Bank tizimi va fond bozori: investitsion jozibadorlik nima beradi?

    Bugungi jahon iqtisodiyoti global raqobatga asoslangan. Hech bir milliy iqtisodiyot oʻzini oʻzi taʼminlash orqali rivojlana olmaydi.

    Shu bois, bugun nafaqat tovar va xizmatlar, balki xorijiy investitsiyalar jalb qilish boʻyicha keskin raqobat kuzatilmoqda.

    Mana shunday sharoitda hukumatlar biznes uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish, xususan, mulk daxlsizligini taʼminlash, soliq yukini keskin kamaytirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish, foydani erkin tasarruf etish borasida investorlarga yengilliklar taqdim etish orqali toʻgʻridantoʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki faqatgina milliy investitsiyalar bilan muntazam oʻsib borayotgan ehtiyojlarni taʼminlash imkonsiz. Boshqa tomondan, milliy investorlar uchun yaratilgan yetarlicha shart-sharoitlar xorijiy sarmoyadorlarning ham qiziqishi ortishiga xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining 2022-yil 16-noyabr kuni oʻtkazilgan birinchi yalpi majlisida ham aynan xorijiy investorlarni milliy iqtisodiyotimizga jalb qilish masalasi atroflicha muhokama etildi. Prezidentimiz Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisidagi nutqida barcha sohalarda boʻlgani kabi bank-moliya tizimida, jumladan, sogʻlom raqobat muhitini yaratish, tarmoqda chet el banklarini, samarali fond bozorini shakllantirishga xorijlik investorlarni faol jalb qilish borasidagi ishlar, mavjud imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish yoʻllari koʻrsatib oʻtildi. Yalpi majlisda taʼkidlanganidek, zamonaviy iqtisodiyot drayveri boʻlgan xususiy biznes taraqqiyoti bankmoliya sohasi rivoji bilan uzviy bogʻliq. Bunda xususiy biznes doimiy ravishda foydani maksimallashtirish maqsadida innovatsiyalarni keng joriy etishga intiladi. Innovatsiyalar uchun esa bank-moliya tizimi biznesni moliyalashtirishning oʻzaro manfaatli variantlarini taklif qila olishi lozim. Shunda iqtisodiyotning real va moliyaviy sektorlari kompleks rivojlanishining yanada jadallashuvini kutish mumkin.

    Xususiy sektor davlat ishtirokiga nisbatan ancha samarali Ayni vaqtda mamlakatimiz bank sektorida davlat ulushi yuqori. Mazkur holatda tijorat banklari investitsion faollik orqali yuqori iqtisodiy samaradorlikka erisha olmayapti. 2022-yil 9 oyi yakunlariga koʻra, davlat ulushi mavjud banklarning umumiy kapitali 60,3 trillion soʻmni tashkil etib, sof foydasi 3,9 trillion soʻmga yetgan. Natijada 2022-yilning uch choragi boʻyicha davlat ishtirokidagi tijorat banklari kapital rentabelligi oʻrtacha 6,5 foiz boʻlgan. Xususiy tijorat banklarida esa bu koʻrsatkich 20,3 foizni tashkil etgan. Shundan ham koʻrish mumkinki, davlat biznesda aksariyat holatlarda muvaffaqiyatli faoliyat yurita olmaydi. Shu bois, mazkur sektorda xususiy investorlar, xususan, xorijiy sarmoyadorlarning ishtiroki nihoyatda muhim. Bank sektorida milliy va xorijiy investorlarning faolligi sohada sogʻlom raqobat muhiti shakllanishi, bu esa, oʻz navbatida, barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi. Chunki bu sohada ham xususiy sektor, ham xorijiy investorlarning faolligi tijorat banklarining innovatsion rivojini taʼminlaydi.

    Mana shulardan kelib chiqib, Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida davlat ishtirokidagi tijorat banklarini xususiylashtirish kun tartibidagi dolzarb masala ekani yana bir bor taʼkidlandi. Buni davlat ulushini milliy fond bozorida ommaviy savdolarga qoʻyish orqali ham amalga oshirish mumkin. Faqat buning uchun tijorat banklarining investitsion jozibadorligini oshirish lozim boʻladi. Investitsion jozibadorlikni oshirish esa bir kunlik vazifa hamda bir kunda erishiladigan natija emas. Ayni vaqtda davom etayotgan raqamli transformatsiya jarayonida tijorat banklari, avvalo, nolikvid va daromad keltirmaydigan aktivlardan tezroq qutulishi, eng asosiysi, tijorat faoliyati bilan shugʻullanishi zarur. Boshqa tomondan, elektron platforma orqali raqamli bank xizmatlarini kengaytirish va operatsion xarajatlarini kamaytirish natijasida foydani maksimallashtirishga intilishi, pirovardida, aksiyadorlarga inflyatsiyadan yuqori bozor daromadliligi asosida muntazam dividendlar toʻlashga oʻtishi shart.

    Bu yoʻnalishda 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026-yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha chiqarish ustuvor maqsadi mustahkamlangan. Fond bozori – bank sektori rivojining muhim omili Xorijiy investorlar kengashi majlisida davlatimiz rahbari tomonidan yana bir muhim vazifa — samarali fond bozorini shakllantirish masalasi koʻtarildi. Aynan fond bozorini kuchaytirish istiqbolda tijorat banklari faoliyati rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki iqtisodiyotni moliyalashtirishda kredit va fond bozorlari oʻrtasida keskin raqobat yuzaga kelishi har ikkala sohaning raqobatda ustunlikka intilishi orqali rivojlanishni taʼminlaydi. Bundan esa milliy ishlab chiqaruvchi, kapital zarur boʻlgan tomon arzon kapital jalb qilish imkoniga ega boʻladi. Shu bois, iqtisodiyotni moliyalashtirish nuqtayi nazaridan moliya bozorining birja modelini tanlagan mamlakatlarda bank tizimi ham yuqori darajada rivojlangan. Yoki aksincha, iqtisodiyotni bank vositasida moliyalashtiruvchi mamlakatlarda ham fond birjalari toʻliq raqobatchi sifatida rivojlanganini koʻrish mumkin. Yurtimizda ayni vaqtda iqtisodiyotda davlat ishtiroki yuqoriligi emitentlarning fond bozoridagi faolligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    Shu sababli Xorijiy investorlar kengashi yigʻilishida iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish va xususiylashtirishni yanada chuqurlashtirish asosiy maqsadlardan biri sifatida tilga olindi. Qayd etish kerakki, strategik ahamiyatga ega korxonalarni aniq belgilagan holda ularda davlat ishtirokini saqlab qolish lozim. Shuningdek, yuqori rentabelli davlat ishtirokidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlarni aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish va ulardagi davlat aksiya paketini fond bozoriga olib chiqish maqsadga muvofiq. Mazkur amaliyotda (bitta aksiya bitta lot tartibida) aksiyalar soni boʻyicha sotib olish mumkin boʻlgan yuqori chegarani belgilash orqali ommaviy savdolar tashkil etish keng miqyosda aholining ham fond bozoriga jalb qilinishiga imkon beradi.

    Bu orqali yuqori talabni yuzaga keltirish mumkin, bu esa, oʻz navbatida, xususiylashtirish bahosi oshishiga ham xizmat qiladi. Xuddi shunday amaliyotni aksiyadorlik jamiyatlaridagi davlat egaligidagi aksiya paketlari boʻyicha ham qoʻllash lozim. Bu sof korporativ boshqaruv rivojlanishi tufayli aholida mulkdorga aylanish va daromadlarini oshirib borish, pirovardida, farovonlikni yuksaltirishga xizmat qiladi. Fond bozori rivojlanishida xususiy korporativ emitentlar faolligi nihoyatda muhim. Buning uchun esa ular yiriklashib borishi lozim. Oʻzbekistonda biznesning mikrobiznes, kichik biznes va oʻrta biznes toifalari joriy etilayotgani ahamiyatli, albatta. Aynan mazkur toifalar orqali biznes subyektlari yiriklashib boradi va istiqbolda global raqobatga kirisha oladi.

    Boshqa tomondan, biznesning yiriklashuvi nuqtayi nazaridan masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning aksiyadorlik jamiyatlariga aylanishi ham muhim. Garchi aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitaliga minimal talab bekor qilingan, korporativ boshqaruvning murakkab tuzilmasi soddalashtirilayotgan boʻlsa-da, amaliyotda masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning aksiyadorlik jamiyatiga aylanishi soʻnggi yillarda deyarli kuzatilmayapti. Bunga aksiyadorlik jamiyatlari moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish kabi talablarning joriy qilingani salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Chunki yangi tashkil etilgan yoki tashkiliy-huquqiy shaklini oʻzgartirish orqali tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlari oldiga hisobotlar transformatsiyasi kabi murakkab talablar qoʻyilishi ortiqcha xarajatlarga sabab boʻlmoqda. Bu jihat oʻz-oʻzidan yangi aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etilishi va fond bozori rivojini sustlashtiradi.

    Xalqaro moliya bozoriga chiqish vaqtidagina moliyaviy hisobotlar transformatsiyasi biznes uchun koʻproq natija keltiradi. Demak, soddalashtirilayotgan tizimda bu jihatlarni ham inobatga olib, zarur choralarni belgilash kerak boʻladi. Fond bozori shunday ustunlikka egaki, u orqali xorijiy investorlar oʻz mamlakatini tark etmasdan turib, boshqa davlatlardagi biznes subyektlariga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish imkoniyatiga ega. Demak, bu bozor investitsiyalarni oʻzlashtirish borasida chegarasiz, shu bilan birga, katta qulaylik taqdim etuvchi maydondir. Lekin yurtimizdagi fond birjalari orqali bu amaliyotni amalga oshirish imkoniyatlari nihoyatda chegaralangan. Chunki xorijiy va milliy investorlarning masofadan turib brokerlik hisobraqamlari ochish va fond bozori orqali aksiyadorlik jamiyatlariga investitsiya kiritish imkoniyatlari hali taqdim etilmagan. Yaqin istiqbolda mazkur masalani ijobiy hal qilish bu borada qoʻyilgan maqsadlarimizga erishishda muhim qadamlardan biri boʻladi.

    Bugungi kunda jahondagi tendensiya koʻrsatmoqdaki, xorijiy fond birjalarida moliyaviy instrumentlarning yuzlab turlari amal qilmoqda. Toshkent respublika fond birjasida esa oddiy va imtiyozli aksiyalar hamda qisman korporativ obligatsiyalar joylashtirilgan. Jahon iqtisodiyotida iqlim oʻzgarishlaridan kelib chiqqan holda, global yashil taraqqiyotga intilish nuqtayi nazaridan soʻnggi yillarda yashil obligatsiyalarni ham muomalaga chiqarish, joylashtirish va jalb qilingan kapitalni yashil loyihalarga yoʻnaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yalpi majlisda mana shu jihatlardan kelib chiqib, Oʻzbekistonda “yashil iqtisodiyot”ni “yashil” moliyalashtirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

    Bu borada Qoraqalpogʻistonning Beruniy tumanida quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish boʻyicha Saudiya Arabistonining “Acwa Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha, qator tijorat banklari tomonidan aholi xonadonlariga quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha “yashil” kreditlar taklif qilinayotgani eʼtiborga molik, albatta. Mamlakatimizda ularga qoʻshimcha ravishda “yashil” obligatsiyalarni muomalaga chiqarish va joylashtirish infratuzilma va atrofmuhit bilan bogʻliq qator loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyatiga ega. “Yashil” obligatsiyalarning ham davlat, ham korporativ emitentlar tomonidan muomalaga chiqarilishi istiqbolda fond bozori instrumentlarining ortib borishiga xizmat qiladi.

    Xulosa oʻrnida taʼkidlash mumkinki, bank tizimi va fond bozorini oʻzaro uzviy holda rivojlantirish yaqin istiqbolda global raqobatbardoshlik oʻsishi va iqtisodiy taraqqiyot jadallashuvini taʼminlaydi. Bu jarayonda xorijiy investorlar faolligini oshirish esa samaradorlikni yanada yuksaltiradi.

    Samariddin ELMIRZAYEV,

    Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor