Shundan soʻng Prezidentlikka nomzod soʻzga chiqib oʻzining saylovoldi dasturi haqida maʼlumot berdi.

Inson mudom adolat sari intiladi. Adolat tamoyili asrlar davomida ota-bobolarimiz hayotiy falsafasining oʻzagi boʻlib kelgan. Zero, adolat aqidasi har qanday jamiyatning mustahkam maʼnaviy-huquqiy poydevori hisoblanadi. 

Xalqimiz barcha narsadan ustun qoʻyadigan adolat aqidasini hayotimizda yanada keng qaror toptirish eng birlamchi vazifamizdir. Negaki, adolat hukm surgan jamiyatda tinchlik, bagʻrikenglik hukm suradi, xalqning davlat siyosatiga boʻlgan ishonch-eʼtiqodi ortadi, fuqarolarning Vatan kelajagiga daxldorlik tuygʻusi yuksaladi.

Yangilanayotgan mamlakatimiz siyosiy maydonida xalqchil gʻoyalari bilan oʻz nufuziga ega boʻlgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizda Vatanga muhabbat tuygʻusini yuksaltirish, huquqiy madaniyatni oshirish va adolatli jamiyat va adolatparvar davlat qurishni oʻzining bosh maqsadi deb biladi.

Fuqarolar, ayniqsa, ayollar va bolalar huquq-manfaatlarini kafolatlash, jamiyatda adolat ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni jadallashtirish, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, aholining zaif toifalarini alohida himoya qilish, ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish partiya faoliyatining muhim yoʻnalishlari sirasiga kiradi.

Saylovchilarga oʻz dasturimizni partiyamizning oʻz oldiga qoʻygan maqsad vazifalaridan kelib chiqqan va jamiyatda mavjud muammolarni teran anglagan va “hech kim eʼtibordan chetda qolmasligi kerak”, degan aqidaga qatʼiy amal qilgan holda taklif etmoqdamiz.

Siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar hamda boshqa sohalardagi islohot va yangilanishlarni izchil davom ettirishni bosh maqsadimiz, deb bilamiz, – dedi Bahrom Abduhalimov.

Erkin va ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan tadbirda saylovchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan nomzodga murojaat qildi. Ularning savollariga batafsil javob berildi.