Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi 25-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda “Bolalarga bering dunyoni” shiori ostida “Vatan suygan bolalar” nomli xayriya tadbiri va miniatyura asarlaridan tashkil topgan koʻchma koʻrgazma hamda koʻrgazma doirasida mahorat darslari tashkil etildi.

Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligining Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi tomonidan tashkil qilingan ushbu xayriya tadbiridan koʻzlangan asosiy maqsad – aqlan va jismonan nuqsoni bor, imkoniyati cheklangan bolalar jamiyatimizda eʼtiborda va har tomonlama safimizda ekanligi, ularning teng huquqliligini taʼminlash, qadr-qimmatini himoya qilish, qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir.

Tadbirning konsert dasturida xushovoz xonanda Munisa Rizayeva kuylagan qoʻshiqlar bolajonlarni xushnud etdi. Shundan soʻng mahorat darslari oʻtkazildi. Miniatyura sanʼati yoʻnalishi boʻyicha mahorat darsini miniatyurachi rassom Kamol Mirzayev, yosh rassomlar Saida Jalilova va Guliraʼno Abdullayeva olib borishdi va nafis asar yaratish usullaridan ayrimlarini namoyish etishdi.

Koʻrgazma va mahorat darslaridan oʻquvchilar tasviriy sanʼat asarlaridan bahramand boʻlibgina qolmasdan oʻzlari ham bevosita mahorat darslariga qatnashib sanʼat asarlarini yaratdilar.

Tadbir doirasida tarbiyalanuvchilarga muzey tomonidan tashkil etilgan koʻchma koʻrgazmaga qiziqarli ekskursiya uyushtirildi.

Xayriya tadbiri yakunida 25-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab maʼmuriyati ushbu mahorat darslari va koʻchma koʻrgazma bolajonlarda katta qiziqish uygʻotib, koʻngillarga shodlik ulashgani uchun muzey mutasaddilariga minnatdorlik bildirishdi.