Hademay mustaqilligimizga 30 yil toʻladi. Tarix uchun bu juda qisqa davr, ammo yurtimiz qoʻlga kiritayotgan yutuqlar oʻta zalvorli. Ayniqsa, keyingi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning qaysi sohasini olmaylik, ulkan marralar zabt etilganiga guvoh boʻlyapmiz. Xususan, taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor beqiyos.

Bugun taraqqiyotning tamal toshi, yurtni qudratli, millatni buyuk qila oladigan kuch boʻlgan taʼlim­tarbiyaga, ilm­fanga eʼtibor har galgidan yuqori. Taʼlimda suyagi qotgan, 50 yillik tajribaga ega pedagog sifatida umrimning mustaqillik yillarida oʻtgan davriga nazar tashlagim keldi.

1985-yili viloyat miqyosida ilk bor Qarshi shahridagi 5­ maktabda matematika fani chuqur oʻrganiladigan sinf ochilgan. Oʻsha paytdagi muammolarni eslasam, ehheye... Sinf uzrli sabablar bilan bir hafta kech ochilgani uchun barcha fan oʻqituvchilari yarim yil maoshsiz qolib ketgandi.

Sobiq ittifoq davrida birgina bogʻcha yoki maktab ochish uchun ham yuqoridan yillab ruxsat kutishlar, asab buzishlar koʻp uchrardi. Birgina misol, Qashqadaryo viloyatida fizika­matematika maktabi ochish uchun qilingan urinishlar befoyda ketgan.

Bugun yurtimizda matematika, kimyo, fizika fanlari chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar har bir tumanda tashkil etilayotganining oʻzi bir moʻjiza. Bu maktab oʻquvchilari Oʻzbekistonning yangi tarixini bitadi. Ularni birinchi va ikkinchi Renessansni qurgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari, yangi Renessans bunyodkorlari deb ayta olamiz.

Yoshlarni ajdodlarga munosib avlod etib tarbiyalash ustozlar zimmasida. Ming yillar davomida shakllangan milliy taʼlim­tarbiya tizimi yoshlar uchun ibrat namunasi boʻlmogʻi lozim. Buyuk alloma bobolarimiz Imom Buxoriy, Moturidiy, Abu Muin Nasafiy singari zotlar tarixda oʻchmas iz qoldirgan. Bu ulkan merosni yoshlar shuuriga chuqur singdirib, millatimiz shaʼnini baland tutmogʻimiz shart.

Prezidentimiz bejiz “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, demadi. Maktabga eʼtibor kelajakka eʼtibor demakdir. Oʻqitish samaradorligini oshirishga qaratilgan saʼy­harakatlarni koʻrib, nega 50 yil keyin tugʻilmadim, deb afsuslanaman. Oʻqituvchilarga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarni sanab ulgurolmaymiz. Oʻtgan asrning 80­yillarida kalkulyator bilan taʼminlangan sinf namunali sanalgan boʻlsa, hozir har bir oʻquvchimizda noutbuk bor.

Hatto bogʻcha bolasi ham maktabga bormay turib, kompyuter orqali chet tillarni bemalol oʻrganmoqda. Ayniqsa, boshlangʻich sinf oʻquvchilarining mental arifmetika boʻyicha dunyo miqyosida qoʻlga kiritayotgan yutuqlari havas qilsa arzigulik.

Bitiruvchi sinf oʻquvchilari jahonning oʻndan ziyod mashhur oliy taʼlim muassasasiga muddatidan oldin oʻqishga kiryapti.

Bunaqasi oldin boʻlgan emas. Bu yutuqlarni koʻrib, biz — keksa avlod vakillari faxrlanamiz, dildan quvonamiz.

Mustaqillikka qadar 20 yil ishlab, hatto “xalq maorifi aʼlochisi” koʻkrak nishonini olmaganman. Endi qarangki, mustaqillik yillarida kamtarona xizmatlarim uch marotaba davlat mukofotiga munosib koʻrildi. 1996-yili “Mehnat shuhrati” ordeni, 2007-yili “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” faxriy unvoni, 2016-yili Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga munosib koʻrildim. Bu menga iqbolning kulib boqqani edi. Oddiy maktab oʻqituvchisining Oʻzbekiston Qahramoni boʻlishi, eʼtibor, ehtirom, eʼzoz topishi... buni soʻz bilan ifodalashga ojizman.

Maktabimizga Fransiyadan mehmon kelganida, meni Oʻzbekiston Qahramoni deb tanishtirishdi. Shunda mehmonlar hayratini koʻrganingizda edi! Ular mamlakatida oʻqituvchilar uchun bunday yuksak mukofot yoʻqligini afsus bilan bildirdi. Qarang, bugun yurtimizda oʻqituvchiga eʼtibor qay darajada!

Mendan nega oʻqituvchilik kasbini tanlaganimni tez­tez soʻrab turishadi. Bu havasni menga onam singdirgan, kichikligimdan, “Bolam, oʻqituvchi boʻl”, deb qulogʻimga quyib borgan. Hatto universitetni tugatib, maktabda ishlayotganimda ham “Maktabdan uzoqlashma”, deb koʻp aytar edi. Chunki universitet, institutlarga tez­tez ishga taklif etishardi. Shunda onam rahmatli “Sen maktab bolasini oʻqityapsan, hali bir kuni samarasini koʻrasan”, deb maktabdan uzilishimga yoʻl qoʻymasdi. Onam aytgandek boʻldi — mehnatim samarasini koʻrdim.

Taqdirimdan, yaʼni oʻqituvchi boʻlganimdan xursandman. Ishonasizmi, biometrik pasportimga hatto barmoqlarim izi tushmagan. Sababi, uzoq yillar boʻr ushlayverib­ushlayverib, barmoqlar izi ham oʻchib ketgan. Shunaqasi ham boʻlar ekan­da.

Baʼzan “Siz toʻkin oilada oʻsganmisiz?” deb soʻrashadi. Shunda farroshning qizi boʻlganimni, onam chelak, supurgi koʻtarib, yetti farzandning hammasini oliy maʼlumotli qilib oʻstirganini faxr bilan aytaman.

Yillar davomida yosh oʻqituvchilar va iqtidorli oʻquvchilar uchun beshta qoʻllanma, oliy oʻquv yurtlariga kiruvchilar uchun esa 5000 dan ziyod test toʻplamini tayyorladim. Oʻquvchilarimning 21 nafari mamlakat miqyosida oʻtkazilgan matematika olimpiadasida, 3 nafari xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni egallagan.

Shogirdlarim bilan faxrlanaman. Yosh oʻquvchilar “Meni shogirdlikka oling”, deb murojaat qilsa, har doim “Shartim shuki, kelajakda mendan oʻzib ketsang, shogirdlikka qabul qilaman”, deb javob berganman.

7­ sinf “Geometriya” darsligi mualliflaridan biri, marhum Ulugʻbek Sagʻdiyev ham shogirdim. Iqtidorli oʻquvchilar uchun beshta, yosh oʻqituvchilar uchun ikkita uslubiy qoʻllanma yozgan.

Yana bir shogirdim Shahnozaxon Gʻaniyeva I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialiga oʻqishga kiruvchilar uchun “Elementar matematika kursi masalalarining yechimi” qoʻllanmasini tayyorladi.

Oʻquvchilarimdan uch nafari fan doktori, yigirmadan ziyodi fan nomzodi. Yurtimizdagi turli oliy taʼlim muassasalari va nufuzli tashkilotlarda samarali mehnat qilib kelmoqda. Mana shunday oʻquvchilarim sabab ellik yildirki, maktab ostonasidan uzoqlasha olmayman. Bolalar hayotim mazmuniga aylangan.

Xalqimiz baxtli, saodatli yashashga, tinch, farovon hayot kechirishga mustaqillik sharofati tufayli erishganini oʻylasam, behisob shukronalar aytaman. Soʻnggi yillarda boshqa sohalar qatori taʼlimda boʻlayotgan oʻzgarishlar, yuksalishlar qalbimga gʻurur bagʻishlaydi. Shu yurtning farzandi ekanimdan faxrlanaman!