Bangladesh Bosh vaziri rivojlangan mamlakatlarni urushlarga emas, balki iqlimni muhofaza qilishga pul sarflashni taklif qildi

    Bangladesh Bosh vaziri Shayx Xasina rivojlangan mamlakatlar pulni urushlarga emas, balki iqlim o'zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashishga sarflashni taklif qildi.

    Bu haqda u atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha milliy rejalarga bag'ishlangan konferensiyada aytib o'tdi, deb xabar beradi tass.ru.

    “Agar urushlar va qurollarga sarflangan pullar iqlim o'zgarishi oqibatlariga qarshi kurashga sarflansa, dunyoni saqlab qolish mumkin”, deya Shayx Hasina so'zlaridan iqtibos keltiradi BSS agentligi.

    Bosh vazirning so'zlariga ko'ra, karbonat angidrid chiqindilarini ishlab chiqaruvchi asosiy davlatlar global haroratning Selsiy bo'yicha 1,5 darajagacha ko'tarilishini oldini olish uchun ularni kamaytirish bo'yicha samarali choralar ko'rishlari kerak.

    “Ikkinchidan, rivojlangan mamlakatlarning yillik 100 milliard dollarlik iqlim jamg'armasi bo'yicha majburiyatlari bajarilishi kerak. Bu jamg'arma moslashish va yumshatish bilan bog'liq vazifalarda teng taqsimlanishi kerak”, dedi u va rivojlangan davlatlar rivojlanayotgan mamlakatlarga samarali energiya yechimlari va texnologiya transferini ta'minlashi kerakligini qo'shimcha qildi.

    “Nihoyat, eng yirik iqtisodiyotlar yangi avlodlar uchun barqaror kelajakni ta'minlash uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda global darajada ishlashi kerak”, deya xulosa qildi Bangladesh Bosh vaziri.

    Shayx Xasina ta'kidlaganidek, Dakkada 2022-2050-yillarga mo'ljallangan iqlim o'zgarishiga moslashish milliy rejasi mavjud bo'lib, unda 8 ta sektorda 113 ta ustuvor dastur belgilangan. “Boy davlatlar va xalqaro hamjamiyatni keyingi 27 yil ichida bu rejalarni amalga oshirish uchun tegishli mablag' va qo'shimcha moliyaviy resurslar ajratishga chaqiraman”, dedi u.