Bir qator sohalarda yangi investitsiya loyihalar Turkiy investitsiya jamgʻarmasi hamkorligida amalga oshiriladi

    Joriy yil 24-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Turkiy investitsiya jamgʻarmasi (TIF) prezidenti Bagdat Amreyev bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Tomonlar eng yirik xalqaro moliya institutlaridan biri hisoblanayotgan – Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining 9-yillik yigʻilishining Samarqand shahrida oʻtkazilishini olqishladilar. Mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar kontekstida investorlarning, jumladan, TDT mamlakatlari vakillarining Oʻzbekistonga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi.

    Uchrashuvda energetika, transport va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, iqtisodiy oʻsishning drayveri va yangi ish oʻrinlari yaratish manbai boʻlgan tadbirkorlik, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash dasturlarini hayotga tatbiq etish rejalari muhokama etildi.

    Shu munosabat bilan iqtisodiy rivojlanish maqsadlariga erishishning aniq mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish va TIF resurslarini istiqbolli loyihalarga samarali taqsimlash muhimligi qayd etildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha oʻzaro hamkorlik koʻlamini kengaytirish va jamgʻarmaning faol ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida muhim loyihalarni amalga oshirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish boʻyicha oʻzaro majburiyat bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.