Yaʼni immunitet tananing himoya tizimi. Darhaqiqat, tananing ushbu himoya qobiliyati infeksion kasallik qoʻzgʻatuvchilari (bakteriya, virus, rikketsiya), turli toksinlar, mutatsiyaga uchragan onkologik hujayralar, turli parazitlarga (askarida, exinokokkoz) qarshi kurashadi.

U goʻdaklarda ona qornidayoq shakllanadi. Bir yoshgacha boʻlgan bolajonlarda esa immunitet ona suti orqali oʻtadi.Ushbu tabiiy ozuqa tarkibida qator tirik ingrediyentlar, foydali bakteriyalar, ferment va gormonlar boʻlib, ular chaqaloq tanasining turli infeksiyalarga qarshi kurashuvchanligini oshiradi. U bilan oziqlangan goʻdak shamollash, gripp, otit va yuqori nafas yoʻllari infeksiyalari hamda stomatit kabi xastaliklardan kamroq aziyat chekadi.

Shuningdek, tugʻilgandan soʻng bola organizmida turli infeksiyalarga qarshi immunitet profilaktik emlanish orqali ham hosil qilinadi.

3 yoshgacha goʻdaklar yiliga 4-martadan koʻp, 3 yoshdan yuqori bolalar esa yiliga 6-martadan ortiq respirator kasalliklar, yaʼni OʻRVI, gripp, bronxit bilan xastalansa, ular tez-tez shamollovchi bolalar guruhiga kiradi. Bunday kichkintoylar doimiy ravishda shifokor nazoratida boʻlishi va mutaxassis tavsiyasi asosida kerakli muolajalarni olishi zarur.

Dinora Doʻstmuhammedova,
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim boshligʻi