Behbudiy oʻz maslakdoshlarini, izdosh shogirdlarini taraqqiyotga, uygʻonishga, birdamlikka, birlikka, birlashmoqqa, hurlikka chorladi. Adib qoldirgan adabiy-ilmiy merosi — ulkan, bebaho xazina. Ular negizida uygʻotguvchi fikr, hayotiy taklif, kelajakka munosib reja va dasturlar koʻp.
Behbudiy fikr odami, fikrsiz odam oʻlik bilan barobardir. Uning “Taraqqiy” gazetasida bosilgan “Gazet nadur?” nomli maqolasi bor. Vaqtli matbuot qadr-qiymatini atroflicha tushuntirgan Behbudiy tarixdan misollar keltiradi. U zamonda dunyo allaqachon taraqqiyotga yuz tutgan edi.
Shunga monand Behbudiy dunyoning turli hududlarida nashr boʻlayotgan gazeta va jurnallar borasida maʼlumotlar berib yozadi: “Bu kun Misr, Istanbul, Hijoz, Quddus mamlakatlarida har xil gazetlardan yuzdan ziyoda chiqar, Rusiyada chiqayotgan har nav jarida va majallalarni adadi bir minggʻa yetib, balki oʻtadur”. 1905-yildan keyingi ikki yil ichida Rusiya musulmonlari tomonidan oʻttizdan ortiq gazeta va jurnal chiqarilmoqda ekan.
Mahmudxoʻja Behbudiy “Gazet nadur?” deb sarlavhaga chiqargan maqoladagi savolga javoban bunday yozadi: “Shoʻylaki, jarida oyinayi jahonnomadur. Gazet oʻquydurgan kishi dunyodagi barcha xabar va hodisalarni va har toifaning taraqqiy va tanazzuli va oni sabab va illatini, oʻz din va millatigʻa qayu toifa doʻst, qayu toifa dushmanligini bilur. Hayoti ijtimoiyasiga na lozimdur bilur”. Tabiiyki, bunda gazetani kim chiqarayotgani va jamoaning maslagi ham muhim. Darhaqiqat, bunday ijtimoiy-maʼrifiy hodisalarning “taraqqiy va tanazzuli” sabablarini adib umr boʻyi izladi.
Hamma zamonlarda taraqqiyot, yuksalish, rivojlanishning “sharti aʼzami faqat oʻqumoq”, oʻzlikni anglamoqdur.
Bundan bir yuz yigirma yil muqaddam bosilgan “Millat vazifasi” (“Ulfat”, 1906-yil 18-son) maqolasida qardosh-qoʻshni millatlarning “birinchi darajada vazifalari bir-biriga qarindosh koʻzi birlan qarab, hamma bir oʻlub, birlik ila ish koʻrmakdir, — deb yozadi. — “Ikkinchi vazifa esa umummusulmonlar ittihod qilub, hamma yakvujud oʻlaroq avlodlarni tarbiya qilmoq jihatina sarfi himmat etmakdir. Na qadar boy kishilarimiz boʻlsa, hammasi ilm yoʻlinda pul sarf qilsun kerak. Na qadar ahli ilm boʻlsa, hamma darajasiga koʻra taʼlim va madoris ila mashgʻul oʻlsun kerak”.
Behbudiy hazratlarining chaqiriqlari va bezovtaliklariga bois, Vatan taqdiri, bebaho ona tuproq dardi edi, shubhasiz. Shu bois, “hamisha yakvujud oʻlaroq saʼy va gʻayrat” qilmoqni nasihat va vasiyat qildi. U erkin soʻz uchun, fikr aytish uchun imkon topgan zahoti oʻz hayotiy dasturlarini bevosita milliy-maʼnaviy manfaatlarga uygʻun ravishda bayon qildi. Turkiston muxtoriyati eʼlon qilinganida “Qozoq qarindoshlarimizgʻa ochiq xat” degan maxsus daʼvatnoma bilan chiqadi. Qardosh va qoʻshni boʻlgan millatlar oʻzaro adovatni, nizoni, ziddiyatni bir chetga surib, jon jahdi bilan ulkanroq yovga qarshi birlashmoqqa chaqiradi. Har bir gapini chin samimiyat bilan “Aziz qardoshlarim!”, “Bovurlarim!”, “Chirogʻlarim” degan undalma soʻzlar bilan boshlaydi. “Birlashgʻon Turkiston xalqining boʻlunmoqigʻa oʻzimiz sabab boʻlmasak edi”, deb Behbudiy xavotirga tushadi.
Shuning uchun ham “Chirogʻlarim, birlashayluk! Koʻrasiz, bu kungi ruslar-da birlashmoqdadurlar. Endi birlashmoq zamonidir”, deydi. Mahmudxoʻja Behbudiy zamon va zamin holini, davr va davralar kayfiyatini chuqur anglagani bois, butun vujudi bilan birlashmoqqa daʼvat qiladi. Behbudiyning bu gaplari qavmlar, urugʻlar oʻrtasidagi oʻzaro nizolarni bir chetga surib, birlashuvga chaqirishlari qaysidir maʼnoda “Oʻtkan kunlar” romanidagi qorachaponchi bilan qipchoq nizosiga Yusufbek hojining “Siz oʻz qipchogʻingiz uchun qabr qazigʻan fursatda sizga ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich koʻtarganda oʻrus bizga toʻp oʻqlaydir. Siz dunyoda oʻzingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni koʻrsangiz, men boshqa yovni har zamon oʻz yaqinimgʻa yetkan koʻraman!” degan gaplarini yodga soladi.
Shu eʼtibordan Mahmudxoʻja Behbudiyning ilm-maʼrifatga, ogohlikka, birlikka, taraqqiyotga daʼvatlari hamisha dolzarb, muhim va, har doim bugungi kun gapidek jaranglab eshitiladi.
Behbudiy oʻz maqolalarida “taraqqiyparvarlar gʻofil boʻlmasun” degan gapni koʻp takrorlaydi. “Qulil haqqa valav kana murran” — “Achchiq boʻlsa ham haqiqatni aytgin”. Ha, haqiqat — achchiq. Hikmatdan murod — tarixga, zamonga, taraqqiyot va tanazzulga tegishli achchiq haqiqatni oʻz oʻrni va oʻz vaqtida aytish lozim.
Jadidlarning dunyo va taraqqiy zamon bilan hamnafas boʻlish degan fikri zimnida benihoya ulkan gʻoya mujassam. Behbudiy bu yorugʻ olamda boʻlayogan voqea-hodisalardan, yangiliklardan, kashfiyotlardan, nashr boʻlayotgan kitoblardan boxabarlikni tashviq qiladi.
Chorizm istilosi ostidagi holatni mulohaza qilgan Behbudiy oʻz vaqtida yozadi: “Rubʼi asrdan beri molan taraqqiy qilduk, kelar zamongʻa maʼni taraqqiy qilarmiz”. Dunyo ahli orasida fransuzlar, inglizlar, amerikaliklar taraqqiyga erishibdi. “Faqat bir taraqqiy yoʻlida necha yuz sanalar mol sarf etmishlar, jon qurbon etmishlar, necha-necha balolarni boshidan kechirmishlar-da, soʻngra shunday maqsadga erishmishlar”. Taraqqiyot va obodlikka faqat orzuning oʻzi bilan shunchaki erishib boʻlmaydi. Buning uchun shijoat, sarvat, xizmat, tadbir, bilim kerak. Taraqqiyot uchun mol sarf etish, jon fido qilish, balo va ofatlarni yengmoq lozim.
Behbudiyning taraqqiyot konsepsiyasi negizini ilm tashkil etadi. Har qanday millat dunyoda oʻz oʻrinni ilm bilan topadi. “Padarkush” dramasi obrazlaridan biri Ziyoli aytadi: “Dunyogʻa taraqqiy qilgan xalq ilm vositasi ila taraqqiy qiladi. Asir va zabun boʻlganlar-da beilmlikdan”.
“Taraqqiyot” soʻzi jadid gazetasining nomi ekanini taʼkidlashga zarurat yoʻq. Ayni damda “taraqqiyot” soʻzi koʻplab asarlari sarlavhasiga ham chiqdi. Behbudiy oʻzini oʻylantirgan, oʻzini qiynagan savolni sarlavhaga chiqarib, “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?” (“Samarqand” gazetasining 1913-yil 30-iyul) degan savolni qoʻydi. Shu nomda maqola yozdi: “Millatlar taraqqiyigʻa bir necha sabablar boʻlub, tub sababi ulamo ila agʻniyoning hamiyat va gʻayratlaridur. Taraqqiy qilgʻon va yo endi taraqqiy qilguvchi millatlar ahvoligʻa diqqat qilinsa, mazkur ikki sinf muhtaramni oʻz millatlarigʻa soʻz va aqcha ila xizmat etganlari favran hozir boʻlur”.
Ilm ahli bilan boylarning xizmati millat taraqqiysi uchun muhim ekani har jihatdan isbotlanadi. Ulamo oʻz qalami bilan fikr, maslahat, pand-nasihat, taʼlim-tarbiya beradi, kitoblar yozadi, gazeta va jurnallar nashr qiladi. Maktablar ochadi, taʼlimni isloh qiladi. “Zamona agʻniyolari oʻz millatlarini zamoniycha kerakligi yoʻlinda aqcha sarf etarlar... Rus, armani, yahudiy va boshqa Rusiyadagi vatandoshlarimizni boylari doimo oʻz millatlari uchun katta xayr va ehsonlar qiladurlar, inchunin, Kafkaz, Qrim, Qozondagi musulmon birodarlarimizni(ng) boylari, ulamosi va ahli qalami, sohibi fikri oʻz birodarlarigʻa mol, aqcha, qalam va ilm ila koʻb iona qiladurlar. Ammo bizni(ng) Turkistonda bu ishlardin soʻylamoqqa hanuz navbat kelgan yoʻq...”. Bu orzu, niyat, havas, namuna va qiyosi shunday. “Bir karra diqqat qilib, mahalla-koʻy va qishloq xalqlariga qaralsun. Avomlik, beilmlik naqadar koʻpaygan. Biz musulmonmiz. Musulmonlikgʻa ilm lozim, amal lozim. Oʻqumoq kerak. Nima uchun boshqa millatlarda yuza bir nafar besavod yoʻq ekan, biza yuza bir nafar savodlik yoʻq?
Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosigʻa tobe ekan, bizni ulamo bilʼaks avomgʻa tobedur. Buning oxiri xarobdur. Yigirma, oʻttuz sana soʻngra yana yomonroq boʻlur, musulmonlik ilm va adab ila qoim, millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur”. Garchand bu maqola 1913-yilda yozilgan boʻlsa ham Behbudiyning taraqqiyotga doir qarashlari qoʻliga qalam olib, vaqtli matbuotda ishtirok eta boshlagan dastlabki davrlardan boshlanadi. Bu maqola esa dasturiy xarakterga egaligi bilan ajralib turadi.
Behbudiy qaysi mavzuni yozib muhokama qilishidan qatʼiy nazar, hamisha taraqqiy va yuksalishdan soʻz ochadi, hamisha taraqqiy etgan va yuksalgan dunyo millatlari va mamlakatlariga havaslanib qaraydi. Eng muhimi, taraqqiyot negizi boʻlgan islohotga, bilim olishga, dunyoning rivojlangan mamlakatlari holiga nazar solishga undaydi. Behbudiy bunday oʻrinlarda chinakam millat qahramoni, kurashchisi, fidoyisi, jonkuyariga aylanadi. Tasavvur qilish uchun aqalli “Sayohat xotiralari” asarini oʻqimoq kerak. Bu asari tafsilotli va ayni damda Behbudiyning koʻngli “Oyina”da aks etadi.
“Sayohat xotiralari” Behbudiyning shaxsi, rutbasi, niyati ulugʻligiga dalolat qiladi. Uning bilimi, oriyati, yuksak madaniyat sohibi ekani, did-farosati — barcha-barchasi bu sayohatnomada mujassamdir. Nazarimda, nafaqat Behbudiyga zamondosh ziyolilar, balki bugun ham dunyo sayohatiga yoʻl olgan kimsa undan oʻrganishi, unga ergashishi lozim.
Behbudiy doimo band va maʼnan juda baland odam edi. Dunyoning qaysi joyiga bormasin, oʻzini Turkistonning chin farzandi, Turkiston ahlini oʻz siymosida ramzan tashiyotganini aslo esidan chiqarmagan yuragi butun va botir inson edi.
Sayohatga borgan Behbudiy Istanbulning “Gulxona parki”da Ismoilbek Gasprinskiy bilan uchrashadi. Ular mehmonxonada yetti soat gurunglashadi. Suhbatda, tabiiyki, maktablar va millat taraqqiyoti xususida soʻz boradi. Ismoilbek “Musulmonlarni kundan kun taraqqiy etishini soʻylab, xursand boʻlurlar”, deb yozadi keyinchalik Behbudiy. “Avvalgi musulmonlardagi madaniyat” maqolasida ham muallif oʻtmishdagi ajdodlari shon-shuhratidan, musulmonlarning madaniy taraqqiysidan va Andalusiyaning dunyodagi mumtoz oʻrnidan bahs etadi: “Bir zamonlar hozirgi taraqqiy topgan xalqlardek shaʼshaʼa va dabdabai madaniyat va saltanatlari koʻzlarni qamashdurub, oʻz zamona va asrlarining yagona madaniyat va saltanat va faridi edilar”. Taassufki, bunday yuksak ijtimoiy-madaniy, ilmiy-maʼrifiy martaba qoʻldan ketadi. Musulmonlar “zamonga muvofiq turmaganlari”, ilm va fan oʻrniga jaholat botqogʻiga botishlari, “safohat va zavqparast va ixtilofgʻa mayl etganlari” uchun jazo topishdi. Jaholat, tubanlashuv va oʻzaro dushmanlik madaniyat va taraqqiyot kushanda boʻldi, salatanat yemirilib quladi.
Behbudiyning barcha haqqoniyat bayonlarini anglamoq uchun unga, uning dardiga, gʻamiga, jahdiga, jonfidoligiga, hissiyotiga yaqinroq bormoq kerak. Behbudiy bilan oradagi masofani qisqartirish lozim. Aks holda, Behbudiy hazratlari bizga koʻnglini ochmaydi. Uni anglash uchun chin millatparvar, chin vatanparvar boʻlmoq kerak. Behbudiy uchun har narsani anglash va sezish, har narsani farqlay bilish, yaʼni tamiz muhim. Bu jihatdan ham adibning orzumand qalbiga umid urugʻi ekilgandir. Shuning uchun ham hazrat yozadi: “Alhamdulillah, xalqimiz kufr ila islomni, taraqqiy ila tadanniyni, rost ila yolgʻonni tamiz etadurlar”.
Koʻngli ochiq odamning yoʻli ochiq boʻladi. Neʼmatlar xolis niyatli odamga kutilmagan tomonidan keladi. Bular mehnat, zahmat, xizmatlar ortidan boʻlur. Buning uchun xolisona, Alloh rizosi uchun ezgu ishlarga bosh-qosh boʻlmoq, iysor lozim.
Hayhot, hayhot, Behbudiyni anglamaganlar va anglashni xohlamaganlar, oʻqimaganlar va oʻqishni istamaganlar bugun ham “hali kitob ham oʻqiymanmi?” degan eʼtirozli savolni berishadi. Hali bugun ham ezgu gʻoyalarni “avvaldan qolgan asotirlar” deb atashadi. Holbuki, bugun imon va vijdonga koʻzgu tutadigan zamondir. Holbuki, bugun Behbudiyni anglaydigan va uning borligʻini har kimga anglatadigan zamondir.
Behbudiy faoliyatini chuqur anglagan zamondoshi Vasliy Samarqandiy “Mahmudxoʻja birodarim millati islomiyaning taoliy va taraqqiysi uchun eng birinchi daraja cholishaturgʻon bir zoti humoyunsifat erdi”, deb baho bergan edi.
Laziz Azizzodaning “Turkistonning uzoq moziysi qancha porloq koʻrinsa ham XVIII asrdan keyingi madaniy va iqtisodiy hayoti tubanlashgandir. Bu davrda ilm oʻrnini xurofot, adolat joyini zulm, taraqqiy yerini tanazzul oldi”, degan fikri bor. Mahmudxoʻja Behbudiy yoʻlboshchilik qilgan Turkiston jadidlari xurofot oʻrniga ilmni, zulm oʻrniga adolatni, tanazzul oʻrniga taraqqiyni joriy etish maqsadida yoʻlga chiqdilar.
Bugun ilm orqali taraqqiy etish zamonidir. Bugun Behbudiy orzu qilgan hurriyat, istiqlol zamonidir. Bu kunlar qadriga yetmoq kerak.
Dunyo ahli bilan, mutaraqqiy millatlar bilan doʻst, inoq, hamkor, hamfikr boʻlib, oʻzlikni anglab, mustahkam imon va chuqur ilm ila taraqqiy etmoq kerak. Mahmudxoʻja Behbudiy hazratlarining “bayoni haqiqat”lari, birlashish va taraqqiyot orzusi — shunday istiqbol yoʻli benihoya ulugʻ va jiddiy edi.
Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor