“Besh tashabbus olimpiadasi” gʻoliblariga sport maydonlari qurib berilmoqda

    Toshkent viloyati boʻylab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ommaviy sport musobaqalari oʻtkazildi va umumiy hisobda 260 ming nafardan ziyod yoshlar musobaqalarga jalb qilindi.

    Toʻqqiz sport turini oʻz ichiga qamrab olgan mazkur ommaviy musobaqalarning birinchi bosqichi gʻoliblari tantanali ravishda taqdirlanishdi.

    Musobaqaning yana bir ahamiyatli jihati, unda gʻolib boʻlgan ishtirokchilarning mahallalariga 3 turdagi sport maydonchalarini qurib berish belgilangan.

    Ayni kunlarda joylarda mazkur sport maydonchalari qisqa vaqtlarda qurilib, birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.

    Ana shunday sport maydonlaridan biri Chirchiq shahrida Mirzo Ulugʻbek mahallasi yoshlariga tuhfa etildi.

    Taʼkidlanganidek, mahallalarda tashkil etiladigan sport maydonchalari 3 toifaga boʻlinadi. Bular: Universal sport maydonchasi, “Workout” va “Streetball” maydonlarini oʻzida jamlagan bolalar sport maydonchasi.

    Sport maydonchalarini hududlarga taqsimlash, musobaqalarda gʻolib boʻlgan ishtirokchilar egallagan oʻrinlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

    Bu kabi sport maydonlari mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi va yoshlar uchun doimiy badantarbiya va sogʻlomlashtirish mashqlari bilan shugʻullanish imkoniyatini yaratadi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkin, bu kabi sport maydonlari viloyatning 21 ta mahallasida quriladi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.