U ilgari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga faxriy mehmon sifatida Samarqandga kelganida boshlangan doʻstligimiz bu safargi diydorlashuvga mustahkam koʻprik boʻldi. U meni Tokio milliy muzeyiga olib bordi. Koʻplab eksponatlar, xususan, musiqa asboblari orasida shisha ortida turgan bir kiyim diqqatimni tortdi. Bu “haori” — yaponlarning anʼanaviy ustki kiyimi edi. Bir zum toʻxtab qoldim. Shisha ortida turgan boʻlsa-da, koʻz oldimda xuddi oʻzbek milliy choponi turgandek edi. Bichimiyu qaddi, naqshi — barchasi oʻsha-oʻsha. Faqat nomi boshqa.

Men bu haqda professor Eguchiga aytdim. U kulib qoʻydi-da, bunday dedi: “Bu tasodif emas. Buyuk ipak yoʻli ikki xalqni nafaqat savdo-sotiq, balki madaniyat orqali ham chambarchas bogʻlagan”. Oʻsha lahzada koʻnglimda uzoq yillardan buyon shakllanib kelayotgan bir fikr yanada ravshanlashdi: biz yaponlardan oʻrganamiz deb yurgan qadriyatlarning koʻpchiligi aslida oʻzimizda ham boʻlgan, ammo biz ularni vaqt hukmiga topshirib, eʼtiborsiz qoldirganmiz. Yaponlar esa bu merosni ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylab, zamon talablariga moslagan holda hayotning oʻzagiga singdira olgan.

Bu oʻxshashlik nafaqat buyumlarda, balki odamlarning xatti-harakatlarida ham yaqqol koʻzga tashlandi. Oʻsha safarda oʻgʻlim Murod bilan birga edik. Tokio koʻchalarini kezib yurgan kunlarimizning birida piyodalar yoʻlagidagi svetoforning qizil chirogʻi yonib turgan joydan oʻtishimizga toʻgʻri keldi. Yoʻl boʻm-boʻsh, birorta ham mashina koʻrinmasdi. “Sekin oʻtaveramizmi?” deb soʻradim. Murod toʻxtadi. Yoʻlning narigi betida bir necha yapon bolalari yashil chiroq yonishini jim kutib turardi. “Yoʻq, — dedi oʻgʻlim, — bolalar qarab turibdi. Ularga yomon namuna boʻlamiz”. Ikkalamiz ham yashil chiroq yonguncha kutib turdik. Men oʻsha koʻchada oʻgʻlimdan oʻzim uchun juda katta saboq oldim: qoidalarga rioya qilish jazo qoʻrquvidan emas, balki oʻzini jamiyatning ajralmas bir boʻlagi deb his qiladigan insonning tabiiy ehtiyojidan kelib chiqishi kerak. Yaponlar buni “kata” — shakl va tartibga boʻlgan chuqur, ongli hurmat deb ataydi. Biz, oʻzbeklar esa bu tuygʻuni azaldan bitta soʻz bilan ifodalab kelganmiz: odob. Ikki xalq, ikki til, ammo maʼno va ildiz bir.

Oʻsha kuni muzeydan chiqqach, bir fikr butun xayolimni band etdi: biz bugun zamonaviy tushuncha deb atayotgan koʻplab gʻoyalar aslida tariximizda allaqachon mavjud boʻlgan ekan-ku! Faqatgina ularni boshqa nomlar bilan atab, boshqacha til bilan ifodalar ekanmiz, xolos. Bugun tarbiya va taraqqiyotga oid bahslarda koʻp takrorlanayotgan kognitiv kapitalizm tushunchasi ham shular jumlasidan.

Navoiy yetti asr oldin nima degan edi?

Yigitlikda yigʻ ilmning maxzani,

Qarilik chogʻi xarj qilgʻil ani.

Hazrat Navoiy bobomizning ushbu misrasi koʻp bor takrorlanadi. Lekin uning zamiridagi iqtisodiy mantiq kamdan-kam holatlarda toʻlaqonli anglab yetiladi. “Xarj” soʻzi arabchada sarflanadigan mablagʻ maʼnosini anglatadi. Inson biror narsani sarflashi uchun, eng avvalo, uni toʻplagan boʻlishi kerak. Aslida, Navoiyning aytmoqchi boʻlgan fikri shuki: yigitlik chogʻingda tinmay bilim toʻpla, toki keksaligingda u sening kapitalingga aylansin.

Bugungi zamonaviy iqtisodiyot tilida ushbu gʻoya “kognitiv kapitalizm” deb yuritiladi. Professor M. Quronov buni quyidagicha tushuntiradi: “Kapital faqatgina pul yoki mulkdan iborat emas. Aytaylik, mashinangiz bor va unda ishga borib kelasiz, bu shunchaki boylik. Lekin oʻsha mashinani ijaraga berib, undan har oy daromad qilsangiz, endi bu boylik kapitalga aylangan boʻladi. Xuddi shuningdek, boʻsh turgan kvartirangiz shunchaki boylik boʻlsa, uni ijaraga berib foyda koʻrishingiz kapitaldir. Asosiy farq shundaki, kapital oʻzini oʻzi koʻpaytiradi, hatto tinch yotgan holatida ham sizga qoʻshimcha qiymat hosil qilib bera oladi. Ana endi oʻrinli bir savol tugʻiladi: sizning bilimingiz qaysi toifadan oʻrin olgan?

Agar oʻzlashtirilgan bilim kapitalga aylanmasa, uning qadr-qimmati nimada qoladi? Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarida bunday oʻtkir va keskin bir savol bor: “Bu kishi nihoyatda ilmli, nihoyatda donishmand, ammo oʻzi kambagʻal desangiz, “Aqlli va bilimdon boʻlsa, nega boy boʻlmagan?” deb soʻraydilar”.

* * *

Yaponiyada guvohi boʻlganim oʻsha manzara xotiramga umrbod muhrlanib qoldi va menga juda koʻp narsani tushuntirib berdi. Yaponiyaning haqiqiy buyukligi uning zamonaviy texnologiyalari yoki qudratli iqtisodiyotida emas, balki svetofor yonida yashil chiroq ­yonishini sabr bilan, jim kutib turgan oʻsha jajji bolalarda mujassam edi. Haqiqiy tarbiya yillar davomida qatlam ustiga qatlam boʻlib yigʻiladi va bora-bora insonning tabiatiga singib ketadi. Shunda inson shunchaki qoidaga amal qilish kerakligi uchun emas, balki ichki maʼnaviyati shuni taqozo etgani uchun ham har doim toʻgʻri yoʻlni tanlaydi. Kumulyativ tarbiyaning pirovard va yakuniy maqsadi ham aynan shundan iborat — u insonni shunchaki nimanidir bilishga emas, balki qandaydir shaxs boʻlib yetishishga undaydi. Bu zamonaviy iqtisodiyot tilida “innovatsion inson kapitali” deb ataladi.

Jozibador tushuncha

Bilim va tarbiyaning oʻzaro mukammal uygʻunligi bugungi kunda yangicha nom oldi — innovatsion inson kapitali. Bu jozibador tushuncha zamirida juda oddiy bir taʼrif yotadi: u sifatli taʼlim olgan, doim ijodkor va tashabbuskor, har qanday yangilikka ochiq, nafaqat oʻzidagi mavjud bilimlarni amaliyotda qoʻllay oladigan, balki butunlay yangi moddiy va maʼnaviy qiymat yarata oladigan insondir.

Oʻzbekiston 2030-yilga borib Global innovatsiyalar indeks reytingida dunyoning 50 ta eng ilgʻor mamlakatlari safiga kirishdek ulkan maqsadni oʻz oldiga belgilab olgan. Bunday marraga erishish yoʻlidagi asosiy tamal toshi har tomonlama puxta taʼlim koʻrgan, tashabbuskor va tom maʼnodagi ijodkor yangi avlodni yetishtirishdir. Gʻarb mamlakatlarida bu taʼlim tizimini “Lifelong learning” — yaʼni umr boʻyi uzluksiz oʻrganish deb atashadi. Biroq eʼtiborlisi shundaki, bu teran gʻoyaning asl ruhi bizning madaniyatimizda va qonimizda allaqachon mavjud boʻlgan: Hazrat Navoiy yetti asr muqaddam aynan mana shu narsa haqida yozib qoldirgan. Biz bugun shunchaki oʻzimiz unutib qoʻygan oʻsha bebaho tushunchani zamonaviy tilda qaytadan kashf etyapmiz, xolos.

* * *

Ushbu maqolani yozib tugatgach, xayolim beixtiyor yana oʻsha Tokio muzeyi zallariga qaytdi. Shisha ortida mahobat bilan osilib turgan “haori” xuddi oʻzbek milliy choponini koʻz oldimda yana jonlantirgandek boʻldi — goʻyoki u mushtarak bir tarixning daryoning ikki qirgʻogʻida tushib qolgan izlariga oʻxshardi. Faqat birgina qadriyat ikki xil xalqda, ikki xil nom bilan yashab kelgan.

Yaponlar milliy qadriyatlarini — qatʼiy intizom, yuksak masʼuliyat, cheksiz sabr, ilm-fanga boʻlgan chuqur muhabbat va jamiyatga nisbatan hurmat ruhini avloddan avlodga yetkazib, asrab kelmoqda va buni kundalik hayotining mutlaqo ajralmas bir qismiga aylantira olgan. Bunday qadriyatlar ularning taʼlim tizimida ham, koʻchadagi odatiy xulq-atvorida ham, kundalik oddiy insoniy munosabatlarida ham birdek yaqqol ifodasini topadi.

Aslida, bunday goʻzal fazilatlar xalqimizga ham aslo begona emas. Axir bizning Navoiydek mutafakkirimiz bor. Beruniy va Ibn Sinodek allomalarimiz, Mirzo Ulugʻbekdek buyuk olimlarimiz oʻtgan. Xalqimiz ham asrlar osha ilmni eng oliy qadriyat sifatida ulugʻlab kelgan, halol mehnat qilishni sharaf deb bilgan va goʻzal odob-axloqni hayotining ajralmas tamoyiliga aylantira olgan.

* * *

Oʻgʻlim Murod oʻsha kuni svetofor oldida qisqagina bir gap aytgan edi: “Bolalar qarab turibdi”. Men oʻshanda juda oddiy tuyulgan ushbu qisqa jumlada qanchalik teran va chuqur maʼno yashiringanini toʻlaqonli anglab yetmagan ekanman. Ammo bu soʻzlar xotiramda bir umrga oʻchmas boʻlib muhrlanib qoldi. Chunki tarbiya jarayoni faqatgina sinfxona yoki maktab devorlari ichida cheklanib qolmaydi. U koʻchada ham, gavjum bozorda ham, mehmonlar davrasida ham, hatto oddiygina svetofor yonida ham muttasil davom etaveradi. Uyda boʻlamizmi, ishda, dars jarayonidami yoki koʻchada yurgan paytimizdami, farqi yoʻq — har lahzada kimningdir farzandiga oʻzimizning kundalik xatti-harakatlarimiz bilan tarbiya berib boramiz. Biz buni xoh ongli ravishda bilaylik, xoh bilmaylik, baribir mudom shu jarayonning markazida boʻlamiz.

“Yapon moʻjizasi” degan tushuncha biz uchun mutlaqo begona yoxud imkonsiz narsa emas — u oʻzimizning bebaho tarixiy merosimiz hisoblangan, oʻz vaqtida ota-bobolarimiz tomonidan sadoqat bilan asrab-avaylangan va butun izchilligi bilan hayotga tatbiq etilgan azaliy qadriyatlarimizning amaliy bir koʻrinishidir. Xuddi shunday barqaror taraqqiyotni biz ham bevosita oʻz qoʻlimiz, mehnatimiz va aql-zakovatimiz bilan bunyod etishga toʻla qodirmiz. Buning uchun esa, eng avvalo, tarixiy ildizlarimizni  yanada chuqurroq qadrlashimiz va uni kelajagimiz sari eltuvchi mustahkam koʻprikka aylantira olishimiz zarur.

Shomurod MUSTAFOYEV,

pedagogika fanlari doktori