Telegramdagi ayrim kanallarda baʼzi oliy taʼlim muassasalari (OʻzMU, TDSHU, FarPI, TATU Samarqand filiali) talabalari orasida koronavirus aniqlangani hamda fakultet va yotoqxona qavatlari dezinfeksiya uchun yopilgani toʻgʻrisida xabarlar tarqatilmoqda. Avvalo, bu kabi xabarlar asossiz ekanini maʼlum qilamiz.
Aytish joizki, xabarda koʻrsatilgan oliy taʼlim muassasalari talabalari orasida ayni kunlarda koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan va birorta ham talabalar turar joyi binosi yopilmagan.
Hurmatli ijtimoiy tarmoqlar faollari!
Haqiqatan ham, axborotni birinchi boʻlib ommaga tezkor yetkazish davr talabi. Lekin har qanday xabarni emas, balki tekshirilgan, asoslangan maʼlumotlarni eʼlon qilish – eng muhim jihat va jurnalistikaning “oltin qoida”si ekanini eslatib oʻtamiz!
Shuning uchun xabarlarni tarqatishdan avval biroz sabr qilib, aniqlik kiritib, keyin eʼlon qilish, juda ham zarur boʻlmasa, bu turdagi sovuq xabarlarni ommalashtirishdan tiyilish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz!.
Chunki, notoʻgʻri talqin qilingan, hali toʻliq aniqlik kiritilmagan, shoshilinch tarzda tarqatilgan kichik bir xabar minglab yoki milllionlab insonlarda xavotir uygʻotishi tabiiy, albatta. Nafaqat xavotir uygʻotadi, balki shu kasallik oʻzida bor yoki yoʻqligi haqida shubha-gumonga borib, qoʻshimcha kasalliklar orttirib olishiga sababchi boʻlishi mumkin.
Shu bilan birga asossiz va yolgʻon axborotni tarqatganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida maʼmuriy va jinoiy javobgarlik normalari belgilanganini unutmang!
Qolaversa, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda oliy taʼlim muassasalari bu kabi (kasallik aniqlanishi) holatlar jiddiy tus olib, keng tarqala boshlasa, ularni yashirishdan manfaatdor emas.
Vazirlik Axborot xizmati bugun ham, kelajakda ham ijobiy xabarlarni tarqatishda hamkorlik qilishga tayyorligini maʼlum qilamiz.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Axborot xizmati