Berlindagi ijodiy kecha

    Har bir ijodkor hayotida kutilmagan baxtli daqiqalar boʻladi. Yo uning xayolida yangi muhtasham asarni yaratish gʻoyasi tugʻiladi, yoki nashriyotda uzoq yillardan beri yotgan kitobi chiqqan va muharrir suyunchi olish bilan birga muallif qulogʻiga: “Gonorari ham sizni kutib turibdi”, deb shivirlagan boʻladi.

    Yoxud muallifning uyiga bir yigit kirib kelib: “Men falon romaningiz qahramoni Falonchiyevning oʻgʻli boʻlaman. Agar otam rahmatli tirik boʻlganida oʻzi kelib, yaxshi asar yozganingiz uchun sizni quchoqlab, yelkangizga banoras toʻnni yopgan boʻlardi”, deb minnatdorlik bildirgan va ostonada turiboq toʻn kiygizib, belbogʻni mahkam bogʻlab, yozuvchini bir boʻy yuqoriga koʻtargan boʻladi.

    Dunyoda bundan ham ortiq va kutilmagan baxtli voqealar boʻlarkan. Ammo bu haqda sal oʻzimizni bosib olib, keyinroq soʻzlasak.

    ...1987-yilning sentyabr oyi. Kunlarning birida kaminaga Germaniyadan qoʻngʻiroq boʻlib qoldi. Berlin universiteti professori Ingeborg Baldauf hol-ahvol soʻraganidan soʻng sentyabr-­oktyabr oylaridan birida Berlin universitetida Choʻlponga bagʻishlangan ilmiy anjuman oʻtkazilishi va shu kechada Choʻlpon haqida maʼruza bilan qatnash­sam, ayni muddao boʻlishini aytdi. Bu kutilmagan voqea boʻlgani uchun biroz dovdirab qoldim.

    Buning sababi shunda ediki, biz, bir guruh adabiyotshunoslar, Choʻlpon va Fitratning ilgari taqiqlangan asarlarini eʼlon qila boshlagan edik. Hali biz bu jabrdiyda yozuvchilarga bagʻish­langan xalqaro ilmiy anjuman oʻtkazish u yoqda tursin, markazkom aynib qolmasmikin, degan xavotirda dir-dir titrab yashayotgan paytimiz edi.

    Oradan koʻp oʻtmay, markazkomni oʻrniga Prezident devoni dunyoga keldi. Kunlarning birida shu yerdan qoʻngʻiroq qilib, oʻzbek xalqi tarixida birinchi marta Germaniyada Oʻzbekiston kunlari oʻkazilajagini, shu xushnud marosim doirasida yana ikki tadbir rejalashtirilgani va kamina delegatsiya tarkibiga kiritilganimni aytishdi. Olmon yurtida Oʻzbekis­ton kunlari Berlin universitetida Choʻlponga bagʻish­langan anjuman bilan boshlanishi, shu kunning ertasiga esa, ikki mashhur oʻzbek ­shoiri — Erkin Vohidov bilan Abdulla Oripovning ijodiy kechasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan ekan...

    Bizni kutib olganlar orasida oʻzbek adabiyotining doʻsti Ingeborg xonim va uning turmush oʻrtogʻi ham bor edi...

    Shu kuni Berlin osmonida yulduzlar charaqlay boshlagan paytda kuz havosi bilan nafas olish, gurunglashish va oʻtajak ikki tadbir dasturi bilan tanishish maqsadida, Gyote diyorining goʻzal shaharlaridan birida sayr qildik. Ikki oʻzbek shoirining sheʼrlarini Ingeborg xonim bilan birga yana bir nemis adabiyotshunos olimasi Zigrid Klayn­mixel tarjima qilgan, shuningdek, ularning ­shogirdlari Nilgun Kyon-Gruhlke bilan Ayfer Durdu ham shu jarayondan chetda turishmagan ekan. Ingeborg xonimning turmush oʻrtogʻi Genrix oʻzbek shoirlarining rafiqasi tarjima qilgan sheʼrlarini oʻqib, E.Vohidovning Matmusa haqidagi turkumiga kirgan sheʼrlaridan, ayniqsa, taʼsirlangan ekan, oʻzbek shoirining oʻynoqi satrlarini eslab, yoʻl-yoʻlakay qah-qah otib bordi. Ular hozirgi nemis sheʼriyatida bunday ichakuzdi sheʼrlar yoʻqligidan juda-juda afsuslanishdi.

    Shu kunning ertasiga, tunda, endi E.Vohidov va A.Oripov bilan ham birga universitet atrofida sayr qilar ekanmiz, suhbat mavzusi Matmusa haqidagi sheʼrga ulanib ketdi. E.Vohidovning bunday xalqona sheʼrlarini yayrab tarjima qilgan I.Baldauf A.Oripov sheʼrlarini nemis tiliga oʻgirishda bir oz qiynalgan ekan. Shu voqeadan keyin har bir shoir ijodida kitobxon yayrab oʻqiydigan sheʼrlar ham boʻlishi lozimligini tushungan shoir real hayotdan olingan hajviy sheʼrlarni yozishga alohida eʼtibor berdi. Shunisi quvonarliki, Abdullajon bir chimdim achchiq soʻzdan toʻgʻri xulosa chiqardi.

    Ijodiy kecha kuni ham yetib keldi. Universitetning katta zallaridan biri. Zal oʻzbek shoirlari bilan uchrashish uchun kelgan nemislar, germaniyalik oʻzbeklar va turklar bilan toʻla. Gʻovur-gʻuvur avj olgan. Zalga kecha raisi bilan birga, ikki oʻzbek shoiri kirib kelishini hamma oʻrnidan turib, gulduros qarsaklar ila kutib oldi.

    Kecha raisi ijodiy kechani ochib, nemis tilida har ikki shoirning hozirgi oʻzbek sheʼriyatining mashhur namoyandalari ekanini aytib, yigʻilganlarni ularning tarjimayi hollari bilan tanishtirdi. Shundan keyin sheʼriyat bayrami bosh­lanib ketdi. Sheʼriyat kechasi E.Vohidovning “Uzum” gʻazali bilan boshlandi. Avval sheʼrning oʻzbek tilidagi goʻzal satrlari jaranglab ketdi:

    Termular shabnamli yaproq

    Ostidan pinhon uzum,

    Lablaringga yetmoq istab,

    Tong sahar giryon uzum...

    Bu satrlar yangrashi bilan oʻzbek va turk yoshlari oʻtirgan zal bir seskanib, kabutar yangligʻ parvozga koʻtarilgandek boʻladi. Sheʼr yangrashda davom etadi:

    Toqi osmon misli somon,

    Har taraf yulduz sochur,

    Voh ajab, bu ne sinoat,

    Yer uzum, osmon uzum...

    Nihoyat, xum ichida yotaverib mayga aylangan uzumning dardi oshkor boʻlib, hatto bu dard uni labo-lab qilgan insonning ham koʻzini qonga toʻldirgani maʼlum boʻladi:

    Xum ichida necha yil

    Xun boʻlmaq erkan qismati,

    Lablaringga yetdi oxir

    Bir piyola qon uzum.

    Bu xulosa banddagi “Xun boʻlmoq erkan qismati” satri kimningdir qulogʻiga: “Xun boʻlmoq Erkin qismati”, deb eshitildimi, zalni dastlab uning, keyin oʻzgalarning qarsaklari toʻldirib yuboradi.

    Shundan keyin talabalardan biri hali siyohi qurimagan sheʼrning nemis tiliga qilingan tarjimasini oʻqiganida zalning nemis yoshlari toʻldirib oʻtirgan qismida toʻqqiz ballik zilzila boshlangandek boʻldi.

    Shu sheʼrdan keyin E.Vohidovning “Bahor”, “Uchi tuguk dastroʻmol”, “Iztirob”, A.Oripovning esa “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni”, “Tabiat”, “Sogʻinch”, “Yulduz qazosi”, “Dunyoni qizgʻanma”, “Dunyo ishlari” singari sheʼrlari oʻzbek va nemis tillarida jarangladi.

    Tinglovchilar orasida birlari Osiyoning, ikkinchilari Yevropaning vakillari boʻlgan yoshlar oʻtirishar, ularning aksari nafaqat oʻzbek va turk, balki nemis tilini ham yaxshi bilardi. Tinglovchilarning bu qismi uchun oʻzbek shoirlari asarlarining qaysi tilda oʻqilayotgani farqsiz edi. Shunga qaramay, baʼzi sheʼrlarning soʻnggi satrlari qarsak sadolari ostida eshitilmay qolsa, baʼzilari quloqqa qiynalmay yetib kelardi, xolos. Shu hol zalda sheʼrlar va shoirlar oʻrtasida musobaqa boshlanganidan darak berdi. Bu tabiiy hol boʻlsa ham ikki shoirdan birining koʻpchilik oldida oʻksinib qolishi mumkin edi. Shuning uchun mutasaddilar talabalar tomonidan oʻqilgan, ammo katta olqish olmagan sheʼrlarning mazmun-mohiyati va poetik latofatini ochib berishga intilardilar.

    Oʻsha yillarda “perestroyka” soʻzi barcha jahon tillariga tarjima qilinib, sovet davlatining soʻnggi kunlarida kechgan algʻov-dalgʻov kunlarni ang­latar edi. Oʻqilajak sheʼrlar roʻyxatiga E.Vohidovning “Bizdan keyin hech bir avlod qayta qurmasin”, degan sheʼri ham kiritilgan ekan. Shoir “perestroyka” — “qayta qurish” soʻzini har kim har xil, masalan, olgʻir yoki johil, yoxud safsataboz oʻz tabiatidan, oʻz manfaatidan kelib chiqqan holda tushunganini aytib, sheʼrni bunday satrlar bilan tugatgan edi:

    Men uchun u derazadan

    Kirgan shamoldir,

    Bu shamoldan qogʻozlarim

    Aftodaholdir.

    Ular uchar, men ortidan

    Qarab turaman,

    Sheʼrim, men ham seni

    Qayta quraman.

    Kunlar koʻrdik,

    Ostonada turgan isteʼdod

    Bizning koʻrgan u kunlarni

    Qayta koʻrmasin.

    Shunday qayta quraylikki,

    Endi umrbod

    Bizdan keyin hech bir avlod

    Qayta qurmasin.

    Erkin Vohidov oʻzbek xalqi bosib oʻtgan murakkab tarixiy davrning murakkab sahifalariga nazar tashlaganida ham mavzu-masalani hajviy boʻyoqlar bilan talqin qilishning ustasi farangi boʻlgan. U shu sheʼrda koʻtarilgan masalani shunday talqin qilgan ediki, sheʼrxonning yuragida quvonch tuygʻulari emas, alam va nolalari isyon koʻtargandek boʻlardi. Ushbu sheʼrning oʻzbek yoshlariga manzur boʻlganining sababi shunda edi.

    Ammo sheʼr nemis tilida jaranglaganda ting­lovchilar “perestroyka” tarix qudugʻiga tushib qolgan shoʻro davlatining oʻlim oldidagi talvasasi boʻlganini tushundilarmi yo yoʻqmi, har holda qisqa olqishdan keyin zal oʻyga choʻmgandek boʻldi...

    Shu kuni Berlin universiteti tarixida birinchi marta ikki oʻzbek shoirining ijodiy kechasi boʻldi. Hali Navoiy gʻazallari yangramagan, hali Abdulla Qodiriy nomi tilga olinmagan, hali Oybekning “Navoiy”si kirib kelmagan, ammo koʻplab mumtoz va zamonaviy jahon adabiyoti namoyandalarining nomlari va asarlari katta hurmat bilan tilga olingan va eʼzozlangan zalda Erkin Vohidov bilan Abdulla Oripov ijodiga bagʻishlangan dilbar bir kechaning oʻtkazilishi, bu kechada mazkur ikki shoir haqida oʻzbek shoir va adabiyotshunoslari emas, balki nemis olimlari va talabalari soʻzlashi, ularning bir dasta sheʼrlarini Gyote va Geyne tiliga zavq bilan tarjima qilib, zavq bilan oʻqishi muhim tarixiy voqea edi. Agar Oʻzbekiston shu yillarda mustaqillikka erishmagan, sobiq sovet respublikalaridan biri boʻlib qolganida bunday tarixiy ijodiy kecha nafaqat Erkin Vohidov va Abdulla Oripov, balki kechani uyushtirgan nemis olimlarining ham tushlariga kirmagan boʻlarmidi.

    Bu ikki sevimli shoirimiz hayotining eng baxtli daqiqalari edi.

    Naim KARIMOV,

    akademik