Bobotogʻ milliy tabiat bogʻida oʻrnatilgan fotoqopqonlarga hayvonlar tushib qoldi

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi tasarrufidagi Bobotogʻ milliy tabiat bogʻida oʻrnatilgan fotoqopqonlarga jayra, toʻqay mushugi, quyon va tulkilarning tungi hayoti muhrlandi.

    Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

    Maʼlumot uchun, Bobotogʻ milliy tabiat bogʻi 2022-yil 4-mart kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tashkil etilgan. Hududda 66 tur hayvonot dunyosi vakillari uchraydi. Bularning 16 turi sut emizuvchilar, 34 turi qushlar, 14 turi sudralib yuruvchilar va 2 turi suvda hamda quruqlikda yashovchi hayvonlardir.

    Bobotogʻda bahorgi sanoq davrida 13 ta jayra, 10 ta tulki va 18 ta quyon hisobga olingan.