NamDU 4-bosqich talabasi, Yoshlar ittifoqi granti sohibi, deputat, tarixchi, iqtisodchi va ijodkor Javlonbek Abdullayev bilan suhbat
Jussasi kichikroq, ammo koʻzlarida hayotga boʻlgan muhabbati cheksiz Javlonbekning bolaligi oʻziga xos murakkabliklardan iborat. U dunyoga kelganida onasi Moʻtabarxon aya, otasi Abduqayum aka xursandchilikdan yeru koʻkka sigʻmagan edilar. Javlonbek oilaning kenja farzandi edi. Otasi oʻqituvchi, onasi esa uy bekasi. Endigina olti yoshga toʻlganida, yozning jazirama kunlari edi. Maktabga chiqish istagi qalbini qamrab olgan, bunga tayyorgarlik ham koʻrishgandi. Ammo falokat oyoq ostida ekan. Koʻchada chopqillab ketayotib, mashina kelganini bilmay qoldi. Natijada oʻynoqlab yurgan bolakay avtohalokat sabab toʻshakka mixlandi. Murgʻakkina vujud ogʻir azobni matonat bilan yengsada, oʻz jigargoʻshasining dardini koʻtargan ota-ona nurab borardilar, goʻyo! Ularni moddiy qiyinchiliklar, farzandining kelajagi oʻylantirardi...
Hozir esa qahramonimiz yoshlarning eng faol qatlamiga mansub: suzish boʻyicha ikki karra Oʻzbekiston chempioni, Paralimpiya oʻyinlari gʻolibi, Namangan Davlat universiteti bitiruvchisi, Kosonsoy tumani deputati. Ehtimol, hayratlanmassiz, chaqqon ekanda, dersiz. Biroq Javlonbekning qoʻltiqtayoqda oʻtayotgan 18 yillik hayotidan xabar topib, bu marralarga erishish uning uchun oson boʻlmaganini his qilasiz.
- Javlonbek, ilk bor sizga qoʻltiqtayoq va nogironlik aravachasi tutqazishganida oʻzingizni qanday his qilgansiz?
– Bu mudhish voqea 2003-yil 14-avgustda sodir boʻldi. Oʻynagani koʻchaga chiqdim. Chanqab ketib ariqdan suv ichgani borayotsam, uzoqdan nimadir kelayotganini payqadimu, ammo qochishga, devor tagiga oʻtishga ulgurmadim. Soniyalar ichida men “KamAZ” gʻildiragi yonida yotganimni koʻrdim: hammayogʻim qon, qoʻllarim, ust-boshim chang edi. Qayta hushimni yoʻqotdim… Koʻzimni ochsam, shifoxonadaman. Oʻrnimdan turay deb choyshabni koʻtarib hammasini tushundim. “Oyogʻim qani?” deb qichqirdim. Boyadan buyon tinmay labini tishlayotgan onam hoʻngrab yigʻladi, otam esa palatadan chiqib ketdi. Oʻsha baxtsiz hodisa sabab oyogʻimdan ayrilganman...
Keyin kamina uchun eng ogʻir kunlar boshlandi. Tengdoshlarim meni bir-bir tark etib, koʻrinmay qoldilar. Onamdan: “Nega ular kelishmaydi?” deb yigʻlab soʻraganimda: “Ular maktabga borishyapti, bolam!” degandilar. Men esa toʻrt devor ichida oʻtirardim. Dadam yelkalarida koʻtarib yurdilar. Onam esa koʻzimga tikilib, kulib tursalarda, yuraklari yigʻlaganini sezardim. Boshimdan ogʻir muolajalarni oʻtkazdim. Natijada bir oyogʻim kesib tashlandi.

Hamma maktabda oʻqiyotgan paytda otam: “Uy - maktab, men - oʻqituvchi senga!” degancha ruchka, daftar, kitob koʻtarib keldilar. Ishonasizmi, toʻrt devor ichida qolganim sabab otamni quyoshga oʻxshatdim. Hayotimga ziyo olib kirgan edilar. Ha, birinchi ustozim otam edi. Koʻp oʻtmay, tengdoshlarimdan hatto oʻzib ketdim. Yana bir voqea esa meni larzaga soladi. Ijtimoiy taʼminot markazidagi xodimlar menga nogironlik aravachasini olib kelishganida rosa shod edim. “Endi men ham koʻchalarga chiqaman!” dedim. Quvonchim bir olam edi. Birozdan soʻng, uyga otam keldi. Aravachani koʻrdilaru, baqirgancha uni koʻchaga uloqtirib tashladilar. Men hech qachon dadamni bu ahvolda koʻrmagandim. Anchagacha xafa yurdim, ranjidim, yigʻladim. Ammo keyinchalik otam nimaga unday qilganlarini tushundim.
Yuzimni tabassum tark etgan, koʻzimga atrof-muhitdan tortib odamlargacha yoqmagan bolalik damlarim. Yuqorida aytganimdek, boshlangʻich taʼlimni uyda boshladim, bir vaqtda oʻzbek va rus tillarini oʻrgandim. (Hozir chet tillarini yaxshi bilaman, sakkiz balli “IELTS” sertifikatim ham bor). Kunduzi kitob oʻqib, kechasi otamga soʻzlab berardim. Ammo baribir maktabga bormaganim alam qilardi. Keyin “Mana senga qoʻltiqtayoq. Toʻgʻri, boshida undan foydalanishga qiynalasan, lekin tez orada uning qulayligini anglaysan”, dedilar. “Futbol oʻynasam ham boʻladimi?” koʻzlarimni katta-katta ochib, dadamga qarab soʻradim. “Ha, faqat yaxshilab yurishni oʻrganib ol!” dedilar. Shu kechadan eʼtiboran bir juft qoʻltiqtayoqda yurishni mashq qila boshladim. Bir yiqildim, ikki yiqildim… Xullas, unda bemalol harakatlanishni oʻrgandim. Dadam bundan juda mamnun boʻldi va menga bitta qoʻltiqtayoqning oʻzi yetarli ekanligini uqtirdi…
Agar oʻshanda nogironlik aravachasiga oʻtirganimda, bir umr shu matohning egasiga aylangan, bogʻlanib qolgan boʻlardim. Buning uchun otamdan bir umr minnatdorman. Padari buzrukvorim va volidai muhtaramam yelkalarida koʻtarib yurib, oʻzlari bu olamni erta tark etdilar. Ilohim, ruhlari shod boʻlsin! Hozir akam Jamshidbek bilan birga yashayman.
- Avvalo, bu savol uchun uzr, aytingchi, oʻzingizni nogiron deb hisoblaysizmi?
- Xijolat boʻlmang, bu soʻzlar (yoki tushunchalar)ning mohiyatini har kim har xil tushunishi, tavsiflashi mumkin. Atrofdagilarning aksariyati “nogiron” soʻzini taʼsirli, achingannamo ohangda tilga olishadi.
Xoʻsh, nogiron kim? Shu oʻrinda sevimli yozuvchim Tohir Malikning fikrlarini eslab, miyamdagi jangari xayollarni tartibga solsam:
“Tilimizda har xil atamalar borki, yoqimli, baʼzan achinarli. Ulardan bittasi «nogiron” degan atama. Alloh har bir odamni har xil qilib yaratadi. Baʼzilar tugʻilishdan, baʼzilar orttirma kamchilikka ega boʻladi. Bularning hammasi sinov. Sinov deganimki, Alloh odamga hayvondan farqli oʻlaroq aql va juda katta iroda bergan. Lekin bu irodani barcha bir xilday kuchga kiritolmaydi. Oʻsha kuchni odam oʻzi beradi irodaga. Irodasizligi uning zaifligi.
Hamma yogʻi soppa-sogʻ, hamma sharoitlari bor oʻqimaydi, ilm olmaydi, tanbal, dangasa - ana oʻshalarni majruh, nogiron deyish kerak!»
Ha, demak, aqlan sogʻlom, maʼnan yetuk kishini “nogiron” deb atash notoʻgʻri.
- Universitetni tamomlayapsiz, talabalik davringizdagi taassurotlaringiz, kelgusi rejalaringiz toʻgʻrisida oʻrtoqlashasizmi?
- Kosonsoy tumani markazidagi 1-umumtaʼlim maktabi muallimi Karima Ibragimova birinchi ustozim, yakka tartibda xonadonimizga kelib saboq ulashganlar. Tumandagi 22-DIMI, NamMTI qoshidagi 2-sonli akademik litsey ustozlaridan qarzdorman. Irodamni bukmay, yoshlikdan qator gʻalabalarni qoʻlga kiritib kelmoqdaman.
Aʼlo baholarga oʻqishim meni Namangan davlat universiteti tomon yetakladi va talaba degan nomga musharraf boʻldim. Oliy oʻquv yurtim men uchun muqaddas dargoh. Bu yerda pedagoglarimning mehrini, muhabbatini, qoʻllab-quvvatlashlarini his qildim. Ustozlarim Rustam Imomov, Kamoliddin Sirojiddinov, Feruza Murodxoʻjayeva, Azizbek Azizov, Javohir Yoʻldoshev. Saidakbar Mutalovlar yutuqlarimga katta hissa qoʻshishmoqda, koʻmak koʻrsatishmoqda.
Sportning suzish turi bilan muntazam shugʻullanaman. Paraolimpiada ishtirokchisi va ikki karra Oʻzbekiston chempionligiga erishdim. Yadro uloqtirish boʻyicha bir karra respublika chempioniman. Shu holimda bir qancha viloyat va respublika koʻrik-tanlovlarining gʻolibiga aylandim. Badiiy ijodda qalam tebratib, bir qator badiiy va ilmiy maqolalar muallifi, universitetda oʻtkazilayotgan barcha tadbirlarning faol qatnashchisi, sertifikat va diplomlar sohibi boʻldim, koʻplab loyihalar muallifiman. Ustozim Kamoliddin Sirojiddinov rahbarligida Namangan viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish xalqaro marketingi strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha ilmiy izlanish olib bormoqdaman. Yaqinda nogiron-amputantlar oʻrtasida Oʻzbekiston futbol musobaqasi turnirini tashkil etishdagi tashabbusni qoʻlga olib, dastlabki oʻyinlarni yoʻlga qoʻydik.
Namangan davlat universiteti jamoasi men singari isteʼdod egalarini oʻz bagʻrida beminnat tarbiyalamoqda.
Darvoqe, Har safar qandaydir qiyinchilikka duch kelsam, otamning umid bilan boqayotgan koʻzlarini, onam yelkasida xalta koʻtarib, oilaga yordam berishga shoshayotganlarini koʻz oldimga keltiraman. Ular qiyinchilikdan qoʻrqishmadi. Men ishonamanki, hayot har doim inson irodasini sinab boradi va yaxshi kunlarni hadya etadi. “Men Vatanim taraqqiyoti uchun hissa qoʻsha olsam bas!” degan tuygʻu bilan yashayman.
– Haqiqiy vatanparvarligingiz va metin irodangiz tahsinga sazovor. Albatta, shu harakatlaringiz katta kuch va bilim talab qiladi. Tushkunlikka tushib qolgan vaqtlaringizda motivatsiyani qayerdan olasiz?
– Hayotning keskin zarbalarini totishga ulgurdik: avtohalokat, qayta-qayta operatsiya, maʼlum muddat hayotga begonalik hissi, odamlarning munosabatlaridagi achinish ohangi, avval otamning, keyinchalik onamning vafot etishlari, yolgʻizlik… Xullas, ketma-ket musibatlar yigirma uch yoshimgacha boshimga tushibdi, ammo nolimayman, yashayotganim uchun Yaratganga shukur aytaman! Xotiralar tushkunlikka tushiradi. Biroq hayotda barcha narsaning oʻz vazifasi bor… Motivatsiyani aynan tushkunlikning oʻzidan olaman. U yordam berolmasa, ota-onamning elas-elas qulogʻim ostida jaranglaydigan hikmatli soʻzlari dasturilamalimdir. Ortga yoʻl yoʻq! Ortiq qoqilish, chekinish, hissiyotlarga oʻralashish nojoiz. Oldimda eng buyuk vazifa – Alloh bergan umrni samarali sarflab, ota-onamning ishonchini oqlashdek muqaddas burch bor.
Deputatlikdek qiyin vazifa baʼzan yelkamni zirqiratadi. Shunda hazrat Navoiyning bir bayti yodimga keladi. «Nafʼing agar xalqqa beshakdurur, Bilki, bu nafʼ oʻzingga koʻprakdurur», deyiladi “Xamsa”da. Maqsadim – xalqqa kechayu kunduz xizmat qilishdir, bunda ishonch katta masʼuliyat yuklaydi. 2019-yil Kosonsoy tumani Kengashiga deputat boʻlib saylandim. Odamlarning dardu tashvishlarini birgalikda hal etish menga doimo qanoat va qanot bagʻishlaydi.
– Boshqalarga ham tavsiya qiladigan eng sevimli mashgʻulotingiz haqida gapirib bersangiz...
– Avtofalokat tufayli toʻshakda yotgan paytlarimda kitoblar menga eng yaqin doʻst boʻldi. Hayotimda ular bilan bogʻliq chiroyli va unutilmas xotiralar talaygina. Uyimizda dadam rahmatlining ijodxonalari boʻlardi. Shiftga qadar oʻrnatilgan kitob javonlari liq toʻla va yuksak did bilan joylashtirilgan. Bir tarafda lugʻat, ensiklopediyalar turkumi terilgan boʻlsa, narigi tomonda oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalari. Mashrab, Bobur, Pushkin… roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin.
Dadam iqtisodchi boʻlganligi uchun noyob sohaga oid asarlarni alohida tortmada saqlardi. Men oʻsha kitoblarga koʻproq qiziqardim. Ularni tushunmasamda, oʻqiyverardim. Jildlari sargʻaygan, kitobning “shitir”lashidan zavqlanardim. Yillar oʻtib, uylar ham, kitob javonlari ham yangilandi. Ammo oʻsha bolaligimdagi ertaknamo ijodxonani qoʻmsayveraman. Bolalikning, ilmning hidi bor edi unda… Hozir oʻzimning kutubxonam va muhrim bor.
Shaxsiy kutubxonamdan otamdan qolgan eski va aziz kitoblardan tortib oʻzbek, rus, ingliz tilidagi badiiy va ilmiy adabiyotlar oʻrin olgan. Yanada boyitish harakatidaman. Ha, aytgancha, ulgʻayibman. Hozirda siyosiy asarlar bilan birgalikda romantik asarlarga qiziqishim baland (kuladi).
– Javlonbek, umuman tinmaysiz, charchamaysiz, suzish boʻyicha ikki karra Oʻzbekiston chempioni, nihoyat, Paralimpiya oʻyinlari gʻolibi boʻldingiz. Yuqori pogʻonalarda turganingizda koʻnglingizdan nimalar kechdi?
– “Chopilgan oyogʻim bilan chopdim men…” deb yozgan edi Rauf Parfi… Qoʻltiqtayoqda yurgan bolaning kun kelib chempion boʻlishi kimning ham xayolida bor, deysiz. Yoz faslida oʻrtoqlarim bilan soyda tengma-teng suzaverib, tuzukkina sportchiga aylanganimni payqamay qolibman. Ilk bor musobaqada qatnashib, gʻalaba qozonganimda hammasi tushdek koʻringan menga. Onamning quvonchini, ogʻiz toʻldirib qoʻshnilarga maqtanganlarini aytmaysizmi! Soʻngra sportga (hayotga ham) qiziqishim ortdi. Xushxabarlar bir-biriga ulanib ketdi. Paralimpiya gʻolibi boʻlganimdagi quvonchlarni soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Yurtimizga shoda-shoda medallar olib kelayotgan sportchilar qatorida ekanligimdan behad baxtiyorman. Darhaqiqat, shoir aytganidek, men ham “chopilgan oyogʻim bilan chopdim” va agar ona Vatanimizning obroʻsi uchun nafaqat sport maydonlarida, balki tumandoshlarimning farovon turmush tarzi uchun siyosat maydonida ham qancha kerak boʻlsa, shuncha “chopish”ga tayyorman.
Ochigʻi, bemorlik davrimda Alloh bergan aziz neʼmat – vaqtning naqadar bebaholigini angladim. Ijtimoiylashish toʻrt devor ichida qamalib oʻtirishdan afzalligini tan oldim. Rahmatli shoirimiz Anvar Obidjon aytganidek, “Hayotning har lahzasi goʻzal, umrning har oni gʻanimat” ekan.
- Uka, kitobga, gazetaga oshnolik inson qalbini nurlantirarkan, hayotga muhabbatni kuchaytirarkan, bunga sizning misolingizda yana bir karra ishonch hosil qildik. Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Suhbatni “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining Namangandagi muxbiri Orifjon JOʻRAYEV yozib oldi.










