“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar qanday ko'mak oladi?

    Keyingi avlod 28 Sentabr 2023 2029

    Joriy yil boshidan “Yoshlar daftari”ga kirish uchun 360 436 ta onlayn murojaat kelib tushgan.

    Shundan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 340 440 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 243 591 nafariga amaliy yordam ko'rsatildi. Bu yordam nimalardan iborat bo'ldi?

    Xususan, ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj 14 187 nafar yoshlarga 36,2 mlrd so'mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratilib, o'z hududlarida doimiy ish bilan ta'minlandi.

    Misol uchun:

    –Farg'ona viloyati, Farg'ona shahrida yashovchi Mirzaaxmedov Xusanjon erkinjon o'g'liga akfa rom ishlab chiqarish bo'yicha faoliyatini yo'lga qo'yish uchun 12 mln so'mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratildi. Hozirgi kunda o'z honadonida 4 nafar yoshning bandligini ta'minlab, oylik 5-10 mln so'm daromad olmoqda.

    –Toshkent viloyati, Zangiota tumanida yashovchi Intimoqov Nazar Xasan o'g'liga o'z tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishi uchun komp`yuter jamlanmasi olib berilgan. Bugungi kunda u avtomobillarning yaroqsiz shinalaridan bolalar uchun o'yinchoqlar va ko'rgazma qurollari yasash faoliyatini yo'lga qo'yib, ayni vaqtda oylik 7-8 mln so'm daromad olishga erishmoqda.

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj 40 mingdan ortiq yoshlarga 107,4 mlrd so'm miqdorda to'lov-shartnoma xarajatlari qoplab berilib, ta'limni davom ettirish imkoniyati yaratildi.

    Misol uchun: Farg'ona viloyati, Rishton tumanida yashovchi Obidjonov Shavkatjon Olimjon o'g'li (onast vafot etgan, yarim etim) Toshkent davlat texnika universiteti talabasi. “Yoshlar daftari”ga to'lov-kontrakt mablag'larini to'lashda yordam so'rab kiritilgan. “Yoshlar daftari” jamg'armasi mablag'lari hisobidan 2022 yilda 1 mln 600 ming so'm, 2023 yilda esa 2 mln so'm “to'lov kontrakt” mablag'lari to'lab berilgan.

    Bugungi kunda o'qishni muvaffaqiyatli tugatib Rishton tuman investitsiyalar va tashqi savdo bo'limida ish faoliyatini boshladi.

    Davolanishga ehtiyoji mavjud 26 519 nafar yoshlarga xorij va yurtimizdagi shifoxonalarda davolanishlari va zaruriy dori-darmonlari xaridi uchun 26,2 mlrd so'm sarflandi.

    Misol uchun:

    Toshkent shahri, Shaxontohur tumani “Yangi Jarariq” mahallasida istiqomat qiluvchi Ergasheva Dildora Abdulboqiy qizi “Bolalar serebral falaji (DTSP)” tashxisi bilan davolanish uchun “Yoshlar daftari”ga kiritilib, “Yoshlar daftari” jamg'armasi mablag'lari hisobidan “Medion Family Group” klinikasida davolanishi uchug 14 mln so'm miqdorida davolanish xarajatlari qoplab berilgan.

    –Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida yashovchi Xaydarova Muxtasar Azamjon qizi “Og'ir buyrak etishmovchiligi” tashxisi bilan davolanish maqsadida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Bugungi kunda “Yoshlar daftari” jamg'armasidan 15 mln so'm mablag' ajratilib, operatsiya qilinib sog'lom hayotga qaytishiga ko'maklashildi.

    Doimiy ish o'rniga ega bo'lmagan 6 438 nafar yoshlarga 28,5 mlrd so'm miqdorda harbiy xizmat badali qoplab berilib, bandligi ta'minlandi.

    Kam ta'minlangan, nogiron va og'ir xayotiy vaziyatdagi 18 838 nafar yoshlarga 22,8 mlrd so'm miqdorda zaruriy moliyaviy ko'mak ko'rsatildi va qariyib 19 ming nafar yoshlarning ijtimoiy ahvoli yaxshilanishiga erishildi.

    Zamonaviy kasblarni egallashga hamda xorijiy tillarni o'rganishga qiziquvchi 3 024 nafar yoshlarga 12,3 mlrd so'm ajratildi. Ular “Veb-dasturlash”, “Dizayn”, “Modeling”, “Veb ilovalar yaratuvchisi” kabi kasblarga o'qitildi.

    Misol uchun:

    – Xorazm viloyati, Bog'ot tumani Tozabozor mahallasida yashovchi Qalandarov Boymirza Xaydarbek o'g'liga “Yoshlar daftari” jamg'armasi mablag'lari hisobidan “DATA-UNION” o'quv markazida “Arxitektura va dizayn” yo'nalishida o'qishi uchun 2,3 mln so'm o'qish xarajatlari qoplab berilgan. Bugungi kunda “3DMAX” yo'nalishida frilanserlik faoliyatini amalga oshirib oylik 3-4 mln so'm daromad qilmoqda.

    – Samarqand viloyati, Samarqand tumani Ohalik mahallasida yashovchi Djurakulov Asilbek Uktamovich “Yoshlar daftari”ga “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida kiritilib, “SMM-social media marketing” yo'nalishida ta'lim olishi uchun 1,8 mln so'm subsidiya ajratilgan. Bugungi kunda frilanserlik faoliyatini amalga oshirish orqali oyiga 3.5-4 mln so'm daromad topmoqda.

    Yoshlarning haydovchilik kurslari xarajatlari uchun 3,1 mlrd so'm mablag' sarflanib, 3 379 nafar yoshlarga o'z hududida haydovchilik faoliyatini yo'lga qo'yishiga, shu orqali o'zini-o'zi band qilishiga ko'maklashildi.

    O'quvchi yoshlarning ilm-fan, madaniyat, san'at va sport bo'yicha to'garaklar xarajatlari uchun 3,2 mlrd so'm ajratildi. O'quv kurslarida 4 049 nafar yoshlar qatnashdi.

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj, birinchi marta pasport oluvchi 4 139 nafar yoshlarga 1,1 mlrd so'm miqdorda fuqarolik pasporti olish badali qoplab berildi.

    Iqtidori, salohiyati yuqori 1 509 nafar yoshlarga 1,5 mlrd so'm ajratilib, ularning mahalliy va xalqaro darajadagi olimpiada, tanlov va musobaqalarda ishtiroki ta'minlandi.

    Uy-joyga ehtiyoji bo'lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 746 nafar yosh oilaga 1,5 mlrd so'm miqdorda 1 yillik turar-joy ijara xarajatlari qoplab berildi.

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj 4 340 nafar yoshlarga 488 mln so'm ajratilib, ular mamlakatimizdagi turizm ob'ektlariga sayohatlarga yuborildi.

    Sifatli ta'lim uchun zamin yaratish maqsadida ijtimoiy himoyaga muhtoj 1 188 nafar o'quvchi yoshlarga 100 mln so'mlik maktab formasi hamda o'quv qurollari ajratildi.

    Kasb-hunar egallashga ishtiyoqi yuqori 1 195 nafar yoshlarni kasb-hunarga o'qitish uchun 807 mln so'm ajratilib, ularning doimiy daromad manbaiga ega bo'lishiga erishildi.

    Dehqonchilik va tomorqa xo'jaligini yuritish bilan shug'ullanayotgan 582 nafar yoshlarga 807 mln so'mlik urug'lik va ko'chatlar xaridi uchun subsidiya ajratilib, har birining 5-10 mln so'mgacha sof daromad olishlariga ko'maklashildi.

    Yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tanlov va tadbirlarni mahalla-sektor-tuman-hudud darajasida tashkil etish uchun 41,1 mlrd so'm ajratilib, loyihalar doirasida 5,5 mln nafar yoshlar qamrab olindi.

    Tuman, shaharlardagi kutubxonalarning kitob fondini boyitish va sport maydonchalariga yangi zamonaviy jihozlar ajratish uchun 2,9 mlrd so'm yo'naltirildi.

    Yoshlarning individual muammolarini o'rganish natijasida aniqlangan ehtiyojlaridan kelib chiqib, 100 mingdan ortiq yoshlarga turli zaruriy yordamlar ko'rsatildi.

    Davlatning alohida ko'magiga muhtoj “Og'ir” toifadagi yoshlar bilan ishlash bo'yicha:

    2023 yilda har bir mahallada yoshlarning balansi shakllantirildi, bu orqali 9 million nafar yoshlar 3 toifaga ajratilib (396 ming - “og'ir”, 4,8 mln - “o'rta”, 4,2 mln - “yaxshi”), ular bilan individual ishlash tizimi joriy etildi;

    Davlat rahbarining 11 aprel kungi videoselektor yig'ilishlaridan kelib chiqib davlatning alohida ko'magiga muhtoj “og'ir” toifadagi 396 ming nafar yoshlar 6 755 nafar rahbarlar (vazirlik, idora, tashkilot rahbarlari, viloyat tuman sektor rahbarlari boshqarma va bo'lim boshliqlari, harbiy qism komandirlari)ga biriktirildi.

    Amalga oshirilgan chora-tadbirlar 146 mingi toifadan chiqarildi, 249 ming nafar yoshlardan 176 mingta muammolar aniqlanib, ularning 166 mingtasi (93 foizi) hal etildi. “Og'ir” toifadagi jami yoshlardan 65 225 nafarida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar aniqlanmagan. Muddat talab etadigan masalalar soni 12 621 tani tashkil etmoqda.

    Ma'lumot uchun: 33 nafar vazirlik, idora va tashkilot rahbarlariga 1 270 nafar, ularning 101 nafar o'rinbosarlariga 3 030 nafar yoshlar biriktirilgan.

    O'tgan davr mobaynida “Og'ir” toifadagi yoshlarning, 9 876 nafar yoshlar ishga joylashtirildi, 13 524 nafariga ekin maydonlari ajratildi, 4 881 nafariga imtiyozli kreditlar ajratildi, 5 191 nafari kasb-hunarga o'qitilmoqda, 9 072 nafariga asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratildi, 2 467 nafar yoshlarga to'lov-kontrakt mablag'lari to'lab berildi, 2 195 nafari ilm-fan sohalari bo'yicha turli to'garaklarda o'qitilmoqda, 23 881 nafariga bir martalik moddiy yordam berildi, 26 084 nafarining davolanishiga ko'maklashildi, 2 388 nafariga nogironlar reabilitatsiya texnik anjomlari taqdim etildi, 850 nafariga uy ta'mirida ko'maklashilgan bo'lsa, 65 730 nafar yoshlarga boshqa turdagi zaruriy yordamlar ko'rsatildi.

    Misol uchun:

    –Toshkent shahri, Sergeli tumani, “Eski Jaloyir” mahallasida yashovchi probatsiya nazoratiga olingan Abdurafiqov Tohirjon Abdumalik o'g'li Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri (H.Umarova)ga biriktirilgan. Yosh bilan suhbatlashilganda avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish ishini yo'lga qo'yish uchun yordam so'ragan. Biriktirilgan mas'ul rahbar (Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri H.Umarova) tomonidan yoshga 11 mln so'mlik avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish anjomlari taqdim etilgan. Bugungi kunda ushbu yosh o'z tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yib haftasiga 10-12 tagacha avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatib,oyiga 10 mln so'm sof daromad topmoqda;

    Andijon viloyati, Andijon shahri Bunyodkor mahallasida yashovchi probatsiya nazoratidagi yosh Mirzaxanov Temur Botir o'g'li Andijon viloyati hokimi (Sh.Abdurahmonov)ga biriktirilgan. 2023 yil 15 may kuni viloyat hokimi bilan uchrashib uy muammosi borligini ma'lum qilgan. Yoshga Yangi Andijon massividan 3 xonali uy berilgan. Bugungi kunda Mirzaxanov Temur oilasi bilan ushbu xonadonda istiqomat qilib, “Biotex” MCHJda ishchi sifatida ishlab 2-2,5 mln so'm daromad topmoqda;

    Jizzax viloyati, Baxmal tumani “Do'stlik” mahallasida yashovchi nogironligi bo'lgan yosh Halilova Marjona Olim qizi viloyat Adliya boshqarmasi boshlig'i (A.ergashev)ga biriktirilan. Yoshning muammosi o'rganilganda tikuv mashinasiga ehtiyoji mavjudligi aniqlanib, unga biriktirilgan mas'ul xomiyligi asosida tikuv mashinasi taqdim etilgan. Bugungi kunda ayollar va yosh bolalar kiyimlarini tikish orqali oyiga o'rtacha 2 mln so'm daromad topmoqda;

    –Namangan viloyati, Namangan shahri “Ozod” mahallasida yashovchi nogironligi bo'lgan yosh Maxmudov Davron Raximjon o'g'li Namangan muxandislik texnologiya instituti rektori (O.Mamatkarimov)ga biriktirilgan. Yosh bilan suhbatlashilganda sartaroshlik hunarini egallaganligi, biroq bugungi kunda iqstisodiy imkoniyati cheklanganligi sababli zaruriy asbob-uskunalari mavjud emaligini bildirgan. Biriktirilgan mas'ul tomonidan yoshga 7 mln so'mlik sartaroshlik asbob-uskunalari berilib, faoliyat yuritishi uchun mahalla hududidan joy topib berilgan. Bugungi kunda sartaroshlik faoliyati bilan shug'ullanib oyiga o'rtacha 3 mln so'm daromad topmoqda.