Ayniqsa, taʼtil rejasi avvaldan tuzib qoʻyiladi. Kimdir shahardan qishloqqa borib, bobosini uyida, kimdir oromgohlarda va yana kimdir qishloqdan shahardagi qarindoshinikida, xullas, turli joylarda taʼtilni oʻtkazish harakatiga tushadi.
Joriy oʻquv yili yakunlanishi bilan yozgi taʼtilga chiqqan oʻquvchilar allaqachon rejalarini tuzib boʻlishgan.
Bolajon xalqmiz. Ular uchun doimo barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishga harakat qilamiz. Chunonchi, ayni paytda mamlakatimizda yoz faslida bolalarning boʻsh vaqtini maroqli oʻtkazishlari uchun sogʻlomlashtirish oromgohlari mavsumga shay holatga keltirildi.
Prezidentimizning 2022-yil 18-noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida Bolalar sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi hamda Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etildi. Qaror bilan ushbu tashkilotlarga bir qator vazifalar belgilab berildi.
Ayni vaqtda Navoiy viloyatida ham Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat Kengashi va Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti xodimlari tomonidan viloyatdagi mavjud oromgohlarning mavsumga shayligini taʼminlash uchun barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.
– Viloyatda 126 mingdan ziyoda 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar bor. Ayni vaqtda ularni oromgohlarda xavfsiz dam olishini tashkil etish boʻyicha choralar koʻrildi. Oromgohlarning mavsumga shayligi toʻliq oʻrganildi va aniqlangan kamchiliklar baratarf etildi. Bolalarni sogʻlomlashtirish va dam oldirish uchun grafiklar ishlab chiqildi, – deydi Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Tohir Abdurahmonov.
Bolalar yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlarida oʻquvchi yoshlarni maʼnan barkamol, yetuk inson qilib tarbiyalash maqsadida milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va anʼanalarimizni qamrab olgan holda turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish ham eng muhim vaziflardan biridir. Buning uchun barcha oromgohlarga mavsum davomida faoliyat olib borishi uchun 900 nafarga yaqin pedagoglar jalb qilindi. Ular bilan maxsus dastur asosida oʻquvlar tashkil etilib, oromgohlarda ishlarni toʻgʻri tashkil etish boʻyicha malakalari oshirildi.
Bugungi kunda viloyatda 18 ta oromgohlar mavjud boʻlib, shundan 11 tasi statsionar, 5 tasi kunduzgi, 2 tasi mehnat va dam olish oromgohlaridir. Ushbu maskanlar 4 mavsumda faoliyat olib boradi. Birinchi mavsumda oromgohlarda 4050, 2-mavsumda 4050, 3-mavsumda 3950, 4-mavsumda 3390 nafar – jami 15440 nafar bolani joriy yilda dam oldirish rejalashtirilgan.
Viloyatdagi “Ishonch” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi bolalarning sevimli maskaniga aylangan. Ushbu oromgoh mavsumning bir oraligʻida 300 nafar bolani bagʻriga olish imkoniyatiga ega. Bu yerda yetarli tajriba va malakaga ega pedagoglar, tarbiyachilar, tibbiyot xodimlari jalb etilgan.
“Shabboda” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi Navbahor tumanining soʻlim manzilida joylashgan. Tabiati oʻziga xos bu soʻlim goʻshada ham joriy mavsumda bolalarning vaqtini samarali tashkil etish uchun qizgʻin hozirlik koʻrildi. Bu jarayonda oʻquvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sanʼat, sport, axborot-texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
– Oromgohimiz toʻliq mavsumga shay va bolalarni sogʻlomlashtirish, dam oldirishga barcha imkoniyatlar bor. Maskanimiz maydoni 13 gektar boʻlib, daraxtzorlar, tarixiy obidalar shaharchasi tashkil etilgan. Ajoyib tabiat havosi bolalarni maroqli dam olishida alohida ahamiyat kasb etmoqda, – deydi oromgoh direktori Gulnoza Joʻraqulova.
Oromgohda mutaxassislar tomonidan sanitariya-gigiyena talablari boʻyicha tozalash ishlari olib borilgan va tibbiy punktlar tashkil etilib, ular zarur dori-darmonlar zaxirasi bilan taʼminlangan. Shuningdek, joriy yilda oromgoh hududiga 100 kilovattli quyosh paneli oʻrnatilib, maskanni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, sarfi va xarajatini tejash imkoniyati yaratildi.
Albatta, har bir ota-ona yozgi taʼtilda farzandlarini yaxshi sharoitga ega boʻlgan yozgi dam olish maskanlariga joylashtirish harakatida boʻladi. Boisi, taʼtilda miriqib dam olgan bolajonlar yangi oʻquv yilini yuqori kayfiyatda, oʻzgacha ishtiyoq va yangi orzu-maqsadlar bilan boshlaydi. Quvonarlisi, ayni vaqtda yurtimizdagi barcha oromgohlarlarda bolalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasiga qarashli “Oftobjon” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining maydoni 17 gektar boʻlib, oʻzining xushmanzaraligi bilan ajralib turadi. Bu maskanda ham har yili bolalarning yozgi taʼtilini maroqli tashkil etish uchun mavsumga puxta tayyorgarlik koʻriladi. Har yili oromgoh bir oraliqda 320, mavsum davomida 1300 ga yaqin bolalarni qabul qiladi. Bu yerda 60 dan ziyod ishchi-xodimlar boʻlib, ularning 42 nafari pedagoglardir.
Joriy yilgi yoz mavsumida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasi tasarrufidagi 13 ta bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi faoliyat olib boradi. Ularning 6 tasi shahardan tashqaridagi statsionar, 5 ta kunduzgi hamda 2 ta mehnat va dam olish oromgohi boʻlib, 4 bosqichda 12 ming nafardan ortiq oʻgʻil-qizlar sogʻlomlashtiriladi.
Albatta, yozgi bolalar oromgohlarida bolalarning miriqib hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish bilan birga favqulodda vaziyatlarning oldini olish, jumladan, yongʻin xavfsizligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, statsionar oromgohlar shahar va tuman markazlaridan olisroqda va togʻli hududlarda joylashganligi uchun bu maskanlarda turli favqulodda holatlarning oldini olish va bartaraf etish alohida masʼuliyat talab etadi.
– Har yili oromgohlarga Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmat xodimlari biriktirilib, ular ushbu obyektlarda yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga rioya etishlari va bolalarning xavfsiz dam olishi uchun tunu kun navbatchilik qilishadi. Bu yil ham mavsum oldidan viloyatdagi oromgohlar oʻrganib chiqildi va turli favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha choralar amalga oshirildi. Oromgohlar xodimlariga ham yoʻriqnomalar berilib, tushuntirish ishlari olib borildi. Oromgohlar bolalarni xavfsiz dam oldirish uchun shay holatda va bu borada kunlik nazorat ham olib boriladi, – deydi Navoiy viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi masʼul xodimi Aziz Taniyev.
Shuningdek, mavsum davomida bu ishlarning samarasini yanada oshirish maqsadida oromgohlarga biriktirilgan xodimlar tomonidan koʻrgazmali targʻibot materiallari hamda maxsus texnikalar yordamida bolalar bilan turli uchrashuvlar, tushuntirish ishlari, viktorinalar, koʻrik-tanlovlar va davra suhbatlari oʻtkazib boriladi. Bu esa, oʻz navbatida, yosh avlodni yongʻin-qutqaruv sohasiga qiziqtirish, ularni favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanishga oʻrgatish, yongʻin xavfsizligi qoidalarini oʻzlashtirishlariga, maxsus texnikalarning taktik imkoniyatlari, jihozlarning vazifalari haqida maʼlumotlarga ega boʻlishlariga imkoniyat yartadi.
Albatta, yozning issiq kunlarida yengil shabada esgan, xushmanzara, soya-salqin dam olish maskanlarida maroqli dam olgan bolalar har jihatdan sogʻlom boʻlib, yangi oʻquv yiliga oʻzgacha kuch va shijoat bilan boradi. Buning uchun ayni vaqtda oromgohlarda barcha imkoniyatlar yaratilgan va bolajonlarni bagʻriga olish uchun tayyor.
Gʻolib ABDUSALOMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri