Sessiya doirasida “Baxshichilik sanʼati” elementini Insoniyat nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ roʻyxatiga kiritish masalasi koʻrib chiqiladi. Oʻzbekistonning UNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan ushbu nominatsiyani qoʻllab-quvvatlash yuzasidan Baholash komissiyasi va NMMHKga aʼzo mamlakatlarga murojaat yoʻlladi.
Tadbirda UNESKO rahbariyati, NMMHKga aʼzo davlatlar, 190 dan ortiq davlatdan yuqori martabali delegatlar ishtirok etyapti. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Oʻzbekistonning UNESKO huzuridagi doimiy vakili Umid Shadiyev va UNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya vakillari qatnashyapti.
Yalpi majlisdagi ishtirok davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizning boy nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish, koʻpaytirish va targʻib etish borasidagi saʼy-harakatlar taqdimoti oʻtkazildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston hukumati tomonidan 2003-yildagi Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya bajarilishini davom ettirish va YUNESKOning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga sodiqlik bildirildi.
— Ming yillik tarixga ega Oʻzbekiston oʻzining boy madaniy merosi bilan faxrlanadi. Bizda YUNESKOning Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan 9 ta milliy va koʻp millatli element mavjud. Yaqin kunlarda ushbu roʻyxatdan yana bir element — “Baxshilik sanʼati” ham joy olishiga umid bildiramiz, — dedi Aziz Abduhakimov.
Taʼkidlash joizki, “Baxshilik sanʼati” nominatsiyasi boʻyicha ovoz berish jarayonining oʻzi 16-dekabrda boʻlib oʻtadi, YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha Hukumatlararo qoʻmitasining XVI sessiyasi esa 18-dekabrga qadar davom etadi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.