Jumladan, Mahmudxoʻja Behbudiy ham usuli jadid maktabi zarurligi, uning qonun-qoidalari, maktabda oʻtiladigan darslar, qanday imtihonlar olinishi, maktabni qay tarzda tuzish, unga qanday jihozlar kerakligi, muallimlarning vazifalari, ularning taʼminot masalalari va boshqa koʻp jihatlarini Ismoil Gaspiralidan va uning asarlari hamda maqolalaridan oʻrgandi.

Shular asosida Turkistonda usuli jadid maktablarini tashkil etish uchun bor kuchini sarfladi. Nafaqat tashkil etish, balki shu maktablarni kitob bilan taʼminlashda ham jonbozlik koʻrsatdi. Samarqandning eski shahar qismida bepul kutubxona, qiroatxona, oʻz hovlisida maktab ochdi. 1918-yilda Samarqandda Musulmon ishchi va dehqon shoʻrosi tuzilganda Behbudiy maorif komissari etib tayinlanadi.

Shunda u yangi maktablar tarmogʻini yanada kengaytiradi. Oʻquv rejalari tuzish, yangi darsliklar yaratish, oʻqituvchilar tayyorlaydigan kurslar ochish kabi ishlarini rivojlantiradi. Usuli jadid maktablarida hamma oʻqish huquqiga ega boʻlgan. Chor Rossiyasi amaldorlari bu paytda Turkistondagi yangi usuldagi maktablarni biror ayb topib darhol yoptirardi. Chunki podsho hukumati “begona xalq”ning qisman boʻlsa ham ilmli, maʼrifatli boʻlishini, dunyoviy bilimlarni oʻrganishini istamasdi.

Yangi usul maktablarini faqat podsho hukumati emas, balki mahalliy ruhoniylar, eski maktabning domlalari ham yoqtirmas edi. Ular yangi usul maktablari “islom diniga raxna soladi”, deb tashviqot yuritar edi. Bunday qarash va toʻsiqlarga qaramasdan Behbudiy va maslakdoshlari usuli jadid maktablarida Turkiston farzandlarini oʻqitish ishlarini jadal surʼatda olib borari.

Maxmudxoʻja Behbudiyning usuli jadid maktabi ikki bosqichdan iborat boʻlib, birinchi bosqich ibtidoiy qism deb nomlangan. Unda tahsil muddati toʻrt yil boʻlgan.

Birinchi yili forscha-arabcha yozish hamda oʻqish oʻrgatilgan. Suralar yod oldirilgan. Hisob darsi oʻqitilgan. Umuman, oʻquvchilar bir yil davomida yozish-oʻqishni toʻliq oʻrgangan. Ikkinchi yili haftiyak, iymon darsi, forsiy, turkiy va arabiy sheʼrlar, qasidalar oʻqitilgan.

Uchinchi yili Qurʼoni karim, islom ibodati, tajvid, Saʼdiydan nasihatlar, fors va turk tili puxta oʻrgatilib, insholar yozdirilardi. Hisobdan turli taqsimot va ish yuritish kabi zaruriy jihatlar oʻqitilgan. Toʻrtinchi yili esa kalomi sharif, mufassal tajvid, forsiy va turkiy nazm va nasr, axloq darsi, turk va fors tili, hisob tarix, jugʻrofiya oʻqitilgan. Bu toʻrt sinfni tamomlagan bolalarni muallimlarning oʻzi taqsimlagan.

Xohlasa, ikkinchi bosqichga qoldirar, oʻzlashtirishiga qarab madrasaga yuborardi. Bolaning oʻzi istasa, Yevropa maktablariga yuborar yoki tirikchilik uchun ishlashga yoʻllanma berardi.

Maktabning ikkinchi bosqichi rushadiya boʻlib, unga ibtidoiy qismni tamomlaganlar oʻtkazilar edi. Bu bosqichda birinchi yili arab tili, jugʻrofiya, shafaqiya, fors tili, tarjima jumla muxtasar, tarixi anbiyo va islom tarixi, Saʼdiyning “Guliston”, turk tili oʻqitilgan.

Ikkinchi yili arab tili, shifohiya, tarix, islom axloqi, turk tili, hisob, fors yozuvi va hokazolar oʻtilgan. Uchinchi yili arab tili, hisob, xat yozish, tarix, turkiy til, rus tili oʻqitilgan. Toʻrtinchi yili arab tili, qozixona yozishmalari, turk tili va adabiyoti, salomatlik, maktab va hayot, axloq va boshqa koʻpgina hayotiy darslar oʻqitilgan.

Behbudiy maktabida har yilning oxirida tantanali imtihonlar oʻtkazilgan. Ularga, albatta, ota-onalar va boshqa mehmonlar ham taklif qilingan. Bu, birinchidan, usuli jadid maktablarini koʻproq targʻib qilish va oʻqitish tartiblarini koʻrsatishga xizmat qilgan. Ikkinchidan, oila va maktab hamkorligini amalga oshirish edi.

Sakkiz sinf, yaʼni ikki bosqichni tamomlagan oʻquvchi arabcha, forscha va turkchada bemalol soʻzlab yozardi. Ruschani ham oʻqib, bemalol gaplasha olardi. Turkistondagi mahkamalarning barchasida ishlashga salohiyati yetardi. U maktabda muallimlik ham qila olar, tijorat bilan ham shugʻullanar, hatto muharrirlik ham qoʻlidan kelardi.

Har yilgi imtihonlarga barcha joydagi vakillarga xat yuborilib, taklif etilardi. Lekin koʻpchilik maktabning yutuqlarini koʻra olmaganidan kelmasdi. Behbudiy: “Kelib koʻrsunlar, durust boʻlsa, rivoj bersunlar, nodurust boʻlsa, dalil ila isbot qilsunlar... maqsadimizda xizmatdan va millatdan boshqa narsa yoʻqdur”, der edi.

Usuli jadid maktabini yoʻlga qoʻyish oson kechmadi. Behbudiy va Shakuriy buning uchun barcha musulmon taraqqiy etgan shaharlardagi maktablarni oʻrgandi. Mustamlakachilik davrida Turkistonning istiqboli uchun oʻz hovlisida ilm-maʼrifat oʻchogʻini ochgani uchun Behbudiyning boshida necha-necha tayoqlar sindi. Shunga qaramasdan jafokash muallim usuli jadid maktabini qattiq turib himoya qildi. Uning maktabiga chor rus inspektorlari kelib taftish oʻtkazganida jugʻrofiya, tarix va hisob kitoblarini otxonaning oxuri tagiga yashirib qoʻygan.

Behbudiy butun vujudi bilan muallim edi. Uning oʻzi ham yuqori sinf oʻquvchilariga jugʻrofiya va tarixdan saboq bergan. Misr, Turkiya, Qozon va boshqa joylardan olib kelgan turli yangi-yangi kitoblarini yuqori sinf oʻquvchilariga, eng yaxshi oʻqiganlarga hamda muallimlarga tortiq qilardi. U shu ishlarni ulugʻ Turkiston va uning kelajagi boʻlgan yoshlar uchun qilardi.

“Tahsil oyi”, “Ehtiyoji millat”, “Samarqand usuli jadid maktabi xususida”, “Majlis imtihon”, “Tarix va jugʻrofiya”, “Samarqand kitobxon islomiya”, “Samarqand kitobxona va matbaaxona”, “Samarqand isloh rusum majlisi”, “Buxoroda usuli jadida” kabi chiqishlarida yangi usul maktablari, uning ahamiyati, oʻqitish tizimlari, yangi maorif va madaniyatni rivojlantirish, dunyoviy fanlarning nafi, maʼrifatga ragʻbat, komil insonning tarbiyasi haqidagi muhim maʼrifiy fikrlarni oʻqish mumkin.

Mahmudxoʻja Behbudiyning yangi maktablar uchun yozgan asarlari maktablarning islohida katta hodisa boʻldi. Ayni davrda bu darsliklar nazariy, ilmiy va amaliy jihatdan keng qoʻllandi. Bu kitoblarning bugungi kunda ham qadri yoʻqolganicha yoʻq. “Kitobat ul-atfol” (Bolalar maktubi) asari oʻz davrida bir necha marta nashr etilgan. Bu kitobga qirqqa yaqin forsiy va turkiy insholardan namunalar kiritilgan. Shahodatnoma va ish yuritishga doir boshqa hujjatlar yozishni oʻrganishdan taʼlim beradi hamda namunalar ham keltirilgan.

Rasmiy hujjatlar ham mana shu kitob orqali oʻrgatilgan. Yoshlar va kattalarga moʻljallangan 36 sahifalik toʻplam mamlakatimizga davlat maqomi berilgan, mustaqillik qaror topayotgan damlarda ham amaliy xizmat qildi. Oʻzbek tilida ish yuritishimizda bu kitob juda qoʻl keladi. Kitobning maqsadi ham shunga qaratilgan edi.

Behbudiy Turkistonning kelajagi haqida oʻylar ekan, millatimizning taraqqiyoti borasida turli yoʻllarni qidirdi. Boylarga ham murojaat etdi. “Boshqa millatlarning boylari faqir va yetimlar uchun maktab va dorilfununlar soldururlar, faqir va yetimlarning oʻqimogʻi uchun vaqf (stipendiyalar) tayin qilur. Butun Turkiston oʻn boy elinda ming soʻmdan bersa, 25 bola uchun Toshkentda (diniy va zamonaviy) bir pansiunli va nahorli mukammal maktab bino boʻlur, har yil hukumat maktabinda 50 bola tayyorlaydur”, deb umid qiladi.

Behbudiyning qisqa, ammo salmoqli ijodiy faoliyati davomida yozgan asar va darsliklari taʼlim sohasida ulkan oʻrin tutishiga ishonch hosil qilamiz.

XX asr boshlarida Mahmudxoʻja Behbudiyning salmoqli isteʼdodi va zakovati tufayli yaratilgan asarlarini hech boʻlmaganda hozirgi kun yoshlariga, xalqimizga qaytarish oʻzbek ziyolilarining burchidir.

Shoira ABDUJALILOVA,

Chirchiq davlat pedagogika universiteti dotsenti