Kompaniya rasmiy xabari eʼlon qilingandan soʻng, bir necha soat ichida 13 203 ta avtomobilga shartnoma tuzildi.

Kontraktatsiyaning ochilishi hamda yangi avtomobillarga sotuvning boshlanishiga boʻlgan yuqori talab va qiziqish sababli, dilerlik korxonalar oxirgi mijozga qadar ishlashga qaror qilishdi.

Chevrolet Lacetti avtomobili uchun 6.300 ta va Chevrolet Cobalt modeli uchun 4 700 ta shartnoma tuzilgan. Ushbu avtomobil modellari xaridorlar orasida eng ommabop modellar boʻldi.

Eʼtiborlisi, “Chevrolet Traverse” va “Tahoe” avtomobillarini xarid qilish uchun arizalar qabul qilish boshlanganidan soʻng, dastlabki 20 daqiqada kompaniyaga 200 dan ortiq buyurtmalar kelib tushgan. Ushbu avtomobillarga ariza qabul qilishning ilk kuni natijalariga koʻra, 320 dan ortiq buyurtmalar olingan.

Eslatib oʻtamiz, 3-mart kuni “UzAuto Motors” avtomobillari uchun shartnoma tuzish boshlangandi. Shuningdek, kompaniya xaridorlarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida, oldinda toʻlov miqdorini 85% dan 50 % ga tushirdi.