Bobur Mirzo g'azallari tarjima qilinmoqda

    Madaniyat 14 Yanvar 2021 9537

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Zahiriddin Muhammad Bobur g'azallarining tarjimasiga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

    Unda uyushmaning Badiiy tarjima kengashi aʼzolari, shuningdek, tarjimonlar Begoyim Xolbekova, Munira Norova, Nodirabegim Ibrohimova, Avazxon Haydarov, boburshunos olima Ziyoda Teshaboyevalar ishtirok etdi.

    Maʼlumki, AQSHga yuborilgan Oʻzbekiston delegatsiyasining Smitson Osiyo Milliy sanʼat muzeyi direktori M.Farxad bilan uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlarda Bobur hayoti va ijodi, jumladan, boburiylar davri madaniyatini kengroq yoritish borasida hamkorlik qilishga kelishilgan edi. Bu borada amalga oshiriluvchi vazifalar maxsus “Yoʻl xaritasi”da belgilab berilgan boʻlib, Bobur asarlari tarjimasi ushbu ishlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.

    Uyushma raisining ijodiy ishlar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Nodir Xolboʻtayev Bobur gʻazallari tarjimasi ishlarini muvofiqlashtirish, ishni belgilangan muddatda yakunlash choralariga toʻxtaldi.

    Yigʻilishda Bobur gʻazallarining ingliz tilidagi tarjimasini amalga oshirish uchun ishchi guruh tarkibi ishlab chiqildi. Tarjimonlar boburshunos va matnshunos olimlarning maslahatlaridan foydalanish zarurligini, tarjimada maʼno yaxlitligini saqlash kerakligini alohida taʼkidlashdi.

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

    Axborot xizmati