Yettita yoʻnalish boʻyicha 100 ta maqsadni oʻzida jamlagan, tom maʼnoda xalqchil hujjat boʻlgan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi yaqin kelajakdagi rivojlanish yoʻlimizni belgilashning muhim asosi sifatida barchamiz uchun dasturilamaldir. Mazkur hujjatning tarixiy ahamiyatga ega jihatlaridan biri shundaki, undagi reja va maqsadlar nafaqat soha mutaxassislari, ilmiy doira vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar bilan, shuningdek, keng jamoatchilik, xalq bilan kengashib muhokama qilindi.

Bugun, mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari sonining 159 taga yetganini, avvalo, Prezidentimizning tashabbusi va saʼy-harakati natijasi deb taʼkidlashni istardim. Yillik qabul 200 ming nafardan ortgani yoki oliy taʼlimdagi qamrov doirasi 30 foizdan oshgani ham eʼtiborga molik. Albatta, Harakatlar strategiyasi amalga osha boshlagan dastlabki davrdagi koʻrsatkichlarga nisbatan uch-toʻrt barobar yuqorilaganini bildiradi. Ushbu raqamlar Yangi Oʻzbekistonni 2022–2026-yillarga moʻljallangan rivojlantirishning taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan vazifalar yuksalishning yangi sahifasi, yangicha bosqichini ochib beradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Eʼtirof etish kerakki, bu borada asosiy eʼtibor inson qadr-qimmatiga qaratilgan. Tabiiyki, insonning qadrli boʻlishi uchun davlatning oʻz fuqarosiga nisbatan koʻrsatayotgan eʼzozi, eʼtibori har doim hisobga olinishi kerak. Mazkur jarayon har xil yoʻsinda kechadi. Ayniqsa, taʼlim tushunchasi ushbu jabhada katta rol oʻynaydi. Shu oʻrinda nima uchun degan haqli savol tugʻiladi.

Azaldan yaxshi kasb egasi, malakali usta el-ulus orasida qadrlangan, hurmat topgan. Demak, namunali taʼlim olgan, tajribali mutaxassisning jamiyatdagi oʻrni, nufuzi oshib boraveradi. Shuning uchun ham navbatdagi besh yillikda davlat dasturlari doirasida Oʻzbekistonda OTMlar sonini 200 taga yetkazish rejalashtirilgan. Koʻpchilikda bular faqat raqam va son haqida gapiryapti, sifat-chi, degan e ʼtiroz ham tugʻilishi tabiiy hol.

Yoʻq, biz son ortidan quvayotganimiz yoʻq. Masalan, oliy taʼlimga qamrovni 2026-yilga borib 50 foizdan oshirish bejiz nazarda tutilmagan. Demak, maktab, litsey bitiruvchilarining ellik foizdan ortigʻi, nasib etsa, oliy maʼlumotli degan sharafli nomni olish baxtiga muyassar boʻladi. Va asosiy masala, albatta, davlatimiz rahbari tomonidan bizning oldimizga qoʻyilayotgan jiddiy vazifa taʼlim sifatini oshirishdan iborat. Shuning uchun ham OTMga qamrov doirasini oshirishni koʻproq xorijiy ilm dargohlarining filiallari va albatta, ochilajak yangi xususiy OTMlar hisobidan amalga oshirish rejalashtirilgan. Chunki ana shu davr ichida barcha OTMlarda oʻquv binolari, zamonaviy jihozlangan laboratoriya va yotoqxonalarni koʻpaytirib olishimiz kerak. Bu kabi jihatlarga ham alohida urgʻu beriladi. Yana bir muhim masalaga alohida toʻxtalish kerakki, oʻtgan besh yil davomida hududlarda koʻplab oliy taʼlim muassasalari ochildi. Masalan, Surxondaryoda avval bitta OTM boʻlgan boʻlsa, hozir 6 taga yetdi. Boshqa viloyatlarda ham 5-6 tadan oliy oʻquv yurtlari tashkil etildi. Yaʼni 87 ta oliygohning aksariyati chekka joylarda. Shuningdek, 2022-yil 28-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan har bir hududda pedagogika oliygohlarini tashkil etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Bundan koʻzlangan maqsad esa hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda taʼlimning oʻrnini koʻrsatib berish va yuksak taraqqiyotga shu yoʻl orqali erishishdan iborat.

2022-yilda sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish hamda yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 38 foizga yetkazish maqsadida nodavlat oliy taʼlim muassasalari soni 27 tadan, jami oliygohlar soni esa 170 tadan oshiriladi.

Jumladan, Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti, Andijon davlat chet tillar instituti faoliyati yoʻlga qoʻyilsa, Navoiy davlat konchilik instituti negizida Navoiy politexnika universiteti tashkil etiladi.

Oliy taʼlimning meʼyoriy-uslubiy tizimi xalqaro standartlarga muvofiq joriy etilishi natijasida kelgusi yillarda mamlakat oliy taʼlim tizimi jahon taʼlim makoniga toʻliq integratsiya qilinadi. Xalqaro akademik va ilmiy mobillik huquqiy asosga ega boʻlgan holda keskin kengayadi, diplomlar, akademik va ilmiy darajalar konvertatsiyasi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Taʼlim dasturlarini xalqaro miqyosda uygʻunlashtirish imkoniyati kengayib, mamlakat oliy taʼlim muassasalari xalqaro reytinglarda tengma-teng ishtirok etishi imkoniyati yanada oshadi. Taʼlim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish kengayadi, xalqaro akademik va ilmiy loyihalar koʻlami oshadi, qoʻshma dasturlar asosida oʻqitish imkoniyati ortadi.

Hozir hech bir sohani axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Shu bois, biz ham oliy taʼlim tizimida maʼmuriy, oʻquv, ilmiy va moliyaviy jarayonlarni boshqarishni toʻliq elektronlashtirishni nazarda tutganmiz. Bunda talabalar va professor-oʻqituvchilarning asosiy faoliyati oʻquv jarayoniga qaratiladi va qogʻozda tartibga solish amaliyotidan toʻliq voz kechiladi.

Dars jadvalidan tortib reyting daftarchagacha talaba va uning ota-onasining telefonida boʻlishi kerak, biz bu ishni boshladik va joriy yilda yakuniga yetkazamiz.

Barcha oliy taʼlim muassasalarining axborot-kutubxonalarini birlashtirgan holda, yagona raqamli kutubxona tizimini joriy etish ham talabalarning ilmiy-intellektual salohiyati oshishiga xizmat qiladi. Buning uchun mavjud barcha oʻquv va ilmiy adabiyotlarni raqamlashtirish, elektron, audiokitoblar yaratish orqali kutubxona bazasini boyitamiz.

Talabalarga oʻz oliy taʼlim muassasasida mavjud boʻlmagan kitoblarning boshqa oliygohda mavjudligini koʻrish va ushbu kitobni buyurtma qilish imkoniyati yaratiladi. Keyinchalik Raqamli kutubxona tizimini xalqaro ilmiy kutubxona tizimlariga integratsiya qilish rejalashtirilgan.

Bugungi talaba — ertangi mutaxassis, malakali boshqaruvchi, ertaga davlat va jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻladigan yetuk shaxs. Shu bois, insonlarni, xalqni qadrlashni taʼlim orqali roʻyobga chiqarish taraqqiyot strategiyasining asosiy oʻzagidir. Va barcha diqqat- eʼtibor taʼlim sifatiga qaratiladi.