Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov: “Adolat aqidasi har qanday jamiyatning mustahkam ma’naviy-huquqiy poydevori hisoblanadi”

    Saylov 15 Oktabr 2021 672

    “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Bahrom Abduhalimov Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida videokonferensaloqa tarzida Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

    Uchrashuvda deputatlar, partiya faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy va yoshlar ishtirok etmoqda.

    Nomzodning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili M.Bobobekova saylovchilarni B.Abduhalimovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

    Prezidentlikka nomzod uchrashuv qatnashchilarini Saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.

    – Inson mudom adolat sari intiladi – dedi B.Abduhalimov. – Adolat tamoyili asrlar davomida ota-bobolarimiz hayotiy falsafasining o‘zagi bo‘lib kelgan.

    Zero, adolat aqidasi har qanday jamiyatning mustahkam ma’naviy-huquqiy poydevori hisoblanadi.

    Xalqimiz barcha narsadan ustun qo‘yadigan adolat aqidasini hayotimizda yanada keng qaror toptirish eng birlamchi vazifamizdir. Adolat hukm surgan jamiyatda tinchlik, bag‘rikenglik hukm suradi, xalqning davlat siyosatiga bo‘lgan ishonch-e’tiqodi ortadi, fuqarolarning Vatan kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuksaladi.

    Nomzod jamiyatimiz rivojida xotin-qizlarning ishtiroki masalasiga alohida to‘xtalib, yurtimizda ayolga ehtirom ko‘rsatish — millatga, yurtga, ertangi kunimizga, kelajak avlodimizga ehtirom ko‘rsatishning bosh mezoniga aylanganligini ta’kidladi.

    Xususan, mamlakatimizda ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini yanada kuchaytirish va siyosiy huquqlarini oshirishga e’tibor qaratib kelinayotganini qayd etdi.