Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari va istiqbollarini muhokama qildilar, rivojlanishning koʻplab sohalaridagi, shu jumladan, 2030-yilgacha boʻlgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirishdagi konstruktiv hamkorlikni yuqori baholadilar.
Muloqot avvalida Senat Raisi mehmonni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yaxshi qoʻshnichilik aloqalari, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash doirasida yaratilayotgan shart-sharoitlar, inson huquqlarini himoya qilish, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, qonunchilikni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar va natijalar bilan yaqindan tanishtirdi.
Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etish boʻyicha parlament nazorati mexanizmining ijobiy amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani, 16 ta yoʻnalish boʻyicha xalqaro standartlarni inobatga olgan holda milliy qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazani mustahkamlash, institutsional asoslarni rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani aytib oʻtildi.
Oʻz navbatida, Gvi Yeop Son xonim samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Global kun tartibidagi Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini eʼtirof etdi.
Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan muloqotda xavfsizlik, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish, shuningdek, tinchlikni mustahkamlash borasidagi global muammolarni hal etishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.