Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov: “Raqobat – mumkin qadar, davlat boshqaruvi – zarurat qadar” tamoyilini hayotga tatbiq etish asosiy vazifamiz”

    Saylov 14 Oktabr 2021 589

    O‘zbekiston “Adolat” SDPdan Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvda iqtisodiyotning samarali rivojlanishi, davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan yalpi ichki mahsulotni adolatli taqsimlashni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish, amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy yo‘nalishi haqida to‘xtalar ekan, “raqobat – mumkin qadar, davlat boshqaruvi – zarurat qadar” tamoyilini hayotga tatbiq etish asosiy vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi.

    – Biz adolatli va raqobatbardosh tadbirkorlik faoliyatini joriy qilamiz. Bunda monopoliyaning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yamiz. Xususan, “UzAvtoMotors” AJga berilgan imtiyozlar va avtomobillar importiga belgilangan bojxona to‘lovlarini har yili 15 foizdan kamaytirib ochiq raqobatga o‘tishini, bojxona tushumlarining kamayishi esa to‘lanadigan soliqlar bilan qoplanishini ta’minlaymiz.

    Biz deklaratsiyalar topshirish tizimini yanada takomillashtirib hayotga chuqurroq integratsiya qilgan holda deklaratsiyalarni barcha daromad oluvchilarning topshirishlariga qaratilgan siyosatni olib borish bilan birgalikda, har bir insonning katta miqdordagi xarajatlarini ham deklaratsiyalash prinsiplarini joriy qilamiz, – dedi nomzod B.Abduhalimov.

    Tadbirda bir guruh partiya faollari so‘zga chiqib, nomzodning saylovoldi dasturida huquqiy-demokratik davlat va adolatli jamiyat qurishni izchil davom ettirish borasidagi takliflar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi va saylovchilarni saylovda faol ishtirok etishga hamda o‘ziga munosib deb bilgan nomzodga ovoz berishga chaqirdi.

    Uchrashuvda nomzod Bahrom Abduhalimov saylovchilarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berdi.