Bolani anʼanaviy oʻqitishga ne yetsin yoxud yangi darslar uchun tavsiyalar...

    Keyingi avlod 6 Oktabr 2020 1576

    Taʼlimda har bir jarayonda oʻquv reja boʻyicha kiritilajak yangiliklar joriy etilaveradi.

    Bu yilgi eng muhim yangiliklardan biri — barcha sinflarda Tarbiya darslarining joriy etilayotganligi. Doim yangilik kiritish oson boʻlavermaydi. Darslik boʻlgani bilan unga metodik koʻmak kerak. Oʻqituvchilarning katta guruhini qayta tayyorlash kerak. Oson koʻringan tarbiya mavzularini murgʻak qalblarga jo etish oson emas. Oʻqituvchilar fanga moslashguncha maʼlum vaqt ketadi. Bizda metodika bor, uni moslashtirish kerak, xolos.

    Maʼlumki, oʻqituvchi darsda asosan uchta maqsadni oʻz oldiga qoʻyadi: taʼlimiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi. Hozirgi vaziyatda masofaviy taʼlimda faqat taʼlimiy maqsad amalga oshadi. Tarbiyaviy va rivojlantiruvchi tomonlari ota-onaga bogʻliq boʻlib qoladi. Anʼanaviy taʼlimda bu muallim zimmasida edi. Bola boshqalar bilan birga oʻqisa, u zerikmaydi, fanlarni oʻzlashtirishga qiziqadi, oʻquvchi raqobat qiladi, musobaqalashadi, eng muhimi tengqurlari jamoasida boʻladi, bu — birinchidan.

    Ikkinchidan, bolalar bir-biri bilan muloqot qilsa, muomala madaniyati rivojlanadi. Uchinchidan, bolalar maktabda bir-birini hurmat qila boshlaydi, doʻstlashadi, uy va sinf vazifalarni muhokama qiladi. Buyuk mutafakkir, qomusiy olim Abu Ali ibn Sino bolani uy sharoitida yakka oʻqitishga qarshi boʻlgan. Maktabda oʻqitishni tavsiya qiladi. Hozir maktabda masofaviy oʻqitish majburiy chora. Bolani anʼanaviy oʻqitishga ne yetsin? Nima boʻlganda ham, bir-birini toʻldiruvchi hamma usullarni omuxta qoʻllayverish lozim.

    Joriy etilayotgan Tarbiya darslarida oilada, mahalladagi qadriyatlarimizga tayanish kerak. Masalan, maʼnaviy tarbiya oʻz asosini islomdan, muqaddas eʼtiqodimizdan olishi oʻquvchilar qalbini tez zabt etadi. Qurʼoni Karim, hadis-shariflar maʼnosidan foydalanish ham oʻqituvchining mahoratiga bogʻliq. Misol uchun, ota-onaning qadri Tarbiya darslaridagi katta mavzu.

    Qurʼoni Karimning yigirmadan ziyod oyatida ota-ona hurmati, ularga yaxshilik qilish va roziliklarini topish muhim amallardan ekani bayon etilgan. Zero, har bir ota-ona barcha imkoniyatlarini sarflab farzandlarini tarbiyalaydi va taʼlim beradi. Mana shu yerda ota-onaga yaxshilik qilish haqidagi quyidagi hadisni keltirishni tavsiya qilaman: ”Parvardigorning roziligi ota-onaning roziliklariga bogʻliq. Uning gʻazabi ham ota-onaning noroziligiga qarab boʻladi”. (Tabaroniy rivayati). Shu asosida bolalarga qobil va noqobil farzandlar haqida oʻnta tavsiyani berish foydali. Qobil bola quyidagi amallarni bajarish zarur.

    Birinchidan, barcha ishlarda ota-onadan rozilik olishi, ulardan yashirincha ish qilmaslik, maslahat olishini tushuntirishi va misollar keltirish kerak. Har doim ota-onaning duosi bilan boshlangan ish xayrli boʻladi.

    Ikkinchidan, yaxshi narsalarni oʻzidan avval ota-onaga taqdim etishi. Tansiq ovqatlar, dasturxonga birinchi boʻlib qoʻl uzatmaslikni ham tushuntirib oʻtish kerak.

    Uchinchidan, ota-onaning maslahat va nasihatlarini jonu dil bilan qabul qilishi. Koʻpincha bolalarda bunday paytlarda ota-onasini jerkishi holatlari uchraydi. Asosan voyaga yetayotgan bolalarda bu holatlar boʻladi.

    Toʻrtinchidan, ota-onaning ruxsatisiz ularning xonasiga kirmaslik. Tarbiya darslarida bu gaplar aytilishi shart. Bu ham tarbiyaning bir boʻlagi. Ularning ruxsati bilan kirilsa yoki tozalab berilsa, boshqa gap. Boshqa paytda mumkin emas.

    Beshinchidan, hech qachon ularning nomlarini aytib chaqirmaslik. Hatto hazillashib boʻlsa ham. Baʼzida bunday holatlar uchrayapti. Buning gunohligini bolaligidan tushuntirish kerak.

    Oltinchidan, ularning oldida baland ovozda gapirmaslik va “Uff” tortmaslik. Ochigʻini aytsak, koʻpchilik oilalarda farzandlar va kelinlarni baland ovozda soʻzlashi, yoqmagan paytda uff deyishi odat tusiga kirib qolgan. Baland musiqalar eshitish, telefonga ota-onalar oldida mukkasidan ketish ham odobsizlikdir.

    Yettinchidan, ota-onadan oldin taomga qoʻl uzatmaslik, mehmonga borganda dasturxonga suqlanib qaramaslik, qorni och boʻlsa ham, nazarini toʻq qilishi ham tarbiyaning bir boʻlagi. Shuni bolaning qulogʻiga darslikda ham uyda ham uqdirish kerak.

    Sakkizinchidan, ularning huzurida oyoqlarini choʻzmaslik, yonboshlamaslik, ulardan yuqari oʻtirmaslik. Afsuski, koʻp xonadonlarda shu narsalarga beeʼtibor boʻladi. Bu boshqalar oldida juda xunuk koʻrinadi. Agar biz bolaning yoshligidan shuni oʻrgatmasak, keyin odat tusiga kirib qolsa, uni tark etolmay, hammadan dakki eshitib qoladi.

    Toʻqqizinchidan, ota-onaga doimo minnatdorchiligini bildirib ularni yaxshi koʻrishini izhor qilish, ularga yaxshi gap va xabarlarni yetkazib, koʻngillarini chogʻ qilish. Oʻqigan kitoblar taassurotlarini aytib, sheʼrlar yodlab, qoʻshiqlar xirgoyi qilishlari ham ularning koʻnglini togʻdek koʻtaradi.

    Oʻninchidan, ota-onaning oziq-ovqati, kiyim-kechagi va sogʻligʻidan oʻz vaqtida xabar olib turishi. Kiyim-kechaklarini dazmollab turish, oyoq kiyimlarini artib, moylab turish, dori-darmonlarini ichishini nazorat qilib turishi ham yaxshi farzand tarbiyasidir. Ularga hech qachon oʻqrayib qarab boʻlmaydi. Doim ochiq chehra bilan boqish kerak.

    Mana shu oʻn qoidani Tarbiya darslarida bolalarga yodlatish lozim deb bilaman. Zero,farzand zimmasida ota –onaning haqqi ulugʻdir.Chunki ota — rahbar, ona esa farzandini toʻqqiz oy qornida koʻtarib yuradi, tugʻilgach, bor mehri, kuch-quvvatini bagʻishlab, uni boqadi, kechalari bedor boʻlib taomlantiradi, oq yuvib, oq taraydi, shodligida sevinadi, gʻamga botsa, qaygʻuradi, qoʻyingki, borligʻini farzandiga baxshida qiladi. Biz imkon qadar Tarbiya darslarida shular haqida innovatsion usullarda tushuntirib borishimiz kerak.