“O'tkan kunlar” romanida o'z xalqining o'tmishi, milliy madaniyati va qadriyatlariga bo'lgan sobit munosabat, millatning kelajagini uning erkida, ozodligida, ma'rifatida ko'rish, o'zbekona tafakkur, o'zbekona urf-odat, o'zbekona xarakter va obraz, o'zbekona mentalitetni betakror badiiy tasvir vositalari orqali tasvirlab berish Abdulla Qodiriyning bosh maqsadi bo'lgan. Shuning uchun ham asarni o'zbek xalqi qadriyatlarining badiiy “qomusi” deyishimiz mumkin.
Adibning “O'tgan kunlar” romani kabi boshqa asarlarining shu qadar shuhrat topishining siri-sinoati nimada? Bizning nazarimizda, bu savolga javobni akademik Naim Karimovning “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobidan topamiz.
XX asr adabiyotshunosligi, yangi asr madaniyati hamda adabiyotida akademik Naim Karimovning alohida o'rni bor. Bu fidoiy, zahmatkash olimning umri tom ma'noda adabiyot va san'atimiz rivojiga, ulug'larimiz hayotining ko'pchilikka noma'lum bo'lgan tomonlarini yoritishga baxshida bo'ldi. Ayniqsa, olimning mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish yo'lidagi xizmatlari cheksizdir. Atoqli olim Cho'lpon, Oybek, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Maqsud Shayxzoda kabi XX asrning ulug'lari hayoti va ijodiga bag'ishlangan kitoblar, oliy va o'rta o'quv yurtlari uchun nashr etilgan qator darslik, majmua va o'quv qo'llanmalari yaratdi. U shu davrdagi o'zbek adabiyoti va uning yirik vakillari ijodini milliy g'oya mezonlari asosida o'rganish ishini birinchilardan bo'lib boshlab berdi. Uning ilmiy faoliyatida adabiyot hodisalarini tarixiy voqealar, badiiy asarni esa yozuvchi hayoti va ma'naviy-estetik olami bilan uzviy aloqada o'rganish ustuvorlik qiladi.
O'z davrida akademik Baxtiyor Nazarov olimning adabiyotimiz tarixi oldidagi xizmatlariga: “Naim Karimov o'zbek adabiyotshunosligida zamonaviy asarlar matnshunosligiga asos soldi. Olim bu mehnati mobaynida adabiyotimiz tarixida birinchi bo'lib adibning chala qolgan asarlari bilan tanishdigina emas, ularni chuqur va atroflicha o'rganish baxtiga noil bo'ldi... Ayniqsa, “Cho'lpon” hamda “Maqsud Shayxzoda” ma'rifiy romanlari, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi borasida olib borgan tadqiqotlari bu adiblar hayoti va ijodini o'rganish bo'yicha adabiyotimizda yangi sahifalar ochishdan tashqari, buyuk so'z san'atkorlari hayoti va ijodi haqida nainki ilmiy, balki badiiylashgan ilmiy tafakkur yuritishning o'zbek adabiyotidagi jahon andazalaridan qolishmaydigan go'zal nanunalaridan bo'ldi”, deya yuksak baho bergandi.
“Abdulla Qodiriy zamondoshlari” asari akademik Naim Karimov tomonidan so'nggi yillarda yaratilgan fundamental asarlardan biri, buyuk adib haqida to'laqonli ma'lumot beruvchi, qomusiy asardir.
Har davrning o'z qiyinchikliklari, murakkabliklari bo'lsa-da, har qanday ijtimoiy muhitning ijodkor hayoti va ruhiyatiga ta'sirini inkor etib bo'lmasa-da, Qodiriy va uning zamondoshlari yashagan davr, muhit tamomila boshqacha edi. Olim shunchaki Abdulla Qodiriy va uning zamondoshlari hayoti va ijodi haqida ma'lumot beribgina qolish emas, balki kitob muqaddimasida aytilganidek, jahon tamaddun taraqqiyotiga munosib hissa qo'shgan Ahmad Yassaviy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi allomalari bilan bir qatorda, bu an'analarning XX asrda ham davom etganligi, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho'lpon, Qodiriy kabi o'z davrining “mash'al adiblari” bo'lganligini, Abdulla Qodiriy ijodini o'rganish orqali o'tgan asr boshida yangilanishga yuz tutgan o'zbek adabiyoti, o'zbek tafakkuridagi evrilishlar bosqichini yoritib berishni o'z oldiga maqsad qilib qo'yadi. Naim Karimov bu davrni adabiyotimizning “oltin davr”i deb ataydi.
Bu qomusni yaratish uchun Naim Karimov uzoq tayyorgarlik ko'rgan. Salkam etmish yillik umri ushbu kitobda aks etgan voqealar, faktlar, tahlillar bilan bevosita bog'liq desak, xato qilmaymiz. U kishi 1955–1958 yillarda O'zbekiston davlat universitetining o'zbek adabiyoti ixtisosligi bo'yicha aspiranturada tahsil ola boshlagan kundan e'tiboran Qodiriy davriga taalluqli ma'lumotlarga to'qnash kelgan. Hamid Olimjon yoxud Oybek haqida yozadimi, baribir Qodiriy davri va uning zamondoshlari bilan bog'liq faktlarga duch kelavergan.
Bundan salkam qirq yilcha oldin yozgan bir maqolasiga “Adib yaratgan bog'” deb sarlavha qo'ygandi. Oradan yillar o'tib akademik olimimiz bu bog'ning haqiqiy “bog'boni” ekanini yana bir karra isbotladi.
“Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobi tarix va adabiyot birlashganligi hamda taqdirlar chambarchas uyg'unlik kasb etganligi bilan qimmatli, ikki soha uchun ham bir xilda boy manbadir.
Akademik Naim Karimov XX asrning bugun tarixga aylangan og'ir qatag'on yillarida yashagan va Abdulla Qodiriy bilan bevosita muloqotda bo'lgan odamlar bilan ko'rishgan, suhbat qurgan va ilmiy xulosalarga kelgan. SHuning uchun kitob boy va turfa xil asosli ma'lumotlarga ega. Muallifga kitob qahramonlari, ularning taqdiriga begona yoki uzoq emas. Bu kitobni “bir asrlik tadqiqot” deb atash mumkin. Zero, Abdulla Qodiriy haqida bu nashrga kirgan ma'lumotlar salkam bir asr mobaynida yig'ilgan, o'rganilgan, tajribaga boy nigoh ila tadqiq etilgan. Shuning uchun Abdulla Qodiriy ijodi bo'yicha olib borgan tadqiqotlar ichida fidoyi adabiyotshunos olimning ishlari ulkan ahamiyatga ega va ishonchliligi bilan ajralib turadi. Naim Karimovning tili ravon va ruhiyatning lirik tasvirlariga alohida e'tibor qaratishi kitobning yanada o'qishli qilgan.
Muallif “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobidagi qahramonlarni adib asarlaridan ayro qilmaydi, ularni shunchaki tadqiq ham qilmaydi, balki tarixiy sababiyatlarini chuqur o'rganib, shaxs hayoti, zamon taloto'plari, asarlarining matn tarixi va matnshunoslik jihatlaridan kelib chiqib yondashadi. Bu esa muallifga katta va keng manbalar yo'lini ochib bergan.
Kitobning ko'lami shu darajada kattaki, buni butun boshli bir institut ilmiy xodimlari emas, balki yoshi to'qsonni qoralayotgan olimning bir o'zi yozgani hayrat va katta hurmat uyg'otadi.
Ushbu kitob ulug' adibimiz Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini o'rganish va tadqiq qilishda katta yangilik, yozuvchi ijodini tahlil qilishda yangi bir jabha ochdi. Unda adib yaxshi tanigan, bilgan, yaqindan munosabatda bo'lgan olim va yozuvchilardan tortib, oddiy odamlargacha qamrab olingan. Shu jihati bilan bu kitob Abdulla Qodiriyning biz bilgan va bilmagan jihatlarini yangidan anglash va idrok etish imkonini beradi. Ushbu asar nafaqat mutaxassislar, adabiyotshunos olimlar, balki keng kitobxonlar davrasida sevib mutolaa qilinayotgani zahmatkash olimning uzoq yillik mehnati samarasi natijasidir.
Akademik N.Karimovning mazkur qomusi O'zbekiston madaniyati va adabiyotini o'rganishda g'oyat dolzarb bo'lib, unda deyarli unutilib ketayozgan o'nlab ziyolilar nomlari o'rin olgan. Yangi davr va ayniqsa, uchinchi Renessansga qadam qo'yilar ekan, ushbu kitob yosh avlodga tariximizning qorong'u nuqtalarini yoritishga, millatimiz fidoyilarni tanitishda bir ulug' mujda bo'ladi. Hech shubhasiz, bugungi adabiy jarayon, milliy ma'naviyatimizda mazkur asarning o'rni benihoya yuksak.
Abdulla Qodiriy ijodini o'rganish miqyosini Naim Karimov olib borgan ilmiy va ijodiy izlanishlarsiz tasavvur qilish, tadqiq qilish mumkin emas. O'zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov ta'biri bilan aytganda: “XX asr o'zbek adabiyotini ikkinchi yarmidagi o'zbek adabiyotidagi rivojlanishni Naim Karimovsiz tasavvur qilib bo'lmaydi”.
Qomusni varaqlar ekansiz, muallif unda keltirilgan faktlar muhrlangan minglab sahifalar changini yutib, ularni erinmay hijjalab, miridan-sirigacha o'rganib, katta bir ilm bilan yozganligiga amin bo'lamiz.
Naim Karimovning ushbu qomusiy asari buyuk yozuvchi hayoti va ijodini o'rganishda yangi bir bosqichni boshlab beradi va hech shubhasiz milliy ma'naviyatimizda, yoshlar tarbiyasida alohida o'rin tutadi. Abdulla Qodiriy siymosida o'zbek adabiyoti tarixini o'rganishdagi eng muhim manbalardan biri bo'lib xizmat qiladigan ushbu muhtasham asar adabiyot sohasida davlat mukofotiga har jihatdan munosib.
Jabbor eshonqulov,
O'zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori,
filologiya fanlari doktori, professor