Bayrog'imiz — kuch-qudrat va jasorat timsoli

    Yer yuzida ikki yuzi ellikka yaqin davlatlar bor va albatta, har bir davlatning o'z ramzlari, bayrog'i bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrog'imiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo'lmasligimizni ko'rsatib turadi.

    O'zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog'i to'g'risida”gi qonuni qabul qilinganing 30 yilligi arafasida Davlat bojxona qo'mitasining Bojxona instituti tashabbusi bilan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan hamkorlikda “Muqaddasdir vatan bayrog'i” mavzusida madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

    Tadbirda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minxojiddin Hojimatov, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi a'zosi Tavakkal Choriyev, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi Feruza Muhiddinova, Muqimiy nomidagi O'zbekiston davlat musiqali teatri direktori Aleksandr Bekchonov ishtirok etdi.

    Tadbirda so'zga chiqqanlar bayroq qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo'lib kelgani, ajdodlarimiz ham yurt bayrog'ini muqaddas bilib, uni ko'z qorachig'idek asraganlari, u kuch-qudrat, jasorat, g'alaba timsoli bo'lganini alohida ta'kidladilar.

    Tadbir davomida Davlat bojxona qo'mitasining Bojxona institut xodim va kursantlari tomonidan Vatanni madh etuvchi she'riy chiqishlari hamda karabinchilar jamoalari chiqishlari namoyish etildi.

    Munojat Mo'minova,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri.