Hayotimizning har jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholi farovonligini taʼminlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati yuksaltirish kabi bir qator ezgu gʻoyalar mujassam. Bu bojxona tizimidagi oʻzgarish va yangilanishlarda ham namoyon boʻladi.

Xususan, tizimga “Raqamli bojxona” tamoyili keng joriy qilinayotgani tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ham vaqtini, ham xarajatini tejashga xizmat qilmoqda.

Keng miqyosda joriy qilinayotgan “Xavflarni boshqarish”, “Yagona darcha” kabi bojxona axborot tizimlari va elektron xizmatlar koʻmagida bojxona nazorati hamda rasmiylashtiruviga sarflanayotgan vaqt tobora qisqarmoqda.

Ahamiyatlisi, bojxona nazoratiga ilgʻor texnologiyalar tatbiq etilishi natijasida deklaratsiyani rasmiylashtirish vaqti eksportda 1,7 barobarga, importda esa 1,4 barobarga qisqartirildi. Shu bilan birga, 76 foiz bojxona yuk deklaratsiyalari soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan, bu koʻrsatkich eksportda 84 foizni va importda 74 foizni tashkil etadi.

Bojxona sohasida amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar, keng koʻlamli islohotlar haqli ravishda xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak eʼtirof etilmoqda.

– Birgina tadbirkorlik faoliyatini yanada liberallashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish va tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida muhim islohotlar oʻtkazilyapti, – deydi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Nodir Salimjonov. – Biroq, tahlillar ilgʻor raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish mumkinligini koʻrsatmoqda. Joriy yilning 10-sentyabr kuni qabul qilingan “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni ayni maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Jumladan, mazkur farmonga muvofiq 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab bojxona nazoratini olib borishda “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda respublikamizning toʻrtta hududida sinov tariqasida ana shunday postlar faoliyat boshladi.

Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun “Yangilanayotgan bojxona: “Sirgʻali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar” mavzusidagi press-turda mazkur hujjat ijrosi borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Tadbirda ishtirokchilar poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Sirgʻali” bojxona posti, bir qator eksportyor korxonalar foliyati va yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir avvalida “Raqamli Oʻzbekiston bojxonasi” koʻrgazmali taqdimoti va sohadagi islohotlarga bagʻishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.

Jurnalistlar “Sirgʻali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tarixi, u yerdagi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish, bojxona nazoratining shakl va usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

– “Sirgʻali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida 2021-yilning 9 oyi davomida 36 ming 379 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilib, ular boʻyicha 2 trillion 336 milliard soʻmlik bojxona toʻlovlari davlat byudjetiga oʻtkazilgan, – deydi mazkur post boshligʻi Ilhom Hakimov. – Bu yerda tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan salkam 344,4 million AQSH dollaridan ziyod mahsulot xorijga eksport qilindi.

Bojxona posti tasarrufida 33 ta ombor mavjud boʻlib, 29 tasi ochiq, 4 tasi yopiq turdagi bojxona omborlaridir.

Mazkur bojxona omborlarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan. Videotasvirlarni onlayn tarzda Davlat bojxona qoʻmitasi hamda hududiy boshqarmasi orqali kuzatish imkoniyati mavjud.

Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularga bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish yoʻnalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 10 dan ortiq turdagi ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan xomashyo, texnologik asbob-uskunalar, maishiy texnika va ularning qismlari kabi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida 931,4 milliard soʻm bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar berildi.

Bojxona postida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning yurtimiz hududiga kirib kelishining oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, oʻtgan davrda 227 ta holatda 1 milliard 948 million soʻmdan ortiq tovarlarning noqonuniy yoʻl bilan kirib kelishining oldi olindi. Ular boʻyicha  8,1 milliard soʻmdan ziyod qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblanib, davlat byudjetiga undirilishi taʼminlandi.

Bir soʻz bilan aytganda, bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish maqsadida xalqaro meʼyor va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga qaratilayotgan muhim eʼtibor, sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar mamlakatning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga, uning investitsion salohiyatini oshirishga, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga va bojxona organlari faoliyati shaffofligini taʼminlashga xizmat qiladi.