Forvard shartnomalari asosida oʻtkazilgan elektron savdolarda 87 ta sotuvchi va 244 ta xaridor ishtirok etgan.
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida forvard savdolari joriy yilning mart oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi “Tovar-xom ashyo birjalari faoliyatiga ilgʻor axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 170-son qaroriga muvofiq oʻtkazilmoqda.
Ushbu mexanizm bir tomondan, kelajakda yetkaziladigan tovar uchun narxlarni oldindan belgilab olish, ikkinchi tomondan, mahsulotlar uchun toʻlovlarni bozor qiymatida oldindan olish imkonini beradi.
Mahalliy tadbirkorlar va fermerlar forvard yordamida xarid qilinadigan tovarlar boʻyicha narxlar oʻzgaruvchanligidan oʻzlarini himoya qilishlari (xedjerlash), tovar ishlab chiqaruvchilari esa oʻz faoliyatlarini yana-da samarali rejalashtirishlari mumkin.
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida forvard savdolarini joriy qilinishi kelajakda dunyoning yetakchi birjalarida keng qoʻllaniladigan fyuchers savdo mexanizmini shakllantirish uchun muhim boshlangʻich poydevor vazifasini bajaradi.
Forvard shartnomasi – muddatli shartnoma boʻlib, unga koʻra sotilayotgan tovar uchun narx shartnoma tuzilgan kunda belgilanadi, tovarni yetkazib berilishi esa belgilangan muddatda kelajakda amalga oshiriladi.