U ilgari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga faxriy mehmon sifatida Samarqandga kelganida boshlangan doʻstligimiz bu safargi diydorlashuvga mustahkam koʻprik boʻldi. U meni Tokio milliy muzeyiga olib bordi. Koʻplab eksponatlar, xususan, musiqa asboblari orasida shisha ortida turgan bir kiyim diqqatimni tortdi. Bu “haori” — yaponlarning anʼanaviy ustki kiyimi edi. Bir zum toʻxtab qoldim. Shisha ortida turgan boʻlsa-da, koʻz oldimda xuddi oʻzbek milliy choponi turgandek edi. Bichimiyu qaddi, naqshi — barchasi oʻsha-oʻsha. Faqat nomi boshqa.
Men
bu haqda professor Eguchiga aytdim. U kulib qoʻydi-da, bunday dedi: “Bu tasodif
emas. Buyuk ipak yoʻli ikki xalqni nafaqat savdo-sotiq, balki madaniyat orqali
ham chambarchas bogʻlagan”. Oʻsha lahzada koʻnglimda uzoq yillardan buyon
shakllanib kelayotgan bir fikr yanada ravshanlashdi: biz yaponlardan oʻrganamiz
deb yurgan qadriyatlarning koʻpchiligi aslida oʻzimizda ham boʻlgan, ammo biz
ularni vaqt hukmiga topshirib, eʼtiborsiz qoldirganmiz. Yaponlar esa bu merosni
ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylab, zamon talablariga moslagan holda hayotning
oʻzagiga singdira olgan.
Bu
oʻxshashlik nafaqat buyumlarda, balki odamlarning xatti-harakatlarida ham
yaqqol koʻzga tashlandi. Oʻsha safarda oʻgʻlim Murod bilan birga edik. Tokio
koʻchalarini kezib yurgan kunlarimizning birida piyodalar yoʻlagidagi
svetoforning qizil chirogʻi yonib turgan joydan oʻtishimizga toʻgʻri keldi.
Yoʻl boʻm-boʻsh, birorta ham mashina koʻrinmasdi. “Sekin oʻtaveramizmi?” deb
soʻradim. Murod toʻxtadi. Yoʻlning narigi betida bir necha yapon bolalari
yashil chiroq yonishini jim kutib turardi. “Yoʻq, — dedi oʻgʻlim, — bolalar
qarab turibdi. Ularga yomon namuna boʻlamiz”. Ikkalamiz ham yashil chiroq
yonguncha kutib turdik. Men oʻsha koʻchada oʻgʻlimdan oʻzim uchun juda katta
saboq oldim: qoidalarga rioya qilish jazo qoʻrquvidan emas, balki oʻzini
jamiyatning ajralmas bir boʻlagi deb his qiladigan insonning tabiiy ehtiyojidan
kelib chiqishi kerak. Yaponlar buni “kata” — shakl va tartibga boʻlgan chuqur,
ongli hurmat deb ataydi. Biz, oʻzbeklar esa bu tuygʻuni azaldan bitta soʻz
bilan ifodalab kelganmiz: odob. Ikki xalq, ikki til, ammo maʼno va ildiz bir.
Oʻsha
kuni muzeydan chiqqach, bir fikr butun xayolimni band etdi: biz bugun zamonaviy
tushuncha deb atayotgan koʻplab gʻoyalar aslida tariximizda allaqachon mavjud
boʻlgan ekan-ku! Faqatgina ularni boshqa nomlar bilan atab, boshqacha til bilan
ifodalar ekanmiz, xolos. Bugun tarbiya va taraqqiyotga oid bahslarda koʻp
takrorlanayotgan kognitiv kapitalizm tushunchasi ham shular jumlasidan.
Navoiy yetti asr oldin nima
degan edi?
Yigitlikda
yigʻ ilmning maxzani,
Qarilik
chogʻi xarj qilgʻil ani.
Hazrat
Navoiy bobomizning ushbu misrasi koʻp bor takrorlanadi. Lekin uning zamiridagi
iqtisodiy mantiq kamdan-kam holatlarda toʻlaqonli anglab yetiladi. “Xarj” soʻzi
arabchada sarflanadigan mablagʻ maʼnosini anglatadi. Inson biror narsani
sarflashi uchun, eng avvalo, uni toʻplagan boʻlishi kerak. Aslida, Navoiyning
aytmoqchi boʻlgan fikri shuki: yigitlik chogʻingda tinmay bilim toʻpla, toki
keksaligingda u sening kapitalingga aylansin.
Bugungi
zamonaviy iqtisodiyot tilida ushbu gʻoya “kognitiv kapitalizm” deb yuritiladi.
Professor M. Quronov buni quyidagicha tushuntiradi: “Kapital faqatgina pul yoki
mulkdan iborat emas. Aytaylik, mashinangiz bor va unda ishga borib kelasiz, bu
shunchaki boylik. Lekin oʻsha mashinani ijaraga berib, undan har oy daromad
qilsangiz, endi bu boylik kapitalga aylangan boʻladi. Xuddi shuningdek, boʻsh
turgan kvartirangiz shunchaki boylik boʻlsa, uni ijaraga berib foyda
koʻrishingiz kapitaldir. Asosiy farq shundaki, kapital oʻzini oʻzi
koʻpaytiradi, hatto tinch yotgan holatida ham sizga qoʻshimcha qiymat hosil
qilib bera oladi. Ana endi oʻrinli bir savol tugʻiladi: sizning bilimingiz
qaysi toifadan oʻrin olgan?
Agar
oʻzlashtirilgan bilim kapitalga aylanmasa, uning qadr-qimmati nimada qoladi?
Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarida bunday oʻtkir va
keskin bir savol bor: “Bu kishi nihoyatda ilmli, nihoyatda donishmand, ammo
oʻzi kambagʻal desangiz, “Aqlli va bilimdon boʻlsa, nega boy boʻlmagan?” deb
soʻraydilar”.
* * *
Yaponiyada
guvohi boʻlganim oʻsha manzara xotiramga umrbod muhrlanib qoldi va menga juda
koʻp narsani tushuntirib berdi. Yaponiyaning haqiqiy buyukligi uning zamonaviy
texnologiyalari yoki qudratli iqtisodiyotida emas, balki svetofor yonida yashil
chiroq yonishini sabr bilan, jim kutib turgan oʻsha jajji bolalarda mujassam
edi. Haqiqiy tarbiya yillar davomida qatlam ustiga qatlam boʻlib yigʻiladi va
bora-bora insonning tabiatiga singib ketadi. Shunda inson shunchaki qoidaga
amal qilish kerakligi uchun emas, balki ichki maʼnaviyati shuni taqozo etgani
uchun ham har doim toʻgʻri yoʻlni tanlaydi. Kumulyativ tarbiyaning pirovard va
yakuniy maqsadi ham aynan shundan iborat — u insonni shunchaki nimanidir
bilishga emas, balki qandaydir shaxs boʻlib yetishishga undaydi. Bu zamonaviy
iqtisodiyot tilida “innovatsion inson kapitali” deb ataladi.
Jozibador tushuncha
Bilim
va tarbiyaning oʻzaro mukammal uygʻunligi bugungi kunda yangicha nom oldi —
innovatsion inson kapitali. Bu jozibador tushuncha zamirida juda oddiy bir
taʼrif yotadi: u sifatli taʼlim olgan, doim ijodkor va tashabbuskor, har qanday
yangilikka ochiq, nafaqat oʻzidagi mavjud bilimlarni amaliyotda qoʻllay
oladigan, balki butunlay yangi moddiy va maʼnaviy qiymat yarata oladigan
insondir.
Oʻzbekiston
2030-yilga borib Global innovatsiyalar indeks reytingida dunyoning 50 ta eng
ilgʻor mamlakatlari safiga kirishdek ulkan maqsadni oʻz oldiga belgilab olgan.
Bunday marraga erishish yoʻlidagi asosiy tamal toshi har tomonlama puxta taʼlim
koʻrgan, tashabbuskor va tom maʼnodagi ijodkor yangi avlodni yetishtirishdir.
Gʻarb mamlakatlarida bu taʼlim tizimini “Lifelong learning” — yaʼni umr boʻyi
uzluksiz oʻrganish deb atashadi. Biroq eʼtiborlisi shundaki, bu teran gʻoyaning
asl ruhi bizning madaniyatimizda va qonimizda allaqachon mavjud boʻlgan: Hazrat
Navoiy yetti asr muqaddam aynan mana shu narsa haqida yozib qoldirgan. Biz
bugun shunchaki oʻzimiz unutib qoʻygan oʻsha bebaho tushunchani zamonaviy tilda
qaytadan kashf etyapmiz, xolos.
* * *
Ushbu
maqolani yozib tugatgach, xayolim beixtiyor yana oʻsha Tokio muzeyi zallariga
qaytdi. Shisha ortida mahobat bilan osilib turgan “haori” xuddi oʻzbek milliy
choponini koʻz oldimda yana jonlantirgandek boʻldi — goʻyoki u mushtarak bir
tarixning daryoning ikki qirgʻogʻida tushib qolgan izlariga oʻxshardi. Faqat
birgina qadriyat ikki xil xalqda, ikki xil nom bilan yashab kelgan.
Yaponlar
milliy qadriyatlarini — qatʼiy intizom, yuksak masʼuliyat, cheksiz sabr,
ilm-fanga boʻlgan chuqur muhabbat va jamiyatga nisbatan hurmat ruhini avloddan
avlodga yetkazib, asrab kelmoqda va buni kundalik hayotining mutlaqo ajralmas
bir qismiga aylantira olgan. Bunday qadriyatlar ularning taʼlim tizimida ham,
koʻchadagi odatiy xulq-atvorida ham, kundalik oddiy insoniy munosabatlarida ham
birdek yaqqol ifodasini topadi.
Aslida,
bunday goʻzal fazilatlar xalqimizga ham aslo begona emas. Axir bizning
Navoiydek mutafakkirimiz bor. Beruniy va Ibn Sinodek allomalarimiz, Mirzo
Ulugʻbekdek buyuk olimlarimiz oʻtgan. Xalqimiz ham asrlar osha ilmni eng oliy
qadriyat sifatida ulugʻlab kelgan, halol mehnat qilishni sharaf deb bilgan va
goʻzal odob-axloqni hayotining ajralmas tamoyiliga aylantira olgan.
* * *
Oʻgʻlim
Murod oʻsha kuni svetofor oldida qisqagina bir gap aytgan edi: “Bolalar qarab
turibdi”. Men oʻshanda juda oddiy tuyulgan ushbu qisqa jumlada qanchalik teran
va chuqur maʼno yashiringanini toʻlaqonli anglab yetmagan ekanman. Ammo bu
soʻzlar xotiramda bir umrga oʻchmas boʻlib muhrlanib qoldi. Chunki tarbiya
jarayoni faqatgina sinfxona yoki maktab devorlari ichida cheklanib qolmaydi. U
koʻchada ham, gavjum bozorda ham, mehmonlar davrasida ham, hatto oddiygina
svetofor yonida ham muttasil davom etaveradi. Uyda boʻlamizmi, ishda, dars
jarayonidami yoki koʻchada yurgan paytimizdami, farqi yoʻq — har lahzada
kimningdir farzandiga oʻzimizning kundalik xatti-harakatlarimiz bilan tarbiya
berib boramiz. Biz buni xoh ongli ravishda bilaylik, xoh bilmaylik, baribir
mudom shu jarayonning markazida boʻlamiz.
“Yapon
moʻjizasi” degan tushuncha biz uchun mutlaqo begona yoxud imkonsiz narsa emas —
u oʻzimizning bebaho tarixiy merosimiz hisoblangan, oʻz vaqtida ota-bobolarimiz
tomonidan sadoqat bilan asrab-avaylangan va butun izchilligi bilan hayotga
tatbiq etilgan azaliy qadriyatlarimizning amaliy bir koʻrinishidir. Xuddi
shunday barqaror taraqqiyotni biz ham bevosita oʻz qoʻlimiz, mehnatimiz va
aql-zakovatimiz bilan bunyod etishga toʻla qodirmiz. Buning uchun esa, eng
avvalo, tarixiy ildizlarimizni yanada
chuqurroq qadrlashimiz va uni kelajagimiz sari eltuvchi mustahkam koʻprikka
aylantira olishimiz zarur.
Shomurod MUSTAFOYEV,
pedagogika fanlari doktori