Hayot qanchalar shiddat bilan oʻzgarmasin, vaqt qanchalar uchqur otdek yelmasin har zamon va makonda adabiyot va sanʼatning bosh mezoni inson boʻlib qolaveradi. Musiqa, adabiyot, sheʼriyat, milliy qadriyat va anʼanalarimizga, milliy kuy-qoʻshiqlarimizga biz doim ehtiyoj sezaveramiz. Bu ehtiyoj bizning qon-qonimizga asrlar davomida singib ketgan ilohiy bir tuygʻudir. Jamiyatni, inson hayotini faqat maʼrifat va madaniyat, goʻzal odob va axloq asrab qolganidek, inja va nozik his tuygʻularimizni sanʼat va adabiyot tarbiyalaydi. Inson bolasi esa doim ana shunday nozik va latif his tuygʻularga asrandidir.

Joriy yilning 26-maydagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hayotimizda muhim voqea boʻldi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Ochigʻini aytish kerakki, sanat va madaniyat sohasiga oid qaror va farmonlar bundan avval ham chiqqan, ularda bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar aniq tiniq belgilab ham berilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-noyabrdagi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish Konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Konsepsiyada milliy madaniyatimiz va sanʼatimizning turli sohalariga alohida urgʻu berilgandi. Bunda qoʻshiqchilik, raqs, kino, teatr, muzey va boshqa sohalar qamrab olingan boʻlib, bir qator ustuvor vazifalar belgilandi. Shuningdek, madaniy meros obyektlari va sanʼat ashyolarini restavratsiya qilish boʻyicha milliy maktab, shuningdek, xalq cholgʻulari, milliy raqs, maqom yoʻnalishlarida respublika koʻrik-tanlovlari qayta tiklandi.

Mamlakatimizda muntazam ravishda oʻtkaziladigan Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor sanʼati festivali hamda “Raqs sehri” xalqaro festivali tashkil etilib, oʻzbek mumtoz va folklor sanʼatining noyob namunalari va anʼanalarini hamda madaniy muloqotni yana-da rivojlantirish boʻyicha samarali tizim yoʻlga qoʻyildi.

Ammo Konsepsiyani amalga oshirish, sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, isteʼdodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qoʻllab-quvvatlash, taʼlim muassasalarini musiqa darsliklari, notalar toʻplamlari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlashning yaxlit tizimi yaratilganicha yoʻq. Aholi, ayniqsa, olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga madaniy dam olish xizmatlari koʻrsatish darajasini oshirish, buning uchun respublikaning barcha hududlarida teatr, muzey, koʻchma sirk va hayvonot bogʻlari faoliyatini doimiy ravishda yoʻlga qoʻyish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Yuqoridagi vazifalarni samarali amalga oshirish, madaniyat va sanʼat sohasidagi islohotlarni jadal davom ettirish, madaniyat organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish maqsadida 2021-yil 1-yanvardan boshlab yangi tizimda ishlash joriy etilishi koʻzda tutilgan.

Xususan, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshirilishi, konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yigʻimning bekor qilinishi, davlat organlari va tashkilotlarining asosiy vazifa va funksiyalaridan kelib chiqib, ularning tashabbuslari bilan oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejalari asosida oʻtkazilishi sanʼat ahli vakillariga birmuncha qulayliklar va ijodiy erkinlik maydonini yaratib berdi, desak mubolagʻa yoʻq. Yana bir muhim jihati, bundan buyon konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning buyurtmalariga asosan koʻrsatiladigan barcha xizmatlar yozma va haq evaziga tuziladigan shartnoma asosida taqdim etib boriladi.

2020-yil 1-sentyabrdan boshlab esa davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkazilgan konsert dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma berish tartibi ham joriy etilishi koʻzda tutilgan. Ijod ahlini anchadan beri qiynab kelayotgan bir muhim masala bor ediki, bu ham boʻlsa mualliflik huquqi edi. Bizda hali hanuz mualliflik huquqi yoʻlga qoʻyilmagan, birovning ijod mahsulini bemalol “oʻziniki” qilib olib ijro etib yurgan ijrochilar talay edi. Mana shu Farmonda ijodkorlarning mehnatlarini yuzaga chiqarish, ijodiy izlanishlarini qoʻllab quvvatlash, yangilik yaratishlarida ularni maʼnaviy jihatdan bir koʻmakchi hamda mualliflik huquqlarini himoya qilish maqsadida Palata tashkil etilishi ham belgilangan.

Bu palata ijodkorlarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilot hisoblanadi. Bundan tashqari, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi qoshida yetuk mutaxassislar, sanʼatshunos olimlar, bastakorlar, shoirlar qoʻyingchi keng jamoatchilik vakillari guruhidan tashkil topgan Badiiy kengash ham qayta tuzilib, kengashda xonanda va ijrochilarning qoʻshiqlariga ishlangan kliplarining badiiy saviyasi, mazmun-mohiyati chuqur oʻrganib tahlil qilib borilishi ham rejalashtirilyapti.

Matluba TEMUR QIZI,

“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi matbuot xizmati xodimi