Ulug‘ xalqning mangu qo‘shig‘i!

    Fikr 9 Dekabr 2021 1929

    Yurtimiz mustaqillikka erishgach, xalqimizning azaliy orzu-istaklari, ezgu intilishlari O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlarida o‘zining yorqin ifodasini topdi.

    1992-yil 10-dekabr tariximizga mustaqilligimizni mustaxkamlash davrining muhim voqyeligi sodir bo‘lgan kun sifatida kirdi. Abdulla Oripov so‘zi, Mutal Burxonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamizda so‘z va kuy uyg‘unligi, dunyo davlatlari madhiyalaridan aslo qolishmaydi. Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo‘lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, tashabbuskorlik va kurashga chaqiradi, milliy g‘ururni uyg‘otadi.

    Mardonovor va soxr ohangi bizni sexrlab qo‘yadi, qalblarimizda Vatanimizdan faxrlanish, bugunimizdan shukronalik va ertangimizga ulkan ishonch hisini uyg‘otadi. Muazzam sadolari davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, O‘zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yurtimizda o‘tayotgan umumxalq bayramlarida, yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va do‘stlik kelishuvlarida, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shoxsupaga ko‘tarilgan paytida baralla yangrab dillarimizni xushnud aylaydi.

    Madhiya faqat madx etish uchun emas balki e’tiqodning ifodasidir. Yangi O‘zbekistonning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakovoti, ajdodlarimizning shon-shuxrati va avlodlarimizning yorug‘ kelajagini sharaflovchi bu tarona asrlar osha olam uzra baralla yangrayveradi. Bu qo‘shiq ona Vatanimizdan g‘ururlanishga, yangi marralarni zabt etishga undayveradi.

    Fatima Seydabdullaeva,

    Respublika manaviyat va marifat markazi

    Tuproqqala tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi.