Viloyat IIB maʼlumotiga ko'ra, 1987 yilda tug'ilgan, Durafshon mahallasida yashovchi ayol o'z xonadonida hujra tashkil qilib, 41 nafar voyaga yetmagan qizga diniy saboq bergan.

Maʼlum bo'lishicha, qizlar Qo'qon shahri hamda Uchko'prik, Yozyovon, Buvayda va Bog'dod tumanlarida yashovchi oila­larning farzandlari bo'lgan. Ular hujrada yotib taʼlim olgan. Buning uchun ota-onalar har oyda har bir qizga 600 ming so'mdan to'lov qilgan.


Tekshiruvda hujrada diniy taʼlim bergan ayolning bu faoliyat bilan shug'ullanish uchun oliy maʼlumoti va tegishli diplomi yo'qligi aniqlangan.

Holat bo'yicha unga nisbatan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Shu bilan birga, diniy taʼlim olgan 41 nafar voyaga yetmagan qizlarning ota-onalariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 47-moddasi 3-qismi asosida maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.