Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, 2025-yilda Oʻzbekistonga 11,7 million chet el fuqarosi sayohat maqsadida kelgan. Bu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 3,7 million nafar yoki 46,8 foiz oshgan.

Kasbimiz taqozosi tufayli seminar, konferensiya, taqdimot, koʻrgazma, yarmarka, premyera va boshqa shu kabi koʻplab tadbirlarda ishtirok etamiz. Baʼzan qisqa muddatli tadbirlar ham odamni charchatib qoʻyadi. Sababi — oʻta zerikarli! Mutasaddilar maqsadni aniq qoʻymaydi, aytish va koʻrsatishga arzigulik narsaning oʻzi yoʻq. Tadbir nomigagina va hisobot uchun tashkil etilgan boʻladi.

Soʻnggi yillarda qatnashish va yoritishga arzigulik anjumanlar koʻpayib qoldi. Masalan, Samarqand shahrida oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini olaylik. Qaynoq va koʻtarinki ruhda davom etadigan yirik xalqaro tadbir barchani birdek oʻziga rom qiladi. Biz kabi muxbirlar chet ellik mehmon va mutaxassislarni savolga tutishga ishqiboz. Boisi, ular savollarga rang-barang va oʻziga xos javob beradi. Bu fikr-mulohaza hamda taaassurotlar har qanday maqolaga jon kirgizadi. 2024-yilda boʻlib oʻtgan festival ishtirokchilari bildirgan ayrim eʼtiroflarni oʻqisangiz, oʻzingiz ham ishonch hosil qilasiz.

— Ushbu musiqa bayrami nafaqat turli xalqlar madaniyati, sanʼati, balki latif va betakror, muqaddas va barhayot Sharq durdonasi — Samarqand tarixi bilan yaqindan tanishish imkoni hamdir, — deydi Tokio sanʼat universiteti ilmiy xodimi Yasuda Mamiko. — “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali allaqachon “Jahon xalqlari taronalari” koʻrigiga aylanib ulgurdi. Sanʼat bayramida yangragan asarlarning aksariyati musiqa durdonasi darajasiga koʻtarildi.

— Oʻzbek diyori bilan masofamiz olis, ammo koʻnglimiz yaqin, — deydi AQSHdan kelgan musiqashunos olim Jon Mak ­Kollum. — Bu yaqinlikni “Sharq taronalari” musiqa festivali yanada mustahkamlamoqda. Uning doirasida oʻtkazilgan xalqaro

ilmiy-amaliy konferensiyada maʼruzam bilan ishtirok etdim. Soʻng qoʻshiq kuylab berdim. Tadbir ishtirokchilari meni tarjimonsiz ham tushundi — sanʼat va madaniyat mana shunday kuchga ega.

Bu kabi samimiy eʼtirof va dil soʻzlari nafaqat mahalliy, balki xorijiy matbuot orqali ham keng yoritiladi. Natijada qanchalab musiqa shaydolari nufuzli festivalning boʻlajak tadbirlarida ishtirok etishni koʻngliga tugadi, mamlakatimizga qiziqadi, tariximiz va bugunimiz haqida maʼlumotlarga oshno boʻladi. Madaniyat va tarix shu zayilda turizm sohasiga taʼsir koʻrsatadi.

Bugun yurtimizda “Sharq taronalari”dan tashqari “Lazgi”, “Maqom”, “Askiya”, “Baxshichilik” sanʼati, “Dunyo sadolari” estrada, “Boysun bahori” folklor festivallari, “Ipak va ziravorlar”, “Atlas” bayramlari, Butunjahon hunarmandchilik koʻriklari singari nufuzli anjumanlar, madaniyat kunlari, tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari hamda boshqa muhim tadbirlarni oʻtkazish tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa Oʻzbekistonning jahon ahlini tinch-totuvlik, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan ezgu daʼvati sifatida dunyo hamjamiyati eʼtiborini tortmoqda.

“Ipak yoʻli” muzeyiga “Samarqand merosi yoʻlagi” orqali boramiz

XXI asr sayyohlarini osmonoʻpar binolar yoki jilvakor qora oyna qoplangan bahaybat inshootlar bilan hayratlantirib boʻlmay qoldi. Bugun tomoshasevar va sayohatsevar odamga milliylik, oʻziga xoslik kerak. Shu maʼnoda, iqtisodiyotimizning asosiy boʻgʻinlaridan biriga aylanib ulgurgan turizm sohasidagi imkoniyatlarni ishga solgan holda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samarasi eʼtirofga molik. Yurtimiz dovrugʻini yoyishda zamonaviy va milliy bunyodkorlik ishlari, sayyohlik manzillarini koʻpaytirish kabi jihatlar mavjud. Bugun ushbu yoʻnalish yangi rivojlanish bosqichiga oʻtmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro madaniyat makonidagi mavqeini izchil mustahkamlab oldi. 2025-yilda Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻtkazildi. Tadbir yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish, taʼlim va kreativ iqtisodiyot boʻyicha tashabbuslarini amaliyotga joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Mamlakatimizning Yaponiyada boʻlib oʻtgan EKSPO-2025 butunjahon koʻrgazmasida tashkil etilgan “Bilimlar bogʻi” pavilyoniga

1 millionga yaqin odam kelgani xalqaro OAVda keng yoritildi.

15-yanvar kuni Prezidentimiz huzurida xalqaro madaniy tadbirlar natijalari, turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid taqdimot oʻtkazildi. Maʼlum qilinganidek, 2025-yilda turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard dollarga yetdi. Vizasiz tartib joriy etilgan davlatlar soni 94 taga koʻpaydi. Shu bilan birga, turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga oʻtkazish, turizm mahsulotlarini yaratish va rivojlantirish boʻyicha yagona mexanizmni joriy etish hamda yirik tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Taqdimotda soha faoliyatini raqamlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Davlat va xususiy axborot tizimlarini uygʻunlashtirib, Milliy turizm platformasini ishga tushirish, turistlar va tadbirkorlar uchun proaktiv raqamli xizmatlarni joriy etish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish hamda turistlar oqimini tahlil qilish vazifalari belgilab berildi. Raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sayyohlik yigʻimidan yillik tushumlarni oshirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Shuningdek, yirik madaniyat va turizm obyektlari loyihalari koʻrib chiqildi. Xususan, Samarqandda “Samarqand merosi ­yoʻlagi” loyihasi ish boshlamoqda. Registon ansambli, Bibixonim va Shohi Zinda majmualari hamda Mirzo Ulugʻbek rasadxonasini 6,6 kilometrli yagona sayyohlik yoʻnalishi oʻzaro bogʻlaydi.

Samarqandda yangi “Ipak yoʻli” muzeyini qurish loyihasi ham taqdim etildi. Umumiy maydoni 19,5 ming kvadrat metrni tashkil etadigan uch qavatli zamonaviy bino qurilib, unda inklyuziv muhit, koʻrgazma zallari, eksponatlarni saqlash fondlari, shuningdek, taʼlim olishga moʻljallangan hududlarni barpo etish koʻzda tutilgan.

Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash rejalashtirilmoqda. Yangi muzey binosi, immersiv koʻrgazma zallari, tashrif buyuruvchilar uchun markaz barpo etiladi. Piyodalar yoʻlaklari obodonlashtirilib, arxeologik obyektlar yagona muzey muhitiga uygʻunlashtiriladi.

Bundan tashqari, Buxoro shahrining bosh rejasi taqdim etildi. Unda qulay shahar muhitini shakllantirish, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona, fud-xoll, chakana savdo va tijorat obyektlari hamda yuqori toifali mehmonxonani qamrab oladigan koʻp funksiyali majmua sifatida tarixiy-etnografik bogʻ barpo etish nazarda tutilgan.

— Prezidentimiz madaniyat loyihalarini turizmni rivojlantirish vazifalari bilan oʻzaro bogʻlagan holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va sifatli boshqaruvini taʼminlash zarurligini alohida taʼkidladi, — deydi Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Oqqulov. — Biz oʻtkazgan taqdimotning asosiy mazmuni esa kelgusida turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga oʻtkazishdan iborat. Soddaroq aytganda, bunda biror obyekt tanlanib, rivojlantirish rejasi ishlab chiqiladi. Davlat byudjetidan turizmni rivojlantirish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan infratuzilma shakllantiriladi. Shu asosda tadbirkorlarni davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilgan holda sayyohlarni obyektning eshigigacha olib kelish mexanizmi targʻiboti uchun mutaxassislar tayyorlashga koʻmaklashiladi. Bu mahalliy aholini ish bilan taʼminlash imkonini ham beradi. Yakunda barcha xizmatlar raqamlashtirish tizimiga bogʻlangan holda davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarimiz xususiy sherikka oʻtadi va davlat oʻz ulushi bilan boshqaruv loyihalariga mablagʻlarni yoʻnaltirishni rejalashtiradi. Mazkur takliflarning barchasini davlatimiz rahbari maʼqulladi va tegishli koʻrsatmalarini berdi.

Yurtimizda sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar, infratuzilmani takomillashtirish va zamonaviy turizm obyektlarini barpo etish ishlari tufayli turistlar uchun qulaylik va xizmatlar koʻlami kengaymoqda. Bu esa Oʻzbekistonni xalqaro turizm xaritasida yanada mashhur va jozibador mamlakatga aylantirishga xizmat qiladi.

Taqdimotda kelgusi rejalar va mavjud holatlar tahlili koʻrib chiqildi. Masalan, Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan EKSPO-2030 koʻrgazmasida ishtirok etishga tayyorgarlik ishlariga katta eʼtibor qaratilib, maydoni 3,6 ming kvadrat metrli pavilyon qurilishi rejalashtirilgan.

Buxoroda oʻtkazilgan birinchi Zamonaviy sanʼat biyennalesi 70 kun davom etdi. Tadbir 3,5 gektar maydonni va restavratsiya qilingan 14 ta madaniy meros obyektini qamrab oldi. Biyennaleda 40 dan ortiq davlatdan 70 ijodkor va kurator qatnashdi. Tadbir ishtirokchilari soni qariyb 1,8 millionni tashkil etdi.

Oʻzbekistonning 2021-yildan buyon Venetsiya biyennalesida muntazam ishtirok etayotgani italiyalik sayyohlar oqimining oʻsishiga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

— Yaqin kunlarda Yagona turizm milliy platformasini ishga tushirishni rejalashtirganmiz, — deydi Abdulaziz Oqqulov. — Uning doirasida 16 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari bitta maydonda jamlanadi. Bu kelgusida sayyohlik yoʻnalishlarini shakllantirish va davlat miqyosida tahlillar oʻtkazish, sayyohlarning yurtimizda boʻlish kunlarini koʻpaytirish, toʻlov qobiliyatini oshirib borish imkonini beradi.

Jahon turizm bozorida ommaviy turizmdan voz kechilib, individual turizmga katta eʼtibor qaratilmoqda, yaʼni sayyohlarning alohida qiziqishlaridan kelib chiqib, innovatsion turizm yoʻnalishlarini ishlab chiqish keng tus olmoqda. Bugun mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turizm tashkilotlari ushbu jarayonga koʻproq eʼtibor qaratayotgani sababi ham shunda.

Xalqaro turizm rivoji ichki turizmga eʼtibordan boshlanadi

Mamlakatimizda turizm sohasida zamonaviy yoʻnalish va turlarni yoʻlga qoʻyish xorijiy sayyohlar oqimi ortishi, ichki va xalqaro turizm rivojlanishi hamda tashrif geografiyasi kengayishiga olib keladi.

Sayyohlik deganda faqat tashqaridan kelib-ketuvchilar emas, balki yurtdoshlarimizning ham mamlakat boʻylab harakatlanishi tushuniladi. Yaʼni ichki turizmni rivojlantirish orqali xorijiy turistlarni koʻproq jalb qilish mumkin. Shu maqsadda yurtimizda “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi yoʻlga qoʻyilgan. Uning doirasida respublika boʻylab korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda mahallalardagi aholi sayohat qiladi.

Turizm jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan. Bu xorijga eksport qilmay, valyuta olib kirish imkoniyati, kam mablagʻ bilan koʻp ish oʻrni ochadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Yurtimizda tarixiy, madaniy va xushmanzara joylar juda koʻpligi esa bu imkoniyatlarni karrasiga oshiradi.

Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida qayd etganidek, oʻtgan yillarda erishgan ulkan yutuqlarimiz endi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasidagi maqsad va vazifalarni qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda. Zero, sohalarda kuzatilayotgan yuksalishlar endi oldimizda turgan yangi bosqichdagi ustuvor yoʻnalishlar va amaliyotni yanada takomillashtirish zaruratini paydo qilmoqda.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri