Joriy yilning 10-mart kuni Bojxona instituti kursantlari Toshkent shahrida joylashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabga tashrif buyurdilar. Tashrif kursantlarni maktab oʻquvchilariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha beshta muhim tashabbusi doirasida boʻlib oʻtdi.

Tashrif chogʻida kursantlar maktab faoliyatiga oid maʼlumotlar bilan tanishtirilib, fan kabinetlaridan tashqari darslar hamda fakultativ mashgʻulotlarni innovatsion usullarda oʻtish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilganligi va “Artel”, “Ucel”l, “ZTE” va “Huawei” kompaniyalarining maxsus sinflari ochilganligi, maktabda oʻquvchilar zamonaviy mobil va kompyuter dasturlarini oʻrganishi, oʻz ustida ishlab, tajriba oshirishi uchun robototexnika va sanotexnika xonalari, innovatsion va virtual laboratoriyalar tashkil etilganligi aytib oʻtildi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilariga ham Bojxona instituti va unda yaratilgan sharoitlar, oʻquv jarayonining tashkil etilishi, institutda tahsil olayotgan boʻlgʻusi bojxonachilar mamlakat iqtisodiy xavfsizligi sohasida faoliyat koʻrsatishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar berib oʻtildi.

Kursantlar maktab boʻylab ekskursiya qildilar, ular bilan maktab oʻquvchilari oʻrtasida sportning shaxmat yoʻnalishi boʻyicha oʻrtoqlik uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi.