Albatta, har bir sohaning jasoratli kishilari boʻladi. Ular bir qarashda oddiy, el qatori koʻrinadigan, ammo botinidagi kuchli iroda, matonat sabab olgʻa intiladigan shaxslardir. Shu bois, ular yonginamizda yashasa ham jasoratiga koʻpincha eʼtibor qilavermaymiz. Shukrki, dunyoda adolat, uni roʻyobga chiqaradigan odamlar bor. Davlatimiz rahbari ham Akbar Hasanovning intilishlarini eʼtibordan chetda qoldirmadi. Uni barchamizga namuna qilib koʻrsatdi. Biz uning hayoti va faoliyat yoʻli bilan sizlarni ham tanishtirishni lozim topdik.

* * *

... U bolaligida shoʻx edi. Sport muso­baqalarida oʻrtoqlari unga tenglasha ol­masdi. Ayniqsa, futbol bahslari usiz oʻt­masdi. Toʻpurarligi sabab har safar yuqori sinf oʻquvchilari uni jamoasiga qoʻshib olardi. Albatta, u ham ishonchni oqlardi. Chaqqonligi ish berib, oʻyin boshlanishi bilan birinchi boʻlib hisobni ochar, olqish­lar unga zavq berardi. Kurash bellashuvla­rida esa kattalarni ham dogʻda qoldirar, gohida bir koʻtarishda raqibining yelkasi­ni yerga tekkizib, bellashuvni hal qilardi. Shunday damlarda sinfdoshlari unga havas bilan qarashi yoqimli edi. U yugurish va ba­landlikka sakrashda ham ilgʻor boʻlgan. Shu bois, doim “Kelajakda chempion boʻlaman”, derdi. Uchinchi sinf oʻquvchisining iqti­dori ustozlarni ham hayratlantirardi. Ota-onasi Akbar bir oz ulgʻaysa, sport toʻ­garagiga berishni niyat qilgandi. Ammo ku­tilmagan ayanchli voqea bolaning taqdirini oʻzgartirib yubordi.

Endi 10 yoshga kirgan Akbar Hasanov avtohalokatga uchradi. Oqibatda ikki oyo­gʻining tizzasidan pasti kesildi. Kulfat shoʻx-shodon yurgan bolakayni oʻzgartirdi. Akbarning oʻziga kelishi oson kechmadi. U endi boshqalar qatori yurishga imkoniyati yoʻqligini qabul qilishi qiyin edi. Le­kin taqdirga tan bermaslikdan oʻzga chora yoʻq. Kattalarning maslahati bilan oʻziga taskin beradigan boʻldi. Atrofga boqib, hayotda yolgʻiz oʻzi shu koʻyga tushmaganiga amin boʻla boshladi. Oʻzini oʻzi koʻnikti­rib, oldinga intilishga kuch topdi. Avva­liga aravachada harakatlanib, oʻrtoqlariga qoʻshilmoqchi boʻldi. Mahalla oʻyingohida toʻp tepayotgan bolalar yaqiniga bordi. Chet­da turib, oʻyinni tomosha qildi. Gohida zavqi kelib, ular safiga qoʻshilib ketish­ga chogʻlanardi. Ammo endi buning imkoni yoʻq.

... Akbarning koʻnglida boshqalar qa­tori yurish istagi paydo boʻldi. Bunga yoʻl qidirdi. Kattalardan surishtirdi. Shifokorlardan yordam soʻradi. Natijada protez oyoq bilan harakatlanish mumkin­ligini aniqladi. Ammo bu oddiy ish emas­di. Shifokorlarning koʻrsatmasiga koʻra, buning uchun bir oz vaqt zarur edi. Bundan tashqari, yigitchadan kuchli iroda, sabr- toqat talab qilinardi. Vaqt oʻtib, aytil­ganidek, protezga oʻrganish oson kechmadi. Barcha azoblarga chidadi. Turli mashgʻulot­larni bajarib, oʻzini moslashtirib bor­di. Koʻp oʻtmay, orzusi amalga oshdi. Endi u odamlar orasiga qoʻshilib, harakatlana­digan boʻldi.

— Toʻgʻrisi, shu paygacha bir daqiqa ham boshqalardan ortda qolganim yoʻq. Imko­niyatim cheklangan deb bekor oʻtirishni yoq­tirmayman. Doim oldinga intilib yashashni yaxshi koʻraman, — deydi Akbar Hasanov. — Bolaligimdan biron ishni bajarishni maqsad qildimmi, shunga erishganman. Oʻr­toqlarim orasida faqat birinchi boʻlishni yoqtirardim. Ikkinchi guruh nogironi boʻ­lib qolganimdan soʻng hayotda oʻz oʻrnimni topishimda oʻrtoqlarimning hissasi kat­ta. Ular bilib-bilmay menga ruhiy quvvat bergan. Koʻpincha tengdoshlarim koptok oʻy­nab, meni oʻyinga chorlardi. Bunday paytda jahlim chiqardi. Baribir avvalgiday ha­rakat qilaman deb ahd qilardim. Bu meni tushkunlikdan olib chiqish bilan birga hayotda oʻz oʻrnimni topishimga sabab boʻldi.

Akbar akaning matonati, saboti bosh­qalarga oʻrnak boʻlmoqda. Jumladan, mam­lakatimizning eng baland nuqtalaridan biri Hazrati Sulton choʻqqisini zabt etgan. Toʻrt muchasi sogʻ inson ham osonlikcha chiqa olmaydigan choʻqqiga koʻtarilish oson ish emas! Qahramonimiz hayotida bunday mi­sollar koʻp. Eʼtiborlisi, Akbar Hasanov oʻzi tugʻilib oʻsgan Shahrisabz tumanida kattagina bogʻ barpo etib, salmoqli hosil olyapti.

— Ilgari qoʻshni viloyatlardan meva olib kelib sotardim, — deydi Akbar aka. — Ishim yomon emasdi. Topganim roʻzgʻorga yetardi. Ayrim vaqtlarda meva olish uchun juda ajoyib bogʻlarga borib qolardik. Hosilni koʻrib havasim kelardi. Shunday paytlari: “Qani endi oʻz bogʻim boʻlsa”, deya koʻnglimdan oʻtkazardim. Asta-sekin bu is­tak maqsadga aylandi. Soʻng har bir boqqa kirganimda eʼtibor qiladigan boʻldim. U yerdan nimadir oʻrganishga intildim. Ja­rayonda koʻp bogʻbonlar bilan suhbatlashib, tajribasini oʻrgandim. Xullas, yetarlicha malaka toʻplab, ish boshladim. Shu tariqa “Hasanov Akbar Muhammadiyevich” masʼ­uliyati cheklangan jamiyatiga asos solib, 12 gektarda mevali daraxtlar oʻtqazdim. Har bir niholni parvarishlab, oʻstirdim. Hozir mazkur bogʻdorchilik jamiyatida im­koniyati cheklangan toʻrt kishi ish bilan taʼminlangan. Xoʻjalik tasarrufidagi 12 gektar maydonning 4 gektariga anor, 7 gektariga esa gilos ekilgan. Chorva va par­randachilik uchun bir gektar ajratilgan. Bundan tashqari, 12,5 sotix yerda issiqxo­na bor. Unga ekilgan limon 2025-yilda 5 tonnadan ziyod hosil berdi.

Bogʻbonning aytishicha, gilos daraxti Shahrisabz iqlimiga moslasha olmagan. Kutilgan natija bermagani bois, kelgusi­da uning oʻrniga yongʻoq ekiladi.

— Davlatimiz rahbarining farmo­niga koʻra, “Jasorat” medalini olganim menga katta kuch berdi, — deydi qahra­monimiz. — Bundan ruhlanib, yanada koʻp ishlashni maqsad qildim. Mukofot kamtarona mehnatim uchun ragʻbat boʻldi. 2026-yilda yangi loyihalarni amalga oshirib, qoʻshimcha ish oʻrni ochishni maq­sad qilganmiz. Muhimi, har bir mehna­timiz yurtga, elga naf keltirsin.

Akbar Hasanovning ishlari haqiqiy jasorat! Olis bir tumandagi oddiy bogʻ­bonning ana shunday intilishi va mato­nati eʼtiborda ekani esa kishiga ragʻbat beradi. Ertangi kunga ishonchni mustah­kamlaydi.

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri