Xabarda aytilishicha, bir vaqtning oʻzida bir shaxs tomonidan 35 ta avtomobil uchun shartnoma tuzilgan. Sotuvning birinchi kuni jami 13 203 ta avtomobilga tuzilgan shartnomalardan 6 836 tasi (52%) shu tarzda tuzilgan.

Qayd etish joizki, “tadbirkorlar”ning oson daromad topishga boʻlgan yuqori qiziqishi, eng avvalo, oʻz ehtiyojlari uchun avtomobil sotib olmoqchi boʻlgan isteʼmolchilar uchun noqulayliklarni yuzaga keltirib, ortiqcha talabni shakllantiradi.

Shuningdek, UzAuto Motors “Biznesmenlar”ning emas, aksincha, aholi ehtiyojlarini qondirish uchun prioritetlar tizimini joriy qildi. Unga koʻra, avtomobillar qayta sotish uchun emas, balki shaxsiy ehtiyoji uchun avtomobil sotib olayotgan mijozlarga avtomobillarni yetkazib berishni birinchi oʻringa qoʻyadi.

Avtomobillarni qayta sotish ehtimoli bilan tuzilgan shartnomalar aniqlangan taqdirda, kompaniya shartnoma shartlariga muvofiq (3.1.2 bandga muvofiq) avtomobilni yetkazib berish muddatini qoʻshimcha 120 kunga oshiradi. Shu munosabat bilan, xaridorlardan shartnomani imzolashdan oldin uning barcha bandlari bilan toʻliq tanishib chiqishlarini iltimos qilamiz.

Ushbu chora-tadbirlar avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berish muddatini qisqartirish, aholi oʻrtasidagi talabni qondirish imkonini beradi.