer ajratib berildi.

    – Oqqoʻrgʻon tumani «Guliston» mahallasida yashayman. Yoshim 29 da. Ishsiz edim. Yer ajratilganidan xursandman, – deydi Adhambek Sultonov. – Qizil loviya ekmoqchiman. 40 sotix joydan yiliga ikki marta hosil olish rejam bor. 20-30 million soʻm daromad olishni moʻljallayapman. Mutasaddi rahbarga katta rahmat.

    Ayni paytda dalada ish qizgʻin boʻlib, koʻzlarida ertangi kunga ishonch aks etgan yigit-qizlarning faolligini koʻrish mumkin. Berilgan imkoniyatdan samarali foydalanib, daromad olish maqsadida turli sabzavot koʻchatlari va urugʻlarini yerga qadashmoqda. Zero, bugungi samarali mehnat ertangi moʻl hosil garovidir.