Tilshunoslikda millatdoshlik, yurtdoshlik tushunchalari, atamalari ham bor. Lekin millatdoshlik boshqa, vatandoshlik yoki yurtdoshlik boshqa. Jahondagi 220 dan ziyod mamlakatda yashayotgan 3500 millat va elat bir-biriga millatdosh boʻlgani bilan yurtdosh emas. Yurtdoshlik – abadiy, vatandoshlik boqiydir.
Inson borki, uning quvonchli, qaygʻuli kunlari boʻladi. Toʻy qiladi, turli maʼrakalar oʻtkazadi. Shunday paytda uzoqdagi qarindoshingiz yoki millatdoshingiz emas, boshqa millat vakili boʻlsa ham qoʻni-qoʻshningiz, mahalladoshingiz, doʻst-birodaringiz yoningizda turadi, yordamga keladi, hol-ahvolingizdan xabar oladi. Shu bois ham “Qoʻshning tinch — sen tinch”, “Yurting osoyishta — qalbing osoyishta” degan maqollar paydo boʻlgan.
Yurtimizda koʻplab millat va elat vakillari oʻzaro doʻstlik va hamjihatlikda yashab kelmoqda. Jumladan, Jizzax viloyatida, xususan, Zomin, Baxmal va choʻl tumanlarida qirgʻiz millatiga mansub aholi ham istiqomat qiladi. Oʻzbekistondagi boshqa xalqlar kabi ularning niyati-yu istagi bir: ota-bobolari tanlagan, azaldan qoʻnim topgan shu yurt ravnaqi uchun, Oʻzbekistondek betakror goʻshani gullatish uchun fidoyilik koʻrsatib mehnat qilish, boyligiga boylik, nufuziga-nufuz qoʻshish. Qoʻni-qoʻshni, quda-anda boʻlib, bir bagʻir, bir tan, bir jon boʻlib yashash.
Viloyatda yashovchi qirgʻizlar respublikamizning ijtimoiy va iqtisodiy sohalarida, jumladan taʼlim, madaniyat, sport, tibbiyot, ilm-fan, sud-huquq tizimida, qishloq xoʻjaligida va yana koʻplab sohalarda namunali xizmat qilib kelmoqda.
Viloyatda qirgʻiz tilida oʻqitiladigan 14 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi bor. Ularda 700 ga yaqin oʻqituvchi oʻn mingdan ziyod oʻquvchiga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda. Yoshlarimizning barkamol insonlar boʻlib yetishishlari uchun hukumatimiz tomonidan barcha sharoit yaratilgan. Taʼlim muassasalarining zamonaviy jihozlar, kompyuter texnikalari, oʻquv va metodik adabiyotlar bilan taʼminlanishi yuqori darajada. Davlatimizning bunday gʻamxoʻrliklari xalqimizning kelajakka ishonchini va yoshlarning bilimga boʻlgan ishtiyoqini yanada oshirmoqda.
Shu oʻrinda, qayd etish joizki, oʻzbek va qirgʻiz millatlarining ildizi, tili, dini bir. Baʼzan bir koʻchaning ikki tomonida, bir soyning ikki sohilida yashab, bir daryodan suv ichib, yaqin doʻst, qoʻshni boʻlib, toʻyu-maʼrakalarini, yaxshi-yomon kunlarini birga oʻtkazib, bir-biriga uyining toʻrini berib yashab kelgan.
Bizning tariximiz, madaniy va diniy qadriyatlarimiz, anʼana-yu urf-odatlarimiz bir-biriga juda oʻxshash. Hatto “Toʻqson ikki bovli oʻzbek” nomli shajarada qozoq, qirgʻiz, turkman millatlari oʻzbek urugʻi sifatida tilga olinadi.
Oʻzbek xalqining ustoz shoiri, soʻz mulkining sultoni Nizomiddin Mir Alisher Navoiy oʻzining mashhur “Farhod va Shirin” dostonida turkiy xalqlar haqida soʻz yuritib:
Agar bir qavm, gar yuz, yoʻqsa mingdir,
Muayyan turk ulusi xud meningdur.
degan edi. Yaʼni, barcha turkiy xalqlar, qancha qavm va urugʻdan boʻlishiga qaramay mening xalqim deb taʼkidlagan. Alisher Navoiy mazkur taʼrifda Xitoydan Xurosongacha yashaydigan turkiy xalqlarni:
Olibmen taxti farmonimga oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson,
deb taʼrif etgan edi. Agar bunga Rum turkiylari, Kavkaz, Volga boʻyi, Ural, Sibir turkiylarini ham qoʻshsak, ular yer yuzining juda katta hududlarida umrguzaronlik qilganlari va qilayotganlariga amin boʻlamiz. Turkiy xalqlarning shajarasi haqida koʻplab kitoblarda va boshqa manbalarda maʼlumotlar berilgan.
Ana shu bepoyon hududlarda asrlar davomida birga, yonma-yon yashab kelgan oʻzbek va qirgʻiz xalqlari doʻstligi va birodarligi koʻp tahsinga loyiq. Ikki xalq tashqi dushmanlarga qarshi yelkama-yelka turib kurashgan. Muqaddas Turon oʻlkasining ozodligi, mustaqilligi uchun oʻz jonlarini fido qilgan. Masalan, qirgʻiz xalqining “Manas” dostonida bosh qahramon Manas botir Turon oʻlkasiga koʻz tikkan dushmanlar – qora xitoylar va jungʻorlarga qarshi mardonavor kurashgan. Manas botirning ishonchli lashkarboshilari oʻzbek qavmi vakillaridan, sevikli yori Qonikey esa Buxoro xoni Temirxonning qizi boʻlgan. Dushmanlar Manasni hiyla bilan halok etgach, Manasning yolgʻiz oʻgʻli Semetey Buxoroda tarbiya topgan. Olimqul mingboshi, Qurbonjon dodxo va boshqa qahramonlar haqida tarixdan juda koʻp misollarni keltirishimiz mumkin.
Shu oʻrinda mamnuniyat bilan qayd etish joizki, Yangi Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, xalqlar doʻstligini yanada mustahkamlash davlat siyosati darajasigi koʻtarildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda 30-iyul – “Xalqlar doʻstligi kuni” deb nomlandi. Hech shubhasiz, ushbu sana yurtimizda tinch-totuv yashab kelayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining chinakam bayramiga aylandi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham mamlakat hududida yashovchi barcha millat va elatlarning tili, urf-odat va anʼanalariga hurmat bilan munosabatda boʻlishni kafolatlaydi.
Umuman, yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning ahil va inoqlikda, doʻstlik va hamjihatlikda umrguzaronlik qilib, aziz Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida turli sohalarda fidokorona mehnat qilishi va oʻz ona tillari, madaniyati, urf-odatlari, turmush tarzi, tarixini avaylab asrashi hamda rivojlantirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Toʻychi ISMOILOV,
Jizzax viloyati qirgʻiz milliy
madaniyat markazi raisi oʻrinbosari,
Jizzax davlat pedagogika universiteti dotsenti.