BMTning o'rmonlar bo'yicha forumida Orolbo'yi masalalari ko'tarildi

    Jahon banki mutaxassisi O'zbekistonda o'rmonlarni tiklash bo'yicha umumiy qiymati 142 million dollarlik loyiha taqdimotini ham qildi.

    BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning O'zbekistondagi vakolatxonasi vakillari BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida bo'lib o'tgan o'rmonlar bo'yicha forumning 18-sessiyasida ishtirok etishdi. Tadbirda BMTning o'rmonlar bo'yicha 2017—2030 yillarga mo'ljallangan strategik rejasini amalga oshirish asosiy muhokama markazida bo'ldi.

    FAOning o'rmon xo'jaligi bo'yicha mutaxassisi Ekrem Yazichi iqlim o'zgarishi sharoitida Orolbo'yi mintaqasida o'rmon, yer va suv resurslarini kompleks boshqarish muhimligini ta'kidladi. Ekrem Yazichining so'zlariga ko'ra, iqlim o'zgarishi va boshqa muammolarga chidamlilikni oshirish uchun sifatli suv resurslariga ega bo'lish, o'rmonzorlar barpo etish, yerlarni tiklash bo'yicha ishlarni amalga oshirish va o'rmon xo'jaligiga asoslangan turmush tarzini ta'minlashda qo'llab-quvvatlash zarur.

    Forum doirasida O'zbekiston tomoni raisligida Jahon banki, FAO, UNECE, BMTning Evropa Iqtisodiy Komissiyasi, Kanada o'rmon xizmati va ChHexiya o'rmon xo'jaligi instituti hamkorligida qo'shma tadbir tashkil etildi. Tadbirda O'zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, keng ko'lamli obodonlashtirish aksiyasi, Orol dengizining qurigan tubida o'rmon barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, butun respublika hududida ko'kalamzorlashtirish bo'yicha o'tkazilayotgan “Yashil makon” aksiyasi natijalari haqida ma'lumot berildi. O'zbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat hududiga nisbatan 2016-yildagi 4 foizdan bugungi kunda 14 foizga kengaytirilganligi alohida ta'kidlandi.

    Bundan tashqari, Jahon bankining Tabiiy resurslar mintaqaviy departamenti direktori Paola Agostini O'zbekistonda o'rmonlarni tiklash bo'yicha umumiy qiymati 142 million dollarlik loyiha taqdimotini qildi. Yakunda qo'shma tadbir ishtirokchilari joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan BMTning yirik tadbirlariga taklif etildi.

    FAO forum ishtirokchilariga 2025-yilgi O'rmon resurslarini global baholashga tayyorgarlik to'g'risidagi axborot, BMTning O'rmonlar bo'yicha strategik rejasining kommunikatsiya strategiyasini amalga oshirish to'g'risidagi ma'lumot taqdim etdi. Shuningdek, tashkilot 2024-yildagi xalqaro o'rmonlar kuni mavzusini ham e'lon qildi.