Bahrom Abduhalimovning ishonchli vakili  quvasoylik saylovchilar bilan uchrashdi

    Saylov 24 Sentabr 2021 1064

    Avval xabar qilganimizdek, Adolat” SDPdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimovning Fargʻona viloyati boʻyicha ishonchli vakili Muhammadjon Valiyevning saylovchilar bilan uchrashuvlari boshlandi. Quvasoy shahrining 11-sonli musiqa va sanʼat maktabida oʻtkazilgan uchrashuvda “Soy boʻyi”, “Zebuniso”, “Moʻyan” hamda “Hamid Olimjon” MFYlari aholisi ishtirok etdi.

    Ishonchli vakil Muhammadjon Valiyev nomzod Bahrom Abduhalimovning Saylovoldi dasturi haqida soʻz yuritar ekan, unda bugungi kunnning dolzarb masalalari qamrab olingani, aholining sifatli taʼlim olish va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish masalalarida ilgʻor takliflar ilgari surilganligini taʼkidladi.

    — Adolatli jamiyat va adolatparvar davlat barpo etishda partiya taʼlim, ilm-fan, yuqori texnologiyalar va innovatsiyaning ahamiyatini oshirish choralarini koʻradi, – deydi “Adolat” SDPdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimovning Fargʻona viloyati boʻyicha ishonchli vakili Muhammadjon Valiyev. – Eng avvalo, har bir ota-ona farzandining ragʻbatlantirilishi, oliy oʻquv yurtida taxsil olishini niyat qiladi. Ammo aynan davlat imtihonlari oʻtkaziladigan kun ularning hayotida koʻplab oʻzgarishlarni sodir etadi. Aytish mumkinki, iqtidorli, bilimli va zehnli oʻquvchilarimiz ham oʻqishga kira olmasligi yoki shartnoma asosida qabul qilinishi mumkin. Yoki aksincha, bilimi yetarli boʻlmagan abituriyent turli sababarga koʻra, davlat byudjeti asosida talaba boʻlishi bugun sir emas. Nomzodimiz aynan bunday holatlarda ularning salohiyati va iqtidori, taʼlim davomidagi koʻrsatkichlarini inobatga olgan holda shartnomadan davlat byudjetiga yoki aksincha oʻtkazish tartibi asosida ularni munosib ragʻbatlantirish tashabbusini ilgari suradi.

    Shuningdek, ishonchli vakil soʻz yuritgan nomzod Saylovoldi dasturidagi gender tengligi, korrupsiya masalalaridagi taklif va tashabbular saylovchilar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

    – Men oʻzim “Adolat” partiyasining aʼzosiman, – deydi “Zebuniso” MFYdan Shohista Rahmonova. – Partiya tashabbuslarini doimo qoʻllab quvvatlaganman. Bugun ishonchli vakil tomonidan oliy taʼlimda tatbiq etish taklifi berilayotgan masalalar haqida eshitdim. Juda ham oʻrinli va asosli. Birgina menga emas, koʻplab ayollarimizga maʼqul keldi.

    Tadbir davomida Shirinxon Rahimova imtiyozli uy olish masalasida ishonchli vakildan oʻzini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

    Shuningdek musiqa va sanʼat maktabida "Mustaqillik – huquq. Mustaqillik – masʼuliyat” shiori ostida targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

    Dilbar navolar, kuy-qoʻshiqlar davraga yanada fayz kiritdi. Shahar madaniyat va aholi dam olish markazi raqs dastalari chiqishlari olqishlar bilan qarshi olindi.

    Targʻibot tadbiri yakunida viktorina oʻyini oʻtkazilib, savollarga toʻliq va toʻgʻri javob bergan ishtirokchilarga partiyaning esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Kamola POLVONOVA,

    “Adolat” SDP Fargʻona viloyat Kengashi matbuot kotibi.