Bilim tashiyotgan “aqlvoy” sizning qishlogʻingizga ham bordimi?

    Fikr 15 Avgust 2023 2125

    Qishloqda tong otdi. Har bir yangi kun ayollarning uy yumushlariga unnashi bilan boshlanadi. Baʼzan u yer-bu yerda kuymalangan bolalar onalarini savolga koʻmadi. Oʻyinga andarmon boʻlib, koʻchaga uloqqan jajji qalblardagi hayrat eʼtiborsiz, olam va odam haqidagi oʻnlab savollar javobsiz qolaveradi...

    Quyosh ufqqa bosh qoʻyib, kun nihoyasiga yetgach, bolalar oʻyindan charchagan koʻyi apil-tapil ovqatlanadi-yu, uxlab qoladi. Yana tong otadi. Kechagi manzara yana takrorlanadi. Kunlar bir zaylda oʻtib boraveradi...

    Bir kuni qishloqqa “Aqlvoy” avtobusi kirib keldi. Quyosh batareyasi, konditsioner, issiq-sovuq suv, yeguliklarni isitish kabi qulayliklarga ega avtobusda bolalar maktabgacha taʼlim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

    Bundan 6–7 yillar avval 3,5 mingdan ortiq mahallada davlat bogʻchalari yoʻq edi. Bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish, shahar va qishloqlarda yashayotgan murgʻak qalb egalariga teng imkoniyat yaratish maqsadida maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini tashkil etishga kirishildi. Uzoq, borish qiyin boʻlgan hududlarda istiqomat qiluvchi bolalarga maktabgacha taʼlim xizmatini koʻrsatishga moʻljallangan “Aqlvoy” avtobuslari esa bu muammoga yechim boʻldi.

    — Qishlogʻimizga ilk bor “Aqlvoy” kirib kelganida bolajonlar, ayniqsa, ota-onalarning xursandchiligini koʻrganingizda edi. Yuqori Chirchiq tumanining chekka qishloqlari — “Qorsoy” va “Miyam qangli” MFYlarda mobil guruhlar tashkil etilib, “Aqlvoy” maktab taʼlimi bilan qamrab olinmagan oʻnlab qorakoʻzni oʻz bagʻriga olgani hudud aholisi uchun chinakam bayram boʻldi, — deydi tumandagi 12-MTT direktori Nafisa Mamenqulova. — Ikki mahallada ham avtobekat qurilgan. Bekatda ayvoncha va yashil maydoncha boʻlib, bolalar uchun moʻljallangan argʻimchoqlar ham oʻrnatilgan.

    Mobil guruhlarda 16 nafardan tarbiyalanuvchi uchta guruhda maktabgacha taʼlim uchun zarur koʻnikmalarni oʻzlashtiryapti. Oʻquv-tarbiya jarayoni “Ilk qadam” dasturi boʻyicha olib boriladi.

    Tasavvur qiling: ostonadan mayda qadam tashlab kirib kelayotgan farzandingizning “Oyi, bugun men besh baho oldim”, deya xursand qiyqirigʻi sizni qanchalar quvontiradi. Uyingiz koʻrki boʻlmish farzandingizning har bir yutugʻi koʻksingizni togʻdek koʻtaradi. Zero, ota-ona uchun farzand kamolini koʻrishdan ortiqroq baxt yoʻq. Ha, maktabgacha taʼlimning muqobil turi boʻlgan ushbu loyihaning pilot bosqichida mobil bogʻchalarga talab yuqoriligi maʼlum boʻldi hamda yurtimizning boshqa olis va chekka hududlarida ham tashkil etila boshladi.

    Avtobus yoʻnalishining har bir oʻyin maydonchasi maxsus qurilgan soyabonli oʻyingoh bilan jihozlangan. Bolalar bu oʻyingoh va avtobuslarda qiziqarli oʻyin shaklidagi mashgʻulotlarda qatnashadi.

    “Aqlvoy” mobil guruhi 2019-yil faoliyat boshlagan. Maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlmagan olis va chekka hududlarda MTTga qamrab olinmagan bolalarni maktab talimiga tayyorlash maqsadida yoʻlga chiqqan avtobus Parkent tumanining chekka Sanganak va Nomdanak qishloqlariga ham yetib bordi. Bu qishloqlarning har biridan 48 nafardan bola ushbu “avtobus bogʻcha”ga jalb etilgan.

    “Aqlvoy”da tarbiyalanuvchilar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Issiq-sovuq suv uchun kuler, yeguliklarini isitish uchun mikrotoʻlqinli pech, xona haroratini meʼyorda ushlash uchun konditsioner, bolalar mashgʻulot oʻtashi uchun stol-stullar, maxsus burchaklar, oʻyinchoqlar, televizor ham bor.

    — Qishlogʻimizda ilgari bogʻcha boʻlmagan. Biz ham bolalarimiz orasta kiyinib, bogʻchada taʼlim-tarbiya olishini orzu qilganmiz. Endi ana shu orzumiz ushaldi. Olti yoshli qizim ham mobil bogʻchaga qatnayapti. Uyga kelgach, bizga sheʼrlar aytib beradi, sanaydi, rasm chizib koʻrsatadi. Qishlogʻimiz bolalari ham shahardagi tengdoshlari bilan bir xil taʼlim olyotganidan xursandmiz, — deydi sanganaklik Maʼsuda Teshaboyeva.

    2019–2020 oʻquv yilidan boshlab loyiha dastlab yurtimizning 13 ta hududidagi markazdan olis 44 ta mahalla fuqarolar yigʻinida amaliyotga tatbiq etildi. Qayta jihozlangan 16 ta ISUZU rusumli avtobus bazasida 93 ta mobil guruh tashkil etilib, maktabgacha yoshdagi bir yarim mingdan ziyod bola qamrab olindi.

    Bu yil may oyida ana shunday 7 ta avtobus Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga yuborildi. Natijada mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha 156 MFYda 72 ta avtobus bazasida tashkil etilgan 429 ta mobil guruhga 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan 7 mingga yaqin oʻgʻil-qiz qamrab olindi.

    Raqamlar gapirganda...

    Bolalarning maktabgacha taʼlimga qamrovini oshirish juda katta ish. Keling, bu boʻyicha qilingan ishlarga bir qur nazar tashlaymiz. Avvalo, oʻtgan davrda bogʻchalar soni 5 barobar oshirildi. Maktabgacha taʼlimning turli shakllari joriy etildi. Davlat-xususiy sheriklik, xususiy oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari, mobil guruhlar tashkil etildi. Bularning hammasi bolalarga ilk yoshdan sifatli taʼlim-tarbiya berish, ularni har jihatdan yetuk qilib tarbiyalashni maqsad qilgan.

    Shu ishlar tufayli 2017-yilda 708 ming bola bogʻchaga borgan boʻlsa, bugun ular soni 2 milliondan oshdi. Bu ham boʻlsa kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish barobarida ularni har tomonlama rivojlantirish, kelajakda yaxshi insonlar qilib ulgʻaytirish uchun qilinayotgan katta ishlar.

    Hammasi yaxshi, lekin taʼlim sifati-chi?

    2017–2021-yillarda sohada asosiy urgʻu aynan qamrov masalasiga qaratilgan boʻlsa, endilikda sifat masalasi kun tartibiga chiqmoqda. Aynan maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablari va “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi yaratilgani bu borada yaxshi ish boʻldi. Jahon miqyosida tan olingan bu dasturning oʻziga xosligi shundaki, u bola shaxsiga yoʻnaltirilgan. Oʻyin metodi orqali kompetensiyaviy yondashuv asosida ishlab chiqilgan. Ushbu yondashuv maktabgacha yoshdagi bolaning har tomonlama yetuk, ruhan sogʻlom, jismonan baquvvat boʻlib rivojlanishi uchun xizmat qilishi kerak. Bolaning maktab taʼlimiga oʻtishida muhim 4 ta kompetensiya shakllanadi. Bular: kommunikativ, ijtimoiy, shaxsiy va bilish kompetensiyalari. Mazkur dastur bularning barchasini qamrab olgan.

    — Oʻtgan yili Oʻzbekistonda birinchi marta taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro PISA imtihonlari oʻtkazildi. Bu sinov egallagan bilimidan kelib chiqib, bolani hayotiy muammoni yechishga oʻrgatadi. Bundan tashqari, boshqa xalqaro dasturlar ham bor. Ularning hammasi biror yoʻnalish boʻyicha baholash imkonini beradi. Endi maktabgacha taʼlim sifatiga kelsak, shu kungacha biror-bir xalqaro instrument orqali bu tekshirilmagan, — deydi Maktabgacha taʼlim agentligi direktori oʻrinbosari Oyatullo Rahmatillayev. — Toʻgʻri, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish va akkreditatsiya qilish instrumentlari boʻlgan. Shu orqali u yoki bu usullar bilan taʼlim sifatining baʼzi darajalarini bilganmiz. Lekin, ochiq aytish kerak, bu bizga vaziyatni yaqqol ochib bermagan. Qaysi darajada, qaysi masala boʻyicha ishlashimiz kerakligini bilmaganmiz. Endi bu borada muayyan qadamlar qoʻyilyapti. Shu kecha-kunduzda Jahon banki loyihasi doirasida MELQO (measuring early learning quality outcomes), yaʼni erta yoshdagi bolalar taʼlimi sifati va natijalarini baholash boʻyicha xalqaro baholash instrumentlari qoʻllanyapti. MELQO instrumenti butun dunyoda aynan maktabgacha taʼlim tizimini baholaydigan instrument. Undan foydalangan holda taʼlim sifatini baholash jarayonining dastlabki ikki bosqichini oʻtkazyapmiz. Birinchi bosqichi — moslashish. Yaʼni har qanday instrument Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirilishi kerak. Buni biz oʻzimizning sharoitga moslashtirdik. Birinchi bosqichda ishtirok etadigan oʻnta bogʻchada xalqaro konsultant ishtirokida taʼlim sifatini oʻrganishda ishtirok etadigan pedagoglar tayyorlanmoqda. Har bir pedagog maxsus treninglardan oʻtadi. Soʻng mana shu oʻnta bogʻchada taʼlim sifatini tekshiramiz. Xalqaro instrumentning samarasi nimada koʻrindi, yana nimaga eʼtibor qaratish kerak, degan savollarga oydinlik kiritiladi. Baholash instrumentining samarasi koʻzga tashlangach, shu yilning oxirigacha 100 ta bogʻchada qoʻllaymiz. Bu baholash instrumenti nafaqat davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, balki oilaviy bogʻchalarda ham qoʻllanib, hamma joyda sifat bir xilligi taʼminlanadi. Shu bilan birga, har bir maktabgacha taʼlim tashkilotida bu boradagi kamchiliklarimizni aniqlab, ularni bartaraf etish, joylarda maktabgacha taʼlim sifatini oshirish boʻyicha keyingi qadamlarni qoʻya boshlaymiz. Toʻgʻri, oʻtgan davrda bogʻchalar soni jihatidan yaxshi koʻrsatkichga erishdik. Chunki oldimizda dastlabki turgan maqsad bolalar qamrovini oshirish edi. Endi esa toʻliq sifatga eʼtibor qaratilyapti. Maktabgacha taʼlim sifatini taʼminlashda oʻquv-metodik taʼminoti alohida ahamiyatga egaligini aytish kerak. Bu boʻyicha ham muayyan ishlar qilinmoqda. Misol uchun, oʻtgan yilning oʻzida birinchi marta nodavlat oilaviy maktabgacha tashkilotlar 42 milliard soʻmlik oʻquv-didaktik materiallar bilan taʼminlandi. Joriy yilda esa yana 8 mingta nodavlat bogʻcha 35 nomdagi oʻquv didaktik-materiallar bilan taʼminlanishi koʻzda tutilyapti. Shu kunlarda bu oʻquv materiallari tayyorlab qoʻyilgan. Yangi oʻquv yili boshida yetkazib beriladi. Bu ham nodavlat oilaviy tashkilotlarda taʼlim-tarbiya sifatini oshirishga yordam beradi.

    Umuman, davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻladimi yoki oilaviymi — taʼlim sifatiga qoʻyiladigan talab yagona. Chunki “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi barcha taʼlim tashkilotlari uchun amal qiladigan yagona oʻquv dasturidir.

    Pedagog malakasi nega muhim?

    Maktabgacha taʼlim sifati, birinchi navbatda, shu tizimda ishlayotgan pedagoglar saviyasi, mahorati, tayyorgarlik darajasiga bogʻliq. Bugun tizimda 150 mingdan ziyod mutaxassis faoliyat yurityapti. Vaholanki, bu koʻrsatkich 2017-yilda atigi 58 ming nafar edi.

    2017/2018 oʻquv yilidan boshlab yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida maxsus sirtqi, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab sirtqi va kechki taʼlim shakllarida maktabgacha taʼlim uchun kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Maktabgacha taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavriatda taʼlim olish muddati uch yil etib belgilandi.

    Qabul koʻrsatkichlarining oshirilishi, maxsus sirtqi va sirtqi taʼlim shaklining tashkil etilishi natijasida kadrlarga yuqori ehtiyojni inobatga olgan holda soʻnggi uch yilda mazkur taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qabul kvotasi 2,5 barobar oshirildi.

    Shu yilning 25-iyun — 8-iyul kunlari Maktabgacha taʼlim agentligi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) oʻrtasidagi hamkorlik doirasida maktabgacha taʼlim sohasidagi 15 nafar oʻzbek mutaxassisi SOON CHUN HYANG universitetida malaka oshirish uchun Koreya Respublikasiga yuborildi.

    Taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida oʻquv-didaktik majmualar, qoʻllanmalar, koʻrgazmali va tarqatma materiallar, rivojlantiruvchi oʻyinlar va albatta turli oʻyinchoqlar davlat tomonidan har oʻquv yili boshida yetkazilib beriladi. Har bir pedagog yangi oʻquv yiliga ish hujjatlari bilan taʼminlanmoqda. Shular qatorida, har bir guruhda zamonaviy audio-video qurilmalar oʻrnatilgan boʻlib, taʼlim jarayonida foydalanish uchun elektron resurslar mavjud.

    Kichkintoylarning katta yutuqlari

    Shu yilning 29–30-iyul kunlari Sankt-Peterburg shahrida “Academy IQ-2023” IV Xalqaro mental arifmetika olimpiadasi boʻlib oʻtdi. Olimpiadada Samarqand viloyati Payariq tumanidagi “Manzurabonu” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari Saidkamol Ravshanov hamda Sarvar Sunnatov chempion boʻldi.

    Mental arifmetikada qiziqarli topshiriqlar orqali kichik bilimdonlar nafaqat hisoblashni oʻzlashtiradi, balki fikrlash, xotira va intellektual qobiliyatini rivojlantiradi. Bu kabi nufuzli musobaqalarda jajji bolajonlarimizning gʻalabasi yurtimizda taʼlim-tarbiya tizimiga berilayotgan eʼtibor besamar ketmayotganini koʻrsatadi.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri