Davlatimiz rahbari haqli ravishda taʼkidlaganidek, “Boburning ekologiya haqida yozganlarini oʻqisangiz, hozirgi davrda yashaydi, deb oʻylaysiz”. Darhaqiqat, “Boburnoma”ni oʻqiganda unda bayon qilingan joylarning ekologik holati, yaʼni oʻsha diyorning oʻsimlik dunyosi, hayvonot olami, qushlari, yeri, obi-hayoti, iqlimi, giyohlari, meva-chevasi xususida tarixiy va ekologik nuqtai-nazardan bugungi kun uchun ham ahamiyati qimmatli boʻlgan aniq maʼlumotlarga ega boʻlamiz.

Xususan, “Boburnoma”ni nabobat olamiga oid sermazmun asar deyish oʻrinlidir. Unda Fargʻonadan Hindistongacha boʻlgan yer, joylar, togʻ, oʻlkalarda oʻsadigan daraxt, oʻsimlik, oʻt-oʻlan, gullar, ularning turlari, oziq-ovqat va tibbiy xususiyatlari toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar keltiriladi. Chunonchi, “Boburnoma”da Hindiston mevalaridan anba haqida mukammal maʼlumot bayon qilinadi. Unda yozilishicha, “Hindistongagina xos mevalardan biri anbadir. Yaxshisi yaxshi boʻladi, koʻp yeyish mumkin. Lekin yaxshisi kam boʻladi. Uni aksar xom uzadilar: uyda turib pishadi. Xomi yaxshi osh qatigʻi boʻladi. Gʻoʻrasining murabbosi ham yaxshi boʻladi”.

Shuningdek, “Boburnoma”da Hindiston mevalaridan keylaning oʻziga xos jihatlari haqida batafsil tavsif aytiladi: “Yana bir mevasi keyladir. Daraxti unchalik baland emas, balki daraxt deb ham boʻlmas. Buta bilan daraxt orasidagi bir narsadir. Gʻunchasining har bargi ochilgach, bargining tubida qator asti-yetti guli boʻladi. Bu qator gullar keyla boʻladi”.

Bundan tashqari, “Boburnoma”da balut daraxtining xususiyatlariga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Unda bayon qilinishicha, “balut Janubiy Osiyoda oʻsadigan eman daraxti navi” . U Afgʻoniston togʻlarida, Qobuldan sharqdagi hududlarda oʻsishi, yogʻochi yaxshi oʻtin boʻlishi taʼriflanadi. Xoja Seyoron qishlogʻi yaqinidagi oʻrmonlar balutiston deyilgan va qishloq nomi chinor, argʻuvon va balut daraxtlarining birga oʻsishidan kelib chiqqani aytilgan.

“Boburnoma”da oʻsimlik dunyosining turlari, mevalarining koʻrinishi, taʼmi haqida toʻliq, ishonchli maʼlumotlar berilishi, daraxti, hajmi, rangi, guli va yaprogʻigacha tasvirlash, shuningdek ularni Fargʻonada oʻsadigan daraxtlar, mevalar, gul va barglarigacha qiyosiy taqqoslash oʻquvchida katta qiziqish uygʻotib, bu Boburning yetuk mutafakkir va tajribali olimga xos kuzatuvchanligidan dalolat beradi. Ushbu asarda, ayniqsa Bobur oʻzi xukmronlik qilgan ona vatani Fargʻona viloyatining nabobati haqida ham muhim taʼrifu-tavsiflar keltiriladi. Ushbu qomusiy asarda yozilishicha, “Fargʻona don-duni koʻp, mevasi farovon. Qovun va uzumi yaxshi boʻladi. Andijonning noshvatisidan yaxshiroq noshvati boʻlmaydi. Yana Margʻinon noz-nematga boy. Anori va oʻrigi juda yaxshi boʻladi”.

Fargʻona viloyati oʻsimlik dunyosining rang-baranligi haqida toʻxtalar ekan, Bobur tobulgʻi daraxtining moʻjizaviyligi, uning sahovati, oʻziga xosligi, ijtimoiy ahamiyati xususida eʼtiborli jihatlarni bayon etadi. Xususan, “Boburnoma”da yozilishicha, “tobulgʻi daraxti Fargʻona togʻlarida boʻladi. Oʻzga hech yerda boʻlmaydi. Tobulgʻu shunday daraxt: poʻsti qizil, hassa, qushlarga qafas qiladilar, qamchi dastasi ham qiladilar, tarashlab kamon oʻqi qiladilar”.

“Boburnoma”da bayon qilingan tarixiy voqeliklar, faktlar shundan dalolat beradiki, Bobur nafaqat oʻzi umrguzaronlik va xukmronlik qilgan hududlarning oʻsimlik dunyosi haqida maʼlumotlar keltiradi, balki ushbu yerlarning iqlim sharoitiga qarab ularni shu yerda moslashtirishga va oʻstirishga harakat qiladi. Masalan, Boburning buyurtmasi bilan Agradagi “Hasht bixisht” bogʻida Hindiston sharoitida birinchi bor qovun, uzum, olxoʻri hamda Markaziy Osiyodan olib keltirilgan gullar ekib oʻstirilgan. Bu tajriba oʻsimliklarni introduksiyalash va iqlimlashtirishning agronomiya va biologiya tarixidagi dastlabki namunalardan biridir. Tarixiy maʼlumotlar shundan guvohlik beradiki, Bobur Hindistonda shaharlarni obod qilish, quduqlar qazib suv chiqarish, goʻzal bogʻlar yaratish kabi ishlar bilan mashgʻul boʻlgan.

Shuhrat Hotamov,

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat

xavfsizligi universiteti dotsenti, polkovnik