“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Markaziy bank hamkorligida “Bank-moliya sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, Qonunchilik palatasi deputatlari,  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi va Markaziy bank mutaxassislari, Respublikada faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab, tadbirni moderator sifatida boshqarib borgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o'z kirish nutqida korrupsiyalashgan mamlakatlarning iqtisodiyoti to'g'ri ishlay olmasligi, korrupsiya tabiiy qonuniyatlarning erkin ishlashiga xalaqit berishi va mamlakat iqtisodining gullab-yashnashiga jiddiy to'siq bo'lishini ta'kidlab o'tdi.

“Korrupsiya hayotni, iqtisodiyotni va demokratiyani yo'q qiladi. Korrupsiya kambag'al mamlakatlarning qashshoqlikda qolishiga, mojarolar va beqarorliklar kelib chiqishiga, shuningdek, mo'rt muhitning paydo bo'lishiga xizmat qiladi. O'rganishlar rivojlanayotgan mamlakatlarda rivojlangan mamlakatlarga nisbatan korrupsiya ancha yuqori bo'lishini ko'rsatmoqda.

Korrupsiyalashgan mamlakat iqtisodiyotida resurslar ham samarasiz taqsimlanadi, sababi to'g'ri yo'l bilan g'alaba qozona olmaydigan kompaniyalar, ko'pincha poraxo'rlik yoki ulush berish evaziga davlat buyurtmalariga va loyihalariga ega bo'lishadi. Moliyaviy oqimlarning kattaligi tufayli davlat xaridlari firibgarlik va korrupsiya tuzog'iga tushishi ehtimoli yuqori bo'lgan eng zaif yo'nalishlardandir.

Iqtisodiyotning korrupsiyalashishi ta'lim va sog'liqni saqlash sifatining yomonlashishiga, bu esa, o'z navbatida, aholining umumiy turmush darajasining pasayishiga olib keladi.

Jahon bankining ma'lumotlariga ko'ra, korrupsiya darajasi yuqori bo'lgan mamlakatlardagi o'rtacha daromad korrupsiya darajasi past bo'lgan mamlaktlarnikining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Shuningdek, bunday mamlakatlarda chaqaloqlar o'limi darajasi qariyb uch barobar yuqori, savodxonlik darajasi esa 25% ga past bo'ladi” – dedi Eldor Tulyakov.

Shuningdek, davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan “Bank tizimida korrupsiyaga qarshi Komplaens nazoratning joriy etilishi”, “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertiza qilish masalalari”, “Korrupsiyaning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida moliya tizimi va byudjet sohasida amalga oshirilayotgan ishlar” hamda “Bank-moliya tizimida korruptsiyaga qarshi kurash: xalqaro andozalar va normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishning ayrim masalalari” kabi bir qator mavzular atroflicha muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasi raisi Djahongir Shirinov o'z ma'ruzasida quyidagi fikrlarga to'xtalib o'tdi:

– O'zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha o'z siyosatiga ega. Biz Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro konvensiyaga qo'shilib, bu borada “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida” maxsus qonunni qabul qildik. Korrupsiyaga qarshi nafaqat operativ-qidiruv, balki ma'muriy-preventiv usullardan ham foydalanyapmiz.  Xalq bilan muloqot tizimi yo'lga qo'yilib, mansabdor shaxslarning nojo'ya xatti-harakati, kim bo'lishidan qat'i nazar ijtimoiy tarmoqlarda oshkor etilmoqda.

Davlat xaridlarini amalga oshirish borasida sifat jihatdan yangi tizimga o'tildi. Xususan, “Davlat xaridlari to'g'risida”gi yangi Qonun qabul qilindi. To'g'ri, bugungi kunda milliy qonunchiligimizda korrupsion jinoyatlar toifalari aniq emas. Biz, ko'pincha, pora berish va pora olish kabi jinoyatlarnigina korrupsion jinoyat deb kelamiz. Aynan shu sababli bugungi kunda biz Jinoyat kodeksiga korrupsion jinoyatlar haqidagi tushunchani kiritish va bunday jinoyatlar uchun jazoni oshirishni nazarda tutuvchi qonun ustida ish olib bormoqdamiz.

Qolaversa, endilikda “Manfaatlar to'qnashuvini tartibga solish to'g'risida”gi Qonun ishlab chiqiladi. Yana bir masala — biz, avvalambor, qonunlarimizning o'zini korrupsiyadan holi etishimiz lozim. 2021 yil 22 oktyabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korruptsiyaga qarshi ekspertizadan o'tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori qabul qilindi. Hujjat bilan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni ham bosqichma-bosqich to'liq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o'tkazish belgilanmoqda.

Iqtisodiyotning muhim bo'g'ini bo'lmish bank-moliya tizimidagi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, bunday salbiy holatlarning oldini olish, kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, bu boradagi korrupsiogen omillarni bartaraf etish masalalari dolzarblik kasb etib, boshqa sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashishning muvaffaqiyatiga bevosita ta'sir ko'rsatadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo'lim boshlig'i Nilufar Nodirxonova bu boradagi o'z fikr-mulohazalarini quyidagicha bayon etdi:

Afsus bilan qayd etish lozimki, ochiq manbalardan olingan ma'lumotlarga ko'ra,  o'tgan ikki yil mobaynida banklarning 166 nafar mansabdor shaxsi, shuningdek, moliya organlarining 41 nafar xodimi korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan. Aholining iqtisodiy faolligini qo'llab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga mo'ljallangan byudjet mablag'lari muhtojlarga etib bormasdan, ayrim bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilinayotgan holatlar ham uchramoqda. Jumladan, “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida so'nggi ikki yilda aholiga tarqatilishi lozim bo'lgan 1,7 mlrd. so'mlik imtiyozli kredit mablag'lari bank mansabdor shaxslari tomonidan o'zlashtirilgan. Bank tizimida mablag'larni talon-toroj qilish, bank xizmatlarini ko'rsatish, ayniqsa, kredit ajratishdagi suiiste'molchilik holatlari haqli tanqidlarga uchramoqda.

Xalqaro moliyaviy institutlar va bank sohasiga oid tashkilotlar (Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki, Xalqaro valyuta jamg'armasi, Evropada tiklanish va taraqqiyot banki) o'z tavsiyalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bank sohasida ustuvor vazifa sifatida ko'rilishi kerakligini qayd etib kelishadi.

Shu boisdan O'zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilishda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida konseptual tarzda aks ettirilishi masalasi ko'rib chiqilib, bu borada qonunchilikka tegishli o'zgarish va qo'shimchalar kiritish lozim.

Shu bilan birga tadbirda, korrupsiya bilan bog'liq holatlar eng ko'p uchrashiga sabab bo'luvchi davlat byudjeti mablag'laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish kabi yo'nalishlarda korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish bo'yicha tegishli tashkilotlar bilan fikr-mulohozalar almashildi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchi ekspertlar tomonidan bu kabi hamjihatlikda tashkil etilgan tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amaliy tashabbuslarning o'z vaqtida hayotga tatbiq etilishida hamda zamonaviy uslub va yondashuvlarni qo'llashda o'z samarasini berishi ta'kidlandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati