Til – inson ruhiyatini ifodalaguvchi ilohiy kuchdir. Aytar soʻzimizning  shavqi, jozibasi, teranligi, fasohati bizning kim ekanligimizdan dalolat beradi. Biz chiroyli va mazmunli muloqotimiz orqali ona tilimizning qanchalar latofatli va teran ekanligini koʻrsata olamiz.

Institut prorektori Sayfiddin Baymakov maʼrifiy anjumanni ochib berar ekan, oʻzbek tilining bugungi qadru qimmati, tarixiyligi va ona tilimizning dunyo hamjamiyati oldida oshib borayotgan eʼtirofi toʻgʻrisida soʻzladi.  

Bayram tadbirida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boʻlim boshligʻi, “Shuhrat” medali sohibasi, shoira Farogʻat Xudoyqulova hamda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati katta muxbiri, shoira Muxtasar Tojimamatovalar ishtirok etishdi.   

– Bugungi kunda yer yuzidagi 50 000 000dan ortiq odamlar oʻzbek tilida gaplashadi, – deydi shoira Farogʻat Xudoyqulova. – Ammo, ming afsuski, ona tilimiz yoʻqolib borayotgan tillar safida turibdi. Alisher Navoiy davrida 120 000 tadan koʻproq eski oʻzbek soʻzlari boʻlgan. Hozir esa, 5 jildlik “Oʻzbek tilining izohli loʻgʻati”da 83 000 ta soʻz mavjud. Ajdodlarimiz 3000-yil saqlab, avaylab-asrab olib kelgan bu javohirlarni asrab-avaylashimiz zarur. Zero, har bir kunimizni Oʻzbek tili bayrami kuni deb bilishimiz muhimdir.  

Darhaqiqat tilni millat yaratadi, millatni til yaratadi. Har qanday til oʻz ichki va tashqi omillari asosida boyiydi. Buni 1000-yil muqaddam Mahmud Koshgʻariy bobomiz oʻzining "Devonu lugʻot-it-turk" asari orqali isbotlab ketgan. Masalan, Koshgʻariydan bizgacha 268 maqol oʻz holatida yetib kelgan. Bu esa ming yil davomida tilimizdagi anchagina soʻzlar hech bir buzilish va xavf-xatarlarsiz saqlanayotganini bildiradi.

Shoira Muxtasar Tojimamatovaning “Bolam, jonim ogʻrir tilingni buzma!” deb nomlangan sheʼri yangraganida talabalar va ustozlar qarsaklar bilan olqishladilar:

Bolam, jonim ogʻrir tilingni buzma,

Oq sutim hurmati dilingni buzma.

Hazrati Navoiy tuzgan lashkar bu,

Soʻz mulkin zabt etgan elingni buzma.

Endi bu lashkarni uygʻotdi sulton,

Jahon minbaridan soʻz aytdi shodon.

Soʻz qilichin berma, oʻzbek boʻl har on,

Amir Temur ahdin, yoʻlini buzma!

Shuningdek, tadbirda institut talabalari oʻzlarining sheʼr, qoʻshiq va raqslari bilan ishtirok etdilar. Ayniqsa, “Yosh filolog” ijodiy toʻgaragi aʼzolarining “Tilimizga “Skoraya pomosh” kerak! Srochno!” deb nomlangan   sahna koʻrinishlari yigʻilganlarda juda katta taassurot qoldirdi. Mazkur sahna koʻrinishida yoshlarning oʻziga xos soʻzlashuv uslubi paydo boʻlgani va bu muammolarga qarshi jiddiy kurashishimiz zarurligi taʼkidlab oʻtilgan.

Zilol suv tanaga oziq, ezgu soʻz esa ruhiyatga juda zarurdir. Maʼrifatga oshna, maʼnaviyatga tashna qalblarning tilimizga, qadriyatlarimizga mehr-muhabbati yuqori boʻladi. Eʼtiborning ehtirom va eʼzozga aylanishida fuqarolarimizning davlat tiliga boʻlgan munosabati muhim oʻrin tutadi. Bu esa chin maʼnodagi insoniy va vijdoniy burchimiz boʻlishi tabiiydir.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Ona tilimiz — milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”.

Muhabbat XOLMURODOVA,

Toshkent davlat stomatologiya instituti dotsenti