Toʻgʻri, koʻproq biz bu ulugʻ siymoning oʻlmas asari “Boburnoma” nomi bilan bogʻlaymiz. Koʻpchilikka nomaʼlumki, Hindistonga beshinchi yurishi vaqtida olamshumul gʻalabalarni qoʻlga kiritganlar. Oʻzingiz oʻylab koʻring, oz qoʻshin bilan katta qoʻshinni yengish hamma lashkarboshilarga ham nasib qilavermagan. Biz agar Boburning gʻalabalarini dunyodagi boshqa fotixlar kesimida koʻrsak, buyuk ajdodimiz misli koʻrilmagan gʻalabalarni qoʻlga kiritganligining guvohi boʻlamiz.

Mana, masalan, Panipat jangini olaylik: bu jang 1526-yil 25-aprelda boʻlgan, Bobur qoʻshinida bor yoʻgʻi oʻn ikki ming navkar borligini maʼlumot sifatida sarkardaning oʻzi “Boburnoma”da keltirgan. Oʻsha yerning oʻzida uning raqibi Ibroximxon Loʻdiyning qoʻshini yuz mingdan koʻpligini va mingga yaqin jangovar fillari boʻlganligini qayd etganlar. Bilamizki, bu jangda bobokalonimiz gʻolib boʻlgan, lekin shu oʻrinda savol tugʻiladi, ulugʻ sarkarda qanday qilib oz qoʻshin bilan ulkan qoʻshinni yengan? Ayniqsa, bu savol harbiy xizmatchilarni qiziqtirishi tabiiy, chunki hozirgi kunning talabi oz kuch va vositalar bilan maqsadga erishish vazifasi qoʻyilgan.

Panipat jangini tahlil qilib koʻramiz. Gʻalaba qozonish uchun bobokalonimizda qanday imkoniyatlar mavjud boʻlgan. Avvalambor, lashkarboshi qoʻshinning qarorgohi muxofazasini yaxshilab taʼminlagan, tahminan yetti yuzga yaqin arobalarni toptirib, rum usulida joylashuvni oʻrab chiqqan, arobalarni zanjir va yangi soʻyilgan xoʻkizlarni terisidan qilingan kamarlar bilan mahkam bogʻlatgan. Arobalar oraligʻini katta qalqonlar bilan toʻsdirgan, ularning ortiga miltigʻi bor merganlar va oʻq yoychilar bilan kuchaytirgan, qolgan boʻshliq joylarni dushman qoʻqqisidan hujum qilmasligi uchun handaq qazdirgan. Qarorgohni mustahkam qilgan sarkarda endi jang qilish strategiyasi va taktikasi ustida bosh qotiradi.

Uning qoʻshinida Ibroximxon qoʻshinida boʻlmagan zambaraklar va miltiqlarni mavjudligini jang vaqtida muhim rol oʻynashini hisobga olgan. Zambaraklar otilganda gumburlagan ovoz chiqarib jangovar fillarni xurkitishini oldindan bilgan Bobur ulardan vaqtida foydalanishni toʻpchilarning boshligʻi Mustafo Rumiyga tayinlagan. Miltiqli merganlar oʻq uzganda qurollarning paqillashi ham dushman saflarida parokandalik keltirib chiqarishini inobatga olgan. Soʻngra Boburning maxfiy quroli bu “toʻlgʻama” usulini qoʻllagan.

Jang Ibroximxon qoʻshinining hujumi bilan boshlangan, asosiy zarba Bobur qoʻshinining barongʻorga berilgan, dushman dadil harakatlar bilan Bobur navkarlarini ortga tisaltiradi. Ayniqsa jangovar fillar navkarlarga shikast yetkazayotgan vaqtda urush xudosi nomi bilan mashhur zambaraklar oʻt ochib, ularni parokandalikda ortga tumtaraqay qochishga majbur etdilar. Merganlarning miltiqlarini paqillashi bu vahimaga yana vahima qoʻshdi. Jangovar fillar oʻz qoʻshinining saflarini yanchib, ezib tashlashdi. Toʻplarning gumburlashidan choʻchigan hayvonlarni hech qanday buyruq bilan boʻysundirib boʻlmadi.

Xuddi shu vaqtning oʻzida oʻn qanot toʻlgʻama va chap qanot toʻlgʻama dushmanni aylanib oʻtib, orqadan zarba berishadi va yogʻiynni uzil-kesil tormor qilishadi. 1ga 8 nisbat boʻlgan Panipat jangida bobokalonimiz ajoyib gʻalabani qoʻlga kiritadi. Tarixdan bizga maʼlumki, jahonning manaman degan fotixlari ham bunday oz qoʻshin bilan katta qoʻshinni magʻlub eta olmagan.

Biz harbiy xizmatchilar bobokalonimizning harbiy mahoratini chuqur oʻrgansak, foydadan holi boʻlmaydi. Mening fikrimcha, Boburning gʻalaba qozonishiga toʻlgʻama hamda toʻplarning roli katta boʻlgan. Jahonda boʻlayotgan murakkab voqea-hodisalar shuni koʻrsatayabdiki, qayerda artilleriya qoʻshinlari rivojlangan boʻlsa, oʻsha yerda gʻalaba boʻlayapti. Umuman olganda yangilikka intilish, har qanday vaziyatda oʻz ijobiy mevasini berayotganligini koʻrib turibmiz. Keyinchalik, bobokalonimiz Hindistonda yana ikkita katta jangda qatnashganlar, ikkalasida ham ular gʻalaba qozonganlar.

Bular: Kanva jangi 1527-yil 17-martda boʻlgan, Gagra jangi 1529-yil 6-mayda boʻlgan. Bu janglarda ham bobokalonimiz ozchilik qoʻshin bilan juda katta armiyani yenganlar. Shuning uchun boʻlsa kerak, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham Zahiriddin Muhammad Bobur merosiga katta ahamiyat beradi va harbiy xizmatchilar ularni chuqurroq oʻrganishini taʼkidlaydi. Bobokalonimiz tavalludining 540-yilligini keng nishonlash haqidagi qaror bizni Bobur ilmiy merosini chuqurroq oʻrganishga va yoshlar orasida targʻibot ishlarini kuchaytirishga undaydi.

Azamat Jozilov,

Chirchiq Oliy tank qoʻmondonlik muxandislik bilim yurti

katta oʻqituvchisi, podpolkovnik