Muammo shundaki, bugungi yoshlar ma’lumotlarning qaysi birini qabul qilyapti? Bilimni qay usulda berish talab etilyapti? Oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishning yangi usullari joriy etilyaptimi? Faqat verbal kommunikasiyaga asoslangan ta’lim bugun o‘zini oqlamayotgani aniq. Chunki hozir texnika asri moʻjizaviy qudratini namoyon etayotgan davr.
Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, OTMlarning tarkibiy tuzilmasi va faoliyat mazmuni o‘zgarishi kabi ko‘rsatkichlar, iqtisodiyotning o‘sishi ta’lim sifatini oshirish zaruratini keltirib chiqaradi. Zotan oliy ta’lim yangilangan jamiyat qurilishida rivojlanayotgan va hal etuvchi kuchga ega tizimdir. Ayniqsa, 2017-yildan buyon o‘tgan vaqtda oliy ta’limga qiziqish va intilish jiddiy ortganini ko‘rish mumkin. OTMlar sonining keskin ortishi, xususiy sektorning tizimga kirib kelishi, chet el bilan hamkorlikning rivojlanishi, moddiytexnik bazaning yaxshilanishi oliy ta’lim nufuzini oshiradi.
Muammo qa’rida imkoniyat yotadi
Bugun oliy ta’lim tizimini obdon qoralab, tizimni “ishlamayotgan”ga chiqarish holati ko‘payganini ko‘ryapmiz. Bundan nima foyda? Bir bino qad rostlashi va mustahkam turishi uchun poydevorning, har bir g‘isht va to‘sinning ahamiyati qanchalik bo‘lsa, har bir sohaning o‘z ustasi, peshqadamlari o‘rnida bo‘lishi bugun shunchalik hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Oliy ta’lim professoro‘qituvchilari o‘z sohasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanadi, yo‘nalishiga taalluqli muammolarga ilmiy asoslangan yechim izlaydi va talabalarga muayyan fanlardan dars beradi. Yigitqizlarning kelajakda ma’lum bir mutaxassislik bo‘yicha ixtisoslashuviga ko‘maklashadi. OTMlar hozir har ikkala vazifani bajaryapti. Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglarda munosib o‘rinlarni egallayotgani, nufuzli ilmiy nashrlardagi maqolalar soni va sifati ortib borayotgani, sohaga oid muammolar bo‘yicha ishlayotgani hamda buning natijasida ko‘plab ixtiro patentlari, foydali modellar uchun guvohnomalar olinayotganini misol keltirish mumkin.
Hozir professoro‘qituvchi quruq, yengilyelpi bilim bilan talabaning oldiga borolmaydi. Boisi, chuqur bilim, asos langan axborot, yangi ilmiy ma’lumotga ega bo‘lmasangiz, auditoriyaning o‘zi sizni siqib chiqaradi. Istagan odam oliy ta’limga kira olmasligi aniq. Professoro‘qituvchi bilan tuziladigan bir yillik mehnat shartnomasi pedagog zimmasiga mas’uliyat yuklaydi. Yana bir gap: yildanyilga bilimli, xorijiy tilni mukammal egallagan, chet elda tahsil olgan, dissertasiya yoqlagan yosh kadrlar ko‘paymoqda. Bu esa raqobat va tanlovni kuchaytiryapti. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida ishga qabul qilish bo‘yicha tanlov hay’ati faoliyat yuritadi va nomzodlar obdon saralanadi. Talabalar bilan bevosita ishlash, ularga ta’lim dargohida va yashash joyida ko‘makchi bo‘lish uchun tyutorlik faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani professoro‘qituvchilarni ortiqcha qog‘ozbozlik, jadvallar to‘ldirishdan, tadbirlardan ozod qildi. Ancha yengillik berdi. Faqat ta’lim bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratmoqda.
Albatta, haqiqiy oliy ta’lim tamoyillari ustuvor bo‘lishi, hech kim majburan oliy ta’limda o‘qimasligi, o‘zlashtira olmagan talaba joyni band qilmasligi kerak. Imtiyozlar ham chegarasida bo‘lishi zarur. Fikrimcha, imtiyozlar o‘zlashtira olmayotgan talabaga emas, iqtidorli talabaga qo‘shimcha rag‘bat sifatida berilishi lozim.
Muammoni ko‘tarib chiqish to‘g‘ri. Agar kimdir bu masalani ko‘tarib chiqmas yoki o‘z qarashlarini bildirmas ekan, muammoning yechimi topilmaydi. Lekin masalani to‘g‘ri talqin etish va unga yechim sifatida taklif ham berish kerak. Har bir kishi o‘ziga tegishli vazifalarni chin dildan, astoydil, vijdonan bajara boshlasa, muammolar kamayib, yechimi topiladi.
Maqsad yuksak, harakat jiddiy
Har bir davr o‘z hisoboti, erishilgan natijalar ko‘lami bilan ahamiyatlidir. Tog‘-kon sanoati rivoji kadrlar tayyorlash tizimi oldiga katta vazifalar qo‘ymoqda. Dunyo bozorida qora va rangli metallarga talab ortishi ishlab chiqarish hajmining ko‘payishiga olib kelmoqda. Shuningdek, raqamlashtirish va avtomatlashtirish bugungi kunda metallurgiya sohasidagi dolzarb vazifa sifatida ko‘rilmoqda. Bundan kelib chiqib, tog‘kon sanoati mutaxassislarini tayyorlayotgan oliy ta’lim muassasalari zimmasidagi mas’uliyat ham ortmoqda. Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida ishlab chiqarish korxonalarining modernizasiyasi hisobiga yangi ta’lim yo‘nalishlari ochilmoqda. Joriy o‘quv yilida metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakulteti ish boshladi. Metallurgiya, foydali qazilma konlarini qazish (ochiq usulda), konchilik ishlarini elektrlashtirish va avtomatlashtirish yo‘nalishlarida ham talabalarga yuqori salohiyatli o‘qituvchilar ta’lim bermoqda. Filial ilmiy salohiyatidan kelib chiqib, metallurgiya yo‘nalishida doktorantura tashkil etildi. Ta’lim jarayonida mehnat qilayotgan 159 professoro‘qituvchidan 61 nafari ilmiy darajaga ega. Ilmiy salohiyat bugungi kunda 38,4 foizni tashkil etadi. 40 yoshgacha ilmiy darajalilarning ulushi 18,6 foizdan iborat. Bugungi kunda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida jami 5061 talaba tahsil olmoqda.
Filial professoro‘qituvchilari tomonidan davlat ilmiytexnika dasturlari doirasida umumiy qiymati qariyb 600 million so‘mlik “Mahalliy xomashyolar asosida agressiv muhitda ishlatiladigan keramik kislotaga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” mavzusida startap loyiha bo‘yicha ilmiy tadqiqot bajarildi. Hozir ishlab chiqarilayotgan kislotabardosh g‘ishtlarni “Olmaliq KMK” AJ korxonalariga sotish ustida ish olib borilmoqda. Shuningdek, davlat ilmiytexnika dasturlari doirasida umumiy qiymati 150 million so‘mlik “Qovun pashshasi (Myiopardalis pardalina Big.)ga qarshi feromonli tutqichlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” mavzusida innovasion loyiha amalga oshirildi. Toshkent davlat texnika universitetida “Xomashyolarni kremniysizlantirish” uskunasi amaliy sinovdan o‘tkazildi va metallurgiya korxonalari chiqindilaridan foydali komponentlar hamda kremniy xomashyosi olindi.
Filial professoro‘qituvchilari tomonidan ilmiy tadqiqot va ilmiyuslubiy ishlar natijalari bo‘yicha mahalliy va xorijiy ilmiy jurnallarda 288 ta maqola chop etildi. Uchta darslik, to‘qqizta o‘quv qo‘llanma, 13 ta monografiya nashr qilindi. Shuningdek, 22 ta dastur uchun guvohnoma, 5 ta ixtiro va foydali model uchun patent olindi. “Olmaliq KMK” AJ bilan 6 ta loyiha hamda “O‘zikkilamchirangli metall” AJ, “INTACT” MCHJ, “Asia Element Star” MCHJ bilan jami loyiha miqdori 1 milliard 380 million 550 ming so‘mlik 9 ta xo‘jalik shartnomasi bajarilmoqda.
Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, “Texnopark” OAJ, “Toshkent IES” AJ, “Ohangaronsement” AJ, “Toshkent metallurgiya zavodi” OAJ QK, “O‘zmetkombinat” AJ, “Dehqonobod kaliy koni” AJ, “AmmofosMaksam” AJ kabi korxonalar bilan innovasion hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Hamkorlikning malaka oshirish, o‘quv amaliyoti, doktorlik, nomzodlik, magistrlik dissertasiyalari, bitiruvmalakaviy ishlari, kurs ishlari ilmiy tadqiqot ishlarida hamkorlik, xo‘jalik shartnomasi kabi shakllari amalga oshirilmoqda.
Pulli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga filial tarkibida “spin off”larni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilyapti. TDTU Olmaliq filialining Ohangaron shahrida joylashgan binosidagi oshxona “TDTU OF — food” UK spin off asosida faoliyat yuritmoqda. Ushbu loyihani tashkil qilish orqali 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi, 3 nafar talaba ham mazkur korxonada ish yuritadi. Ko‘shimcha ravishda ishlab chiqarish mahsulotlarini ham tashkil etish inobatga olindi.
Oliy ta’lim tizimi yangilanish bosqichida. Har bir sohada keng ko‘lamli islohotlar samarasi yaqqol ko‘rinayotganiga ishonamiz, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi ham dunyo reytinglarida tan olinishi yaqin. Bu jarayonga har bir oliy ta’lim muassasasi, har bir jamoa o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishga qodir.
Alisher SAMADOV,
Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali direktori,
texnika fanlari doktori, professor