Shu bois, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratilishi Oʻzbekistonda yoshlar siyosati hamisha ustuvor ekaniga yaqqol ishoradir. Asosiysi, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida navqiron avlod vakillari faol. Ulardan ham minglab taklif kelib tushdi. Demak, bugungi yoshlar oʻz haq-huquqlarini yaxshi biladi, mamlakat hayotiga va kelajagiga befarq emas.
Eng muhimi, yoshlarning takliflari Konstitutsiyamiz yangi tahririda oʻz aksini topgan. Ular qator yangi normalarda namoyon boʻladi. Aytaylik, endi bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olish kafolatlanmoqda. Muhim yangiliklardan biri – alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi. Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi beriladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga koʻra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi. Yoshlarning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, taʼlim olish, sogʻliqni saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Yoshlar bilan faol ishlashni, ularga yanada eʼtiborli boʻlishni zamonning oʻzi talab qilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilishi maqsadga muvofiq. Masalan, oʻtgan yili 11 OTMning 11 mingdan ziyod bitiruvchisidan 6,5 ming nafari ishga joylashmagan. Davlat granti asosida oʻqigan 3 ming talaba ham ishga kirmagan. Oʻtgan yili kollej va texnikumlarni 143 ming yigit-qiz bitirgan boʻlsa, ulardan 30 mingi ish topa olmagan.
Shuni eʼtiborga olgan davlatimiz rahbari har bir vazirlik va idora tarmogʻidagi kasblarga malaka talabini soha masʼullari oʻzi belgilashi, bunda 70 foiz kasbga oʻrta maxsus, 30 foiziga oliy maʼlumot talab etiladigan tizim boʻlishini aytgan edi. Shu bilan birga, har bir vazir va viloyat hokimi yil boshida alohida yoshlar bandligi dasturini ishlab chiqib, aholiga eʼlon qilishi va yil yakunida natijalari boʻyicha jamoatchilikka hisobot berishi belgilangan.
2021-yilda 25 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlarni ishga olgan korxonalarga toʻlangan ijtimoiy soliqni qaytarib berish amaliyoti joriy qilingan edi. Bundan 9 mingdan ziyod korxona foydalandi, ularga 150 milliard soʻmlik ijtimoiy soliq qaytarildi, eng muhimi, 100 ming yoshning bandligi taʼminlandi. Shu bois, ushbu tajribani yana 2 yilga uzaytirishga qaror qilindi. “Yoshlar daftari”ga kirgan talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi toʻlanadigan stajirovka tizimini joriy qilish vazifasi qoʻyildi.
Yoshlar oʻrtasida IT, reklama, kino, arxitektura, dizayn, marketing, hunarmandlik, rassomlik kabi yoʻnalishlarga qiziqish ortib borayotganini hisobga olib, viloyat hokimlariga yil yakunigacha bittadan “Kreativ park” tashkil etish topshirigʻi berildi. Ularda IT park rezidentlariga berilgan imtiyoz va yengilliklar qoʻllaniladi.
Bu maqsadlar uchun “Yangi Oʻzbekiston yoshlari tashabbuslari” jamgʻarmasi va elektron platformasi tashkil qilinadi. Jamgʻarmaga 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Bu mablagʻ iqtidorli yoshlarning eng yaxshi gʻoya, startap va loyihalariga qulay va yengil shartlarda, zarur boʻlsa, foizsiz va garovsiz ajratiladi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha ham yangi tizim boʻladi. Masalan, bugungi kunda 1,5 million yosh boʻsh vaqtini chet tilni oʻrganishga sarflamoqda. Shunga qaramay, yaqinda 100 ming yosh oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomada ular futbol, voleybol, stol tennisi va badminton kabi sport turlari bilan shugʻullanishga qiziqishini, kitobxonlik, musiqa, raqs, karaoke, teatr va kino boʻyicha infratuzilmaga ehtiyoj borligini aytgan, oilaviy aylanish uchun xiyobon va sayilgohlar tashkil etilishini soʻragan.
Shu munosabat bilan viloyat markazlarida, keyinchalik tumanlarda kechayu kunduz ishlaydigan yoshlar sayilgohlari tashkil etiladi. Ularda kibersport, sport va intellektual oʻyingohlar, karaoke klublari, teatr, moda podiumlari, buk-kafe, kovorking va boshqa koʻngilochar joylar boʻladi.
Toshkent shahrida Anhor va Boʻzsuv, Nukusdagi Doʻstlik, Urganchdagi Shovot, Fargʻonadagi Margʻilonsoy kanallari boʻyida yoshlar ijod koʻchalari tashkil etiladigan boʻldi. Bu yerda rassomlar, haykaltaroshlar, adiblar, sozandalar va ularning muxlislari uchun sharoit yaratiladi.
Endilikda OTM rektorlari futbol, voleybol, basketbol, shaxmat, stol tennisi kabi sport turlari boʻyicha oʻz klublarini tashkil etadi. Bu klublar talabalar sport ligalariga birlashib, doimiy turnirlar oʻtkazib boradi.
Qoʻshimcha 300 ming yoshning xususiy markazlarda til oʻrganish xarajatlariga 100 milliard soʻm subsidiya ajratiladi. Yurtimizdagi 206 ta oromgoh yil davomida ishlaydigan tizimga oʻtkazilib, har yili 100 ming oʻgʻil-qizni qamrab oladi.
Tuman markazidan uzoqdagi mahallalarda sport, madaniyat va sanʼat yoʻnalishlarida toʻgarak ochgan murabbiylarga zarur jihoz uchun 15 million soʻmgacha subsidiya beriladi. Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qoʻqon kabi turistik majmualarda, shahar va tumanlardagi markaziy park va xiyobonlarda “Ochiq osmon ostidagi kutubxona”lar tashkil qilinadi.
Umuman olganda, bu tashabbuslar boʻyicha yoshlarga oid davlat siyosatini samarali tashkil etishga qaratilgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari” dasturi ishlab chiqiladi.
Demak, navqiron avlod vakillari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning yoshlar huquq va manfaatlariga daxldor normalarini har tomonlama tahlildan oʻtkazgan holda chuqur oʻrganishi, boʻlajak referendumda oʻz xohish-istagini namoyon qilishi ular Vatanimiz va xalqimiz taqdiriga befarq emasligining yaqqol namoyoni boʻladi. Shundagina har bir yosh islohotlarda oʻz taqdirini his eta oladi.
Baxtiyor MAHKAMOV,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor